Sport | 23:48 / 03.09.2019
25829
2 daqiqa o‘qiladi

JCh-2022 logotipi taqdim qilindi

Qatarda 2022 yil o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatining rasmiy ramzi dunyoning bir necha davlatlarida bir vaqtda taqdim qilindi. Bu haqda musobaqa tashkiliy qo‘mitasida ma'lum qilingan.

Arab olamidagi ilk jahon chempionati ramzi dunyoning ko‘plab shaharlaridagi binolarda 4 soat davomida porlab turadi.

Qatarda emblemani taqdim qilish uchun 4 ta joylangan. Shuningdek, JCh-2022 logotipi Moskva, Nyu-York, Parij, Berlin, London, Madrid, Milan kabi shaharlarda, Braziliya, Argentina, Meksika, Chili, Janubiy Afrika, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Livan, Kuvayt, Ummon, Iordaniya, Iroq, Tunis, Jazoir va Marokkoda taqdim qilingan.

FIFAning rasmiy saytida ramzning egik chiziqlari qumtepalarni ifodalashi aytilgan. Uzluksiz halqa 8 shaklida bajarilgan. Bu esa jahon chempionati o‘yinlari o‘tadigan 8 stadionni va cheksizlik belgisini bildiradi.
 
Halqa logotipning markaziy unsuri bo‘lib, u jahon kubogi shaklini takrorlaydi va Fors ko‘rfazi xalqlarining an'anaviy bosh kiyimi kufiydan ilhomlanilgan.

Jahon chempionati 21 noyabrdan 18 dekabrgacha Qatarning 7 ta shahrida bo‘lib o‘tadi.  

Mavzuga oid