O‘zbekiston | 09:47 / 24.08.2019
9843
2 daqiqa o‘qiladi

Senat raisining birinchi o‘rinbosari: «Investitsiyalar bo‘yicha hokimlarning vakolatini kengaytirish kerak»

Foto: TASS

Hududlarga investitsiyalarni jalb qilish mahalliy organlarning bu boradagi vakolatini kengaytirishni taqozo etadi, deb hisoblaydi Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

Siyosatchi mazkur taklifni Senatning 21-yalpi majlisidagi ma'ruzasida ilgari surdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, hududlarga investitsiya oqimini oshirishning eng samarali usullaridan biri – hokimiyatlarga ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati yuqori bo‘lgan, shu hudud uchun kerak bo‘lgan investitsiyaviy loyihalarni hammoliyalashtirish («sofinansirovaniye») huquqini berish kerak. Bundan qo‘rqish kerakmas.

Qozog‘istonda bor bu. Janubiy Koreyada, Xitoyda ham bor. Bizda ham joriy etish, menimcha, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Soliq tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida bugungi kunda katta miqdordagi mablag‘lar viloyatlarda qolmoqda. Yanglishmasam, shu yilning yarmi bo‘yicha ham 1,5 marotaba ko‘proq – 2,5 trillion so‘m hududlarda qolyapti. Bu – katta mablag‘.

Ulardan tizimli foydalangan holda viloyatlarimiz investorlarni jalb qilish uchun hududiy rivojlanish fondini ta'sis etsak, birgalikda ular moliyalashtirsa, shunda investor keladi. Shunda investor ishonadi.

Bu – xalqaro tajriba. Har bir loyihaning uchdan bir qismi investorning o‘z mablag‘lari, uchdan bir qismi birgalikda ishlaydigan hamkori va uchdan bir qismi bankdan olinadigan kreditlar. Bu amaliyotdan bizda ham foydalanish kerak.

Vazirlar Mahkamasi bu masalani o‘rganib chiqib, xalqaro tajribani o‘rgangan holda hokimlarga – kengashlar bilan birgalikda – shunday huquqni bersa, menimcha, hammamiz uchun to‘g‘ri bo‘ladi. Bu – markazsizlashtirishning yo‘nalishlaridan biri», – dedi Safoyev.

Mavzuga oid