Jahon | 08:10 / 05.09.2019
18477
2 daqiqa o‘qiladi

Hondurasning sobiq birinchi xonimi 58 yillik qamoq jazosi oldi

Foto: REUTERS/Jorge Cabrera

Gonduras sudi sobiq prezident Porfirio Loboning rafiqasi Rosa Elena Bonilyani 58 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi. 

Ta'kidlanishicha, sobiq birinchi xonim mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish va firibgarlik jinoyatlari uchun shunday qattiqqo‘llik bilan jazolangan. 52 yoshli Bonilyaning advokati mijozi aybdormasligini va hukm ustidan oliy sudga shikoyat qilinishini ma'lum qilgan.

Sud ayolni 8 ta firibgarlik va 3 ta mablag‘ni o‘zlashtirish holatida aybdor deb topgan. Unga berilishi mumkin bo‘lgan jazo muddati 87 yilni tashkil qilishi mumkin edi.

Bonilya o‘zlashtirilgan mulkning qiymatini to‘liq hajmda va yana 10 foiz miqdorida jarima to‘lab berishi kerak. Uning mol-mulki musodara qilinadi.

Ayol o‘z turmush o‘rtog‘ining prezidentlik muddati yakunlanishiga 4 kun qolganda o‘z hisobraqamiga 12 mln Gonduras lempiri (510 ming dollar) o‘tkazganligi aniqlangan. Shuningdek, sobiq birinchi xonim 2011 yildan 2015 yilgacha soxta shaxslar hisobraqamiga umumiy qiymati 3 mln 845ming dollarlik 70 ta chek yozib bergan. 

Bundan tashqari, u firibgarlik yo‘li bilan ijtimoiy ehtiyojlarga ajratilgan davlat mablag‘laridan 16 mln lempir (650 ming dollar) o‘zlashtirgan.

Ayol 2018 yil fevralda ushlangan. Uning turmush o‘rtog‘i Gondurasni 2010 yildan 2014 yilgacha boshqargan.

Mavzuga oid