O‘zbekiston | 10:44 / 28.08.2019
28848
2 daqiqa o‘qiladi

«Angor paxta tozalash» AJ direktoriga hukm o‘qildi. U 2,5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ni talon-toroj qilgan

Foto: norinpaxta.uz

2019 yil 9 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Sherobod tuman sudi binosida “Angor paxta tozalash” AJ direktoriga nisbatan hukm o‘qildi. Sudya Z. Narziyev raisligidagi ayblanuvchi T.X.ga nisbatan 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a,v” bandlari va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi “a,b” bandlari bilan jinoiy ish o‘rganib chiqildi va dalillarga baho berildi. 

Aniqlanishicha, sudlanuvchi “Angor paxta tozalash” AJ bosh direktori vazifasida ishlash chog‘ida “PK-17” qabul varaqasi va “7-XL” shaklidagi paxta harakatini hisobga olish daftarlarining tegishli qismini to‘ldirib, qalbakilashtirgan. Hujjatning soxtaligini bilgan holda, qabul qilinmagan paxta xomashyosi uchun to‘lovni amalga oshirishga asos bo‘luvchi rasmiy hujjat sifatida bankka topshirgan. Taqdim qilingan hujjatlar asosida 1 894.4 tonna paxta xomashyosi uchun fermer xo‘jaliklarining hisob-raqamlariga 2 406 863 000 so‘m o‘tkazishga erishgan. U xizmat mavqeini suiiste'mol qilib, davlat mablag‘larini talon-toroj qilgan, deya baholangan.

Sobiq direktorga 167-moddasi 3-qismining “a” bandi va 209-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan deb topildi.

Unga nisbatan:

– 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilish;

– 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari (ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan) jazosi tayinlandi. 

Yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi inobatga olingan. Hukmdan norozi tomonlar tegishli tartibda shikoyat berish tartibi tushuntirildi. 

Mavzuga oid