O‘zbekiston | 21:00 / 26.08.2019
14860
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident YuNeSKO Bosh direktorini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Samarqand shahrida BMTning ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNeSKO) Bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston va YuNeSKO o‘rtasidagi konstruktiv muloqot izchil rivojlanib, sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Odri Azulening ushbu nufuzli xalqaro institut bosh direktori sifatidagi mazkur ilk tashrifi o‘tgan yili Parij shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning mantiqiy davomi ekani, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash borasida tomonlarning intilishi qat'iy ekanidan dalolat berishi ta'kidlandi. 

Bugungi kunda YuNeSKO tomonidan O‘zbekiston uchun birinchi marta qabul qilingan Mamlakat dasturi doirasida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda.

Xalqimizning noyob madaniy-tarixiy merosini asrash sohasida hamkorlik qilish va bu boradagi almashinuvlarni faollashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

Jahonning ilg‘or tajribasini chuqur o‘rganish va jalb etish maqsadida yurtimizda YuNeSKO kafedralari tarmog‘i kengaymoqda. O‘zbekistonning yetakchi oliy ta'lim muassasalarida "Dunyo dinlarini qiyoslama tadqiq etish", "Suv diplomatiyasi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit muhofazasi", "Madaniyat turizmi" kabi kafedralar ochilmoqda.

YuNeSKO ko‘magida mamlakatimizda "Sharq taronalari", baxshichilik san'ati, hunarmandchilik festivallari, Maqom san'ati anjumani kabi qator yirik xalqaro tadbirlar tashkil etilmoqda.

Uchrashuvda keng ko‘lamli sheriklikni yanada rivojlantirish, jumladan, Jahon merosi qo‘mitasining navbatdagi sessiyasi yakunida erishilgan kelishuvlarni so‘zsiz amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda madaniy meros obektlarini rivojlantirish va asrash sohasidagi faol sa'y-harakatlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi. Bugun Samarqandda shu mavzuga bag‘ishlab muvaffaqiyatli o‘tkazilgan qo‘shma xalqaro konferensiya natijalari yuksak baholandi.

Madaniyat, ta'lim va fan, gender siyosat yo‘nalishlarida hamda ekologiya, jumladan, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘nalishida amaliy hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

YuNeSKO Bosh direktori samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Yurtimizda boy madaniy merosni asrab-avaylash, turizm salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ta'lim va fan, atrof-muhit muhofazasi sohalarida muhim o‘zgarishlarni amalga oshirish borasidagi islohotlar ijobiy natijalar berayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

YuNeSKO O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli sheriklikni bundan buyon ham rivojlantirish va mustahkamlashda qat'iy ekani tasdiqlandi.

Mavzuga oid