Jamiyat | 18:46 / 01.09.2019
36380
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi o‘z mulkini reyder quruvchi «hamla»sidan saqlab qoldi

Samarqand shahrining YuNeSKO ro‘yxatidagi tarixiy qismi bufer zonasida — Otaturk ko‘chasi 13-uyda joylashgan 3-sonli shahar militsiya bo‘linmasi binosi buzib tashlanib, o‘rnida navbatdagi noqonuniy qurilish boshlab yuborilgani haqida samarqandlik mustaqil bloger Mirzo Subhonov Kun.uz’ga ma'lum qilgan edi.

3-sonli shahar militsiya bo‘linmasini joylashgan yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, eski binoni buzib tashlab, o‘rniga noqonuniy ravishda qurilish ishlarini tashkil etgani uchun «Buran quruvchi servis» MChJ direktori Samarqand shahar ma'muriy sudi tomonidan javobgarlikka tortildi. Bu haqda Kun.uz’ga bloger Mirzo Subhonov ma'lum qildi.

Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tgunga qadar Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Aziz Toshpo‘latov 3-sonli shahar militsiya bo‘limi binosining quruvchi tomonidan noqonuniy egallab olingani va buzib tashlanganidan xabar topib, o‘zining viloyat hokimligiga bergan xatini bekor qildi va bino hududi Samarqand shahar hokimligiga berilmaydigan bo‘ldi.

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasining yangi boshlig‘i Shavkat Rahmonovning rasmiy ma'lumotiga ko‘ra, noqonuniy buzib tashlangan 3-sonli militsiya bo‘limi hech kimga berilmaydi va uning o‘rniga milliy me'morchilik uslubidagi yangi zamonaviy shahar militsiya bo‘limi quriladi. Qurilish 2020 yildagi Ichki ishlar vazirligining manzilli qurilish dasturiga kiritiladi.

«Buran quruvchi servis» MChJning Samarqand shahrining tarixiy hududidagi ijtimoiy davlat ob'yeklarini buzib, o‘rniga ko‘p qavatli uy-joylar qurish amaliyoti avvaldan kuzatib kelinadi.

Xususan, jamiyat tomonidan shaharning tarixiy qismida joylashgan Otaturk ko‘chasidagi Samarqand shahar xalq ta'limi bo‘limi va harbiylarning farzandlari uchun ixtisoslashgan bolalar bog‘chasi, Lutfiy ko‘chasidagi viloyat prokuraturasi qaramog‘ida bo‘lgan 9-sonli Mehribonlik uyi ham buzilib o‘rnida ko‘p qavatli uy-joylar qurilgan.

Prokuratura qaramog‘idagi 9-sonli Mehribonlik uyi va harbiylarning farzandlari uchun ixtisoslashgan bolalar bog‘chasi majburan tugatilgan bo‘lsa, Samarqand shahar xalq ta'limi bo‘limining hozirga kelib ham doimiy joylashgan manzili mavjud emas.

Ayni paytda xalq ta'limi bo‘limi shahardagi 2-sonli o‘rta maktabning 4-qavatida vaqtinchalik joylashgan bo‘lib, tashkilotga orqa tarafda joylashgan zinalardan ko‘tarilish mumkin. Bunda 2-sonli maktab ko‘p qavatli binosining yong‘in paytidagi favqulodda orqa tomondan chiqish yo‘llari berkitib qo‘yilgan.

Bundan tashqari, bloger Mirzo Subhonovga ko‘ra, «Buran quruvchi servis» MChJning yuqorida tilga olingan ijtimoiy obektlarni buzib, ularning o‘rniga qurgan ko‘p qavatli turarjoylari ham noqonuniy qurilgan, deb topilgan va YuNeSKO talabi bo‘yicha buzilishi belgilangan Samarqand shahridagi jami 17ta obekt ro‘yxatiga kiritilgan.

Mavzuga oid