Jamiyat | 21:49 / 05.09.2019
20624
21 daqiqa o‘qiladi

Sobiq ittifoq hududidagi aksar respublikalarda filologiya yangi o‘zanlarga tushib oldi. Bizda-chi? - Professor bilan suhbat

Bir necha kun avval «Bunday ona tili ta'limi o‘zimizni aldashdan boshqa narsa emas!» – Tilshunos olim bilan suhbat» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Mazkur suhbatda ona tili (o‘zbek tili) va adabiyoti ta'limidagi muammo va kamchiliklar tahlil qilinib, takliflar bildirilgan edi. Quyida yuqoridagi suhbatning mantiqiy davomi sifatida filologik ilmdagi holat baholanadi.

Yangi asrda faqat amaliy tatbiqqa ega, natijalarini iste'molchilar so‘raydigan va ularga aniq samarani taklif etadigan, jamiyat rivojiga hissa qo‘shadigan fanlargina yashab qolishga, rivojlanishga haqlimi? Yoki ilm ilm uchunmi? Filologiya fanlari doktori, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Baxtiyor Mengliyev bilan shu va boshqa muammolar xususida soha doirasida suhbat tashkil qilindi. Unda filologiya, xususan, tilshunoslik ilmining bugungi holati, qilinayotgan tadqiqotlar mohiyati xususida so‘z boradi.

— Prezidentimiz yaqinda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ta'lim va til o‘qitish masalalariga alohida e'tibor qaratdi. Tanqidiy gaplar aytildi. Shu ma'noda aytishimiz mumkinki, til va adabiyot ilmi (filologiya) va ta'limi sohalar orasida jamiyatimizda muhimlik darajasi bo‘yicha so‘nggi o‘rinlarga tushib ketgani sir emas. Hatto yaqin tarixda filologiya kerakmi degan iddaolar bo‘lgan va hozir ham yo‘q deb bo‘lmaydi. Bu masalaga mutaxassis sifatida fikringiz qanday?

— Chorak asrlar muqaddam (qayta qurish yillari arafasida) fiziklar tomonidan til va adabiyot ilmi foydasiz soha, filologlar moddiy ne'mat yaratmaydi, ular jamiyat uchun kerak emas, nafaqat kerak emas, hatto tekinxo‘r, boqimanda, tirik tovon degan iddaolar bo‘lgan va bu sobiq sho‘ro filologiyasiga nisbatan aytilgan edi. Lekin keyinchalik sobiq ittifoqning aksar respublikalarida holat o‘zgarib ketdi. Filologiya ham yangi o‘zanlarga tushib oldi. Buni sohada e'lon qilinayotgan ishlarning aksariyati davlat granti asosida moliyalashtirilayotgani, filologiya bo‘yicha turli-tuman ilmiy tadqiqot institutlari faoliyat ko‘rsatib, yangi-yangilari ochilayotganida ham ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, zamonaviy filologik kasblar paydo bo‘ldi: tarmoq kommunikatsiyalari yetakchisi, avlodlararo tarjimon, komyuniti-menejyer, marketing kotibi, qidiruv sinchisi, mediashunos, kreativ kommunikator, jamoatchilik bilan aloqa mutaxassisi, referent, imijmeyker, kopirayter, spichrayter, til moderatori va hokazo. Ularni tayyorlaydigan ta'lim yo‘nalishlari ham vujudga keldi.

Bizda-chi? Bizda aytarli o‘zgarish bo‘lmadi. Eski filologiya esa tanazzulga yuz tutdi. Yangisi tug‘ilmadi. Hozir jamiyatning e'tibori va yordami «o‘lik» filologiyani saqlab turishga ko‘maklashishdan iborat. Chunki sohaning o‘zi «reanimatsiya» holatidan chiqishga harakat qilmayapti. Bunda davlatni ayblash to‘g‘ri emas. Axir, bemorning o‘zida harakat bo‘lmasa, tabibdan foyda yo‘q. Hatto o‘zbek tili va adabiyotiga yo‘naltirilgan universitet tashkil etilgan, tadqiqot instituti qayta tiklangan bo‘lsa-da, ilmiy va ta'limiy jabhada jiddiy ijobiy siljish kuzatilmadi. Filologlar tayyorlash sohasi «xo‘jako‘rsin» shaklga, piar maqsadiga, sirti yaltiroq, ichi qaltiroq mazmunga ega bo‘lib qoldi. U kundan-kun ilmdan, olimlardan yiroqlashib borayotir. Fojiali tomoni shundaki, filologiya birdan-bir tatbiqiy sohasi bo‘lgan ta'lim uchun ham mutlaqo xizmat qilmay qo‘ydi.

Filologiya fani va til-adabiyot ta'limi orasida jarlik paydo bo‘ldi.

An'anaviy filologiya hozirgi kunda inqiroz holatini boshidan kechirmoqda. Biz filologlar, achchiq bo‘lsa ham aytish lozimki, ana shu «jonsiz» filologiyani qo‘riqlab, yuvib-tarash evaziga kun ko‘ryapmiz. Mamlakatimizda filologik tadqiqotlar va til-adabiyotni o‘qitishga e'tiborning susayib ketgani ularning zamondan butkul orqada qolib ketganidir.

— Umuman olganda, shiddatli zamonamizda filologiya mavjud bo‘lishga qay darajada haqli?

— Agar amaldagi filologiyamizni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, uning yashashga mutlaqo haqqi yo‘q. Yangi asrda hozirgiday sof filologiya bo‘lishi mumkin emas. Filologiya boshqa sohalarga hamkorlik qilsagina mavjud bo‘la oladi. Yangi filologiya tug‘ilishi uchun o‘zimizning yordamchi fan sohasi vakili ekanimizni anglashimiz, tan olishimiz va yo‘limizni shunga mos qurishimiz lozim. Masalan, tilshunoslik 3 ming yillik uzoq tarix va turli taraqqiyot bosqichlariga ega. Lekin u dastlab boshqa fanlarga yordamchi soha edi. XIX asrning o‘rtalariga kelib mustaqil fan sifatida amal qila boshladi. Albatta, buning sabablari bor. Tilshunoslik tillarning ichki qurilishini – sistemasini aniqlashi davr talabi bo‘lib, tildagi tovushlarni, so‘zlarni, qo‘shimchalarni, gap tuzilishi sirlarini ochishi lozim edi. Shu tarzda fonetika, leksika, morfologiya, sintaksis degan tilshunoslik bo‘limlari ajratildi va ming afsuski, tilshunoslik ushbu bo‘lim-u bo‘limchalari bilan birga ta'limga kirib ketdi. O‘rtada fan va ta'limni bog‘lovchi bir bo‘g‘in vujudga kelmadi.

Tilshunoslik yillar davomida til qa'riga chuqurlashgani sayin milliy tillar ta'limi ham murakkablashib boraverdi. Bugungi o‘zbek ona tili ta'limi – ana shunday soha. Murakkab, chigal lingvistik qoidalar, darsliklardan darsliklarga o‘tib boradigan chayir ta'riflar, bu qoida va ta'riflarga mos lingvistik mashq va topshiriqlar, amaliyotdan mutlaqo yiroq test savollari o‘quvchi ishlatmaydigan, hayotida, kezi kelsa, bir marta ham ro‘para bo‘lmaydigan bilimlar sinoviga yo‘naltirildi. Biz ona tili va adabiyot ta'limida «filologik choh»ga shu darajada chuqur sho‘ng‘ib ketdikki, undan chiqishimiz endi ancha qiyin kechadi. Asl fojiamiz esa uni anglab yetmayotganimiz yoki tan olmayotganimiz!  

Zamonaviy tilshunoslik oldida tildan foydalanish, tilni «ishlatish» masalasi turibdi. U bu masalani chetlab o‘tib, hanuz o‘rganib bo‘lingan obektini yana kovlashtirish bilan, boshqacha aytganda, o‘tib ketgan davr  muammolari bilan band bo‘lib yotibdi. Bunday tilshunoslikning hech kimga keragi yo‘q va shu masalada fiziklarning yuqoridagi fikrlariga qo‘shilmaslik mumkin emas. Ana shu «jonsiz» tilshunoslik bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar, ona tilining «jonsiz» ta'limi davlat uchun hech qanday ijtimoiy samara bermaydigan, ortiqcha yuk. Bu yukdan tamomila voz kechish vaqti chorak asr oldin kelgan edi. Voz kecholmayotganimiz uchun ham filologiya keraksiz, hatto zararli soha bo‘lib qolayotgani barobarida mavjud ona tili ta'limi esa yoshlarga hech narsa bermayotir. U tuzuk-quruq savod chiqarish vazifasini ham bajara olmayapti. Axir, qo‘lida vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan va foydalanishga tavsiya etilgan imlo lug‘ati bo‘lmagan (boshqa lug‘atlarni-ku qo‘yib turaylik) o‘quvchining savodxonligi haqida yana qanday gap bo‘lishi mumkin?

— Sizningcha, yangi tilshunoslik zamon talablariga javob berishi uchun qanday bo‘lishi kerak?

— Aytganimdek, yangi davrda tilshunoslik boshqa sohalarga ko‘makchi bo‘lib qolishi kerak. Matematik lingvistika, biologik lingvistika, fizik lingvistika, tibbiy lingvistika, kompyuter lingvistikasi, psixologik lingvistika, ta'limiy lingvistika, san'at lingvistikasi, diniy nutq lingvistikasi, ortologiya va hokazo. Har bir soha bo‘yicha lug‘atchilik lingvistik asosda taraqqiy etishi lozim. Birgina misol. Olingan tovarning yorlig‘ini o‘qib qay darajada tushuna olamiz? Dorixonadan xarid qilingan mahsulotning yo‘riqnomasidagi nechta so‘zning ma'nosini bilamiz? Undagi jumlalar mazmuni haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Nari borsa, uchta-to‘rtta so‘z-da: dozasi, nojo‘ya ta'siri, mutaxassis, maslahatlashing kabi. Axir, yo‘riqnomani savodli har bir kishi o‘qib tushuna olishi kerak emasmi? Buning uchun esa lingvistika bilan tibbiyot hamkorligi zarur. Tibbiy terminologiyaning ilmiy va ommabop variantlari farqlanishi kerak. Tibbiy ilmiy va ommabop matn farqlanishi, ilmiy tadqiq qilinib, lingvistik tavsiyalar ishlab chiqilishi zarur.

Talabgor, boringki, 100ta zamonaviy tibbiy terminning odamshavanda variantini asoslab, qo‘llashga tavsiya etgani uchun ilmiy daraja olsin. Bu bittagina dissertatsiya hozirgi o‘nlab ijtimoiy foydasiz, «fan fan uchun», «dissertatsiya ilmiy darajalar uchun» tamoyili asosida himoya qilinayotgan tavsifiy xarakterdagi tadqiqotlardan foydaliroq. Endi tavsifiy tilshunoslik o‘z o‘rnini sohaviy-tavsiyaviy tilshunoslik yo‘nalishlariga bo‘shatib berishi lozim. Masalan, biror asarda qo‘llangan so‘zlarni tavsifiy tadqiq qilish o‘rniga uning lug‘atini tuzib qo‘yish zarurroq va foydaliroq emasmi? Tadqiqotlar ilmiy daraja uchun bo‘lib qolmasligi kerak. Aslida terminshunoslik kabi lug‘atshunoslik ham tilshunoslikning eng samarador sohasi. Ammo tavsiyaviy lug‘atshunoslik bizda yo‘q hisobi (lug‘atshunoslik bo‘yicha o‘quv fanlari ham o‘tmishga qaratilgan, kelajakka emas). Xullas, qancha fan sohasi bo‘lsa, shuncha lingvistik yo‘nalish, sohaviy lug‘atshunoslik, terminshunosliklar shakllanishi lozim.

Filologiya yaroqsiz holga kelib qolgani uchun ham:

– mamlakatimizda bu sohadagi davlat grantiga da'vogar istalgan mavzudagi loyihani, himoyaga qo‘yilgan har qanday dissertatsiyani, dolzarbligidan qat'i nazar, o‘zaro shaxsiy yoki boshqa munosabat asosida to‘la ma'qullash yoki osongina yo‘qqa chiqarish mumkin;

– aniq, tabiiy, iqtisodiy fanlar bo‘yicha yangi talablar asosida dissertatsiya himoyalariga keng yo‘l bo‘lgani holda, filologiya sohasida ko‘plab sun'iy cheklovlar mavjud. Tabiiy cheklovlar qo‘yilsa, muammoning hayotiyligi va amaliy ahamiyatliligidan kelib chiqilsa, filologiyada kamdan-kam ish himoya qilinadi.  

Xullas, sobiq sho‘ro tuzumi davrida filologiya bo‘yicha ilmiy ishlar tadqiqotchilarning tashabbuslari bilan, asosan, ilmiy daraja olish maqsadida olib borilar, soha xarajatlari aslida aniq va tabiiy fanlarga ajratilgan mablag‘lar asosida qoplanar edi.

Bugungi kunda filologiya maqsadli talab va taklif munosabatiga mos emas. Sohada talabsiz taklif hukmron. Aniqrog‘i, almisoqdan qolgan maqsad va foydasiz vazifalar asosida ish ko‘rayotgan, natijalarini iste'molchilar so‘ramayotgan jonsiz va tatbiqsiz tusdagi filologiya fani to‘liq boqimanda sohaga aylanib qoldi. Chunki tadqiqotlardagi muammolar sun'iy. Ular aslida fanning muammosi, aslo jamiyatniki emas. Shuning uchun ham himoyaga olib kelinayotgan dissertatsiyalarga OAK tomonidan bildirilayotgan asosiy va haqli e'tiroz – natijalarning amaliyotga tatbiq etilmaganidir (aslida tatbiq etib bo‘lmasligi). Demak, yo tadqiqotlardan butkul voz kechish, yo davr talablariga mos izlanishlar olib borish zarur. Uchinchi yo‘l yo‘q!

— Filologiya sohasidagi islohot qanday bo‘lishi kerak deb o‘ylaysiz?

Birinchidan, ma'muriy islohotlar o‘tkazish, shuningdek, soha rahbarlari, «darg‘a»lari va mutaxassislarining tafakkurini o‘zgartirish kerak. Filologiya «jonsiz» soha bo‘lib qolgani uchun ham oliy o‘quv yurtlarining ilmiy va ta'limiy richagi bo‘lgan filologiya mutaxassisligi kafedralarini shunga mos kishilar boshqaradi. Iqtidorli olimlar esa bunday bema'ni tashvishli lavozimlardan qochishadi. Lavozimlarga, asosan, ilmning ko‘chasidan o‘tmagan kishilar jadval va hisobotlar tayyorlash darajasiga, majlis-u tadbirlarda faolligiga, ko‘zining «ko‘rligi», tilining «soqovligi» va qulog‘ining «karligi»ga qarab tayinlanadi (filologik ilmiy muassasalar ham bundan pesh emas). Hatto oddiygina hozirgi o‘zbek tili va hozirgi o‘zbek adabiy tili tushunchalarini farqlamaydigan kishilar fanlarning taqdirini hal qiladigan bo‘lib qoldi. Ular – oqim bo‘ylab suzib emas, shunchaki «oqib» ketaveradigan kishilar. Sohada innovatsiya qilish, uni rivojlantirish haqida o‘ylamaydilar ham. Kafedralarning ham, ilmiy muassasalarning ham zamon talablari asosidagi innovatsion konsepsiyalari yo‘q (bu «Ma'rifat» gazetasining 2015 yil 3 iyun sonida «Kafedra» sarlavhali maqolada  yoritilgan edi).

Sohada ilmiy unvon va darajalar ilmiy yutuqlar asosida emas, ko‘p hollarda munosabatlar asosida belgilanadi. Bunday sharoitda filologiya ilmini qanday yuksaltirish mumkin? Bu holda zamonaviy filologiya haqida gap bo‘lishi mumkinmi?

Ilg‘or va zamonaviy, innovatsion ilmiy g‘oya obro‘ va martaba mezoni bo‘lmog‘i, ularning amalga oshirilishi daraja va unvonlar asosida turmog‘i lozim. Filologiyaning bugungi «jonsiz» holati esa haqiqiy olimlarni «istalmagan shaxslar»ga aylanishiga olib kelganligi o‘ta achinarli!

Davr dars beruvchi professor-o‘qituvchilarning ham, kafedra mudirlarining ham, ayrim fanlarning ham tanlovini to‘la ma'noda auditoriyaga qoldirishni taqozo etayotir. Talaba nimani o‘qishni va kimdan saboq olishni o‘zi hal qilishi kerak.    

Ikkinchidan, universitetlarda o‘tiladigan qator fanlardan butunlay voz kechish kerak. Jahon tajribasini o‘rganish, ijobiy tomonlarini o‘zlashtirish lozim. Bunga davlat mablag‘i hisobidan xorijga shunchaki sayohat qilib keluvchilar emas, balki munosib mutaxassislar jalb etilishi zarur.

Ta'kidlash lozim, bugungi kunda «O‘zbek filologiyasi» va «O‘zbek tili va adabiyoti» yo‘nalishlarida o‘tiladigan fanlarning aksariyati mutlaqo eskirib ketgan. Boz ustiga, bu ikki yo‘nalishda qariyb barcha mutaxassislik o‘quv predmeti bir xil o‘qitiladi, faqat soatlar hajmi bilan farq qiladi. Axir, filologiya – tadqiqiy, o‘zbek tili va adabiyoti – ta'limiy yo‘nalish! Birida predmet tadqiqiy, ikkinchisida ta'limiy aspektda o‘qitilishi, yondashuvlar mutlaqo farq qilishi kerak emasmi? Yoki har ikki yo‘nalishda ham shunday o‘quv fani borki, ularning nomi va mazmuni mos emas. Misol sifatida oladigan bo‘lsak, «Navoiyshunoslik» o‘quv fani, nomidan ko‘rinib turibdiki, Alisher Navoiy ijodining o‘rganilishi masalasidan bahs yuritadi. Biroq ushbu o‘quv predmeti dastur va darsliklari mazmuni kuzatilsa, uning «Navoiyshunoslik» emas, balki «Alisher Navoiy» fani ekani ma'lum bo‘ladi, chunki kursda gap Navoiy ijodi haqida boradi, uning ijodining o‘rganilishi bo‘yicha bitta mavzu bor, xolos. Demak, o‘quv fani «Navoiyshunoslik» bo‘lsa, uning mazmuni o‘zgartirilishi, modomiki, mazmun shunday qoldirilishi kerak ekan, unda fanning nomi «Alisher Navoiy» bo‘lishi lozim.

Umuman olganda, filologik o‘quv fanlari tizimi davr talablariga mutlaqo mos emas. Shuning uchun yetishib chiqqan filologlar bozor talablariga javob bermaydi. Fikrlarimizni yana ayrim dalillar bilan mustahkamlaymiz. Ma'lumki, maktab ta'limida insho mashg‘ulotlari uchun behad katta soat ajratiladi. Biroq hali biz o‘quvchiga yolchitib insho (matn) yozishni o‘rgata olganimiz yo‘q. Chunki qanday o‘rgatishni bilmaymiz. Na uning o‘quv predmeti, na texnologiyasi, na metodikasi bor! Jonli, amaliy ahamiyatli, to‘la ma'noda nutqiy malakani shakllantiradigan «Nutq madaniyati» fani ham hanuz yaratilmadi. O‘quv predmeti sifatida ritorika va nutq madaniyati tarixi, voizlar faoliyati haqidagi nazariy va axboriy ma'lumotlar, tumtaroq, chigal, chalkash va ayqash-uyqash qoidalar majmui bo‘lib qolmoqda!

Metodik nuqtai nazardan ta'lim sohasida o‘qiyotgan talaba har kuni maktabda bo‘lishi lozim. Rasmiy yondashuvlardan voz kechib, jonli metodikani yo‘lga qo‘yish kerak. Mavjud pedagogik amaliyotlar nomiga, pala-partish va samarasiz tashkil etiladi. Oliy va o‘rta ta'lim hamkorligi mexanizmi yaratilmagan, tizim ishlab chiqilmagan.

Xullas, oliy filologik ta'limda kosmopolitizmdan voz kechish davri shiddat bilan o‘tib ketmoqda!   

Uchinchidan, respublika uchun qancha nazariy filologiya va qancha ta'limiy filologiya bo‘yicha mutaxassis kerak? Butun respublika universitetlarida shuncha filolog tayyorlashga hojat bormi? Filologiya bo‘yicha ulardan qanchasi tadqiqotchi bo‘ladi? Davlatning shuncha mablag‘ini noto‘g‘ri sarflashning nima keragi bor? Bir yilda mamlakat bo‘yicha 100 nafar filolog tayyorlash, balki yetarlidir (agar ko‘plik qilmasa!). Buni markaziy OTM – Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga qoldirib, boshqa OTMlarda asosiy e'tiborni o‘zbek tili va adabiyoti ta'limi mutaxassislariga qaratish kerak emasmi? (Talantli bo‘lsa, kelajakda bu yo‘nalish bitiruvchilari orasidan filologlar ham yetishib chiqaveradi. Bunga hech qanday to‘siq yo‘q)

Magistratura mutaxassisliklari haqida ham shunday deyish mumkin. Faqat tayanch o‘quv yurtida ilmiy mutaxassisliklar qoldirilib, boshqa OO‘Yuda ta'limiy mutaxassisliklar faoliyat yuritishi kerak. Shunda bakalavriatda ham, magistraturada ham katta miqdordagi asosiy pul to‘lanadigan vaqt budjeti ta'lim metodikasiga yo‘naltiriladi. 

Zamonaviy filologiyani shakllantirishda «yuqori» va «quyi»ning hamkorlik yo‘llari sifatida quyidagilarni tavsiya qilaman:

birinchidan, tegishli soha vazirlik va qo‘mitalari, korxona va tashkilotlar filologik tadqiqot yo‘li bilan hal qilinadigan masalalarni aniqlab, muammolar bankini yaratishlari, ularni fan yo‘nalishlari bo‘yicha tasniflashlari, ilmiy ish bajaruvchi tashkilot va korxonalarga yuborib, shartnoma tuzishlari, ularning shartnoma bo‘yicha faoliyatlarini moliyalashtirishlari zarur;

ikkinchidan, muayyan fan yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritadigan ilmiy va o‘quv-ilmiy muassasalar tegishli sohalardagi ilmiy tadqiqot yo‘li bilan hal qilinadigan masalalarni aniqlash, muammolar bankini yaratish va tasniflashda ularga ko‘maklashishlari lozim;

uchinchidan, ilmiy va o‘quv-ilmiy muassasalar o‘zlarining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha fundamental, innovatsion va amaliy tadqiqotlarni ichiga oladigan xizmat tizimi va strukturasini ishlab chiqishlari zarur;

to‘rtinchidan, bu muassasalar ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha fundamental, innovatsion va amaliy tadqiqotlarni ichiga oladigan xizmatlarini taklif etishlari kerak;

beshinchidan, oqsoq sohani rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun tashkilotlarga imtiyoz va yengilliklar berilishi lozim.

Xulosa qilib aytganda, aslida qudratli va hayotiy gumanitar fanlar jamiyatni ma'naviy jihatdan yuksaltiradi. Yuksak texnologiya va iqtisodiyot emas, balki yuksak ma'naviyat – taraqqiyot garovi! Ma'naviyatsiz texnologik va iqtisodiy taraqqiyot insoniyatni tanazzulga olib keladi.

Yangi asrda faqat amaliy tatbiqqa ega, natijalarini iste'molchilar so‘raydigan va ularga aniq samarani taklif etadigan, jamiyat rivojiga hissa qo‘shadigan filologiya tug‘ilishga va yashashga haqli. Zero, jamiyatning madaniy-ma'naviy darajasi tilga va filologiya sohasiga munosabatda bilinadi.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi

Mavzuga oid