Sport | 12:00 / 06.09.2019
76969
20 daqiqa o‘qiladi

«Romallohdagi qo‘rqinchli tush». Milliy jamoa o‘yini tahlili

Kecha O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi jahon chempionati final bosqichiga chiqish uchun o‘z yurishini boshladi. Shu paytgacha darvozamizga birorta gol ham ura olmagan Falastin terma jamoasiga qarshi o‘yin 0:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan tugadi.

Agar jahon chempionati saralashlarini oladigan bo‘lsak, qatorasiga to‘rtinchi o‘yindirki, raqib darvozasiga birorta ham gol ura olmayapmiz. Guruhimizda Saudiya Arabistoni terma jamoasi ham borligini e'tiborga olsak, balki bizga keyingi bosqichga chiqish uchun asosiy raqobatchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan jamoaga qimmatli ochkolarni boy berdik. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan safar ham saralashni safarda, sun'iy maydonda boshlaganmiz va Shimoliy Koreyaga 2:4 hisobida mag‘lub bo‘lganmiz. O‘sha o‘yindan keyin bosh murabbiy Mirjalol Qosimov iste'foga chiqarilgan, terma jamoa o‘yini esa vaqtincha o‘nglangandi. Bu umumiy gaplar.

Yana, «Falastin darajasiga tushib qoldikmi», «futbolimizni tubdan isloh qilish kerak», «bolalar futboliga e'tibor qaratish kerak» qabilidagi mulohazalarni takrorlash niyatim ham yo‘q – bu gaplar aksar hollarda to‘g‘ri bo‘lsa-da, yana umumiy gaplar. Keling, undan ko‘ra, kecha bizga nima yoki kim yetishmagani-yu, nega bu qadar kuchsiz o‘yin va qoniqarsiz natija taqdim etilgani haqida fikrlashib ko‘ramiz.

Odatda, bunday natija bilan tugagan shu tariqa o‘yinlarda mag‘lub jamoaning vaziyatlarni ko‘kka sovurishi, kuchsizroq sanalgan jamoaning omadi kelishi yoki darvozabonning haddan tashqari mahorat ko‘rsatishi, individual xatolar muhokama qilinadi. Zero, hammasi joyida bo‘lgan paytlarda favoritning autsayderga yutqazib qo‘yishi faqat mana shu ssenariyda ro‘y berishi mumkin, xolos. Bunday o‘yinlar tezda unutilishi, kelajakka qaralishi, xatolar takrorlanmasligi va keyingi o‘yinlarda vaziyat o‘nglanishi kerak bo‘ladi, tamom.

Ammo, kechagi o‘yin haqida bunday deya olmaymiz – raqib darvozaboni qahramon bo‘lmadi, futbolchilarimiz hatto hisobda ortda borayotgan pallalarda ham birin-ketin xavfli vaziyatlar yarata olmadilar, raqibning gollarini omad bilan bog‘lash adolatsizlik. Bu eng yomoni, biz aslida mag‘lubiyatga loyiq o‘yin ko‘rsatdik, sistematik jihatdan ham, futbolchilarning o‘yinga bo‘lgan munosabati-yu tanlangan taktika tomonidan ham. Kuper jamoasi ikki jabhada butunlay tor-mor etildi – kompakt o‘ynash va to‘psiz harakatlanish borasida. Bu kamchilik ham o‘yinga yetarlicha reja va ko‘rsatmalar amalga oshirmagani uchun ham murabbiyning, yetarlicha individual harakatlar bo‘lmagani uchun ham futbolchilarning aybidir. Alohida ajratib olish, aynan nimaning hisobiga bunday bo‘lganini aytish qiyin.

TARKIB

Kuper uchrashuvga yuqorida rasmda ko‘rsatilgan tarkib va sxemani tanladi. Kutilgan o‘yinchilar, faqat o‘ng qanotdan Hamdamov emas, Ro‘ziyev joy oldi. Buni biz Hamdamov endigina tiklanib, «Paxtakor» tarkibida qaytganini, Quvondiq esa, «Qo‘qon 1912» bilan birga so‘nggi o‘yinlarda yaxshi natijalar qayd etayotgani bilan bog‘lash mumkin. Hamrobekov va Ahmedov tayanch zonasida, Odilga ko‘proq hujumlarni boshlash, o‘yinni imkon qadar yuqoridagi to‘rtlik bilan bog‘lash vazifasi yuklatilgandi. Ammo bu vazifa umuman qoniqarli bajarilmadi va bunda faqat Ahmedovni ayblash noto‘g‘ri bo‘lardi.

BIRINChI BO‘LIM

Falastinliklar, balki Kuper uchun kutilmaganda, ancha yuqori pressing namoyish qilishdi va maydon markazidanoq o‘zbekistonliklarni faol kutib ola boshlashdi. Bu yerda raqib murabbiyi jamoamizni yaxshigina o‘rgangani ko‘rinib turibdi. Chunki aynan shunday sharoitda to‘pni o‘zida saqlab, chiziqlar orasida to‘pni nazorat qilishi mumkin bo‘lgan Shukurov va Sidiqovning yo‘qligi futbolchilarimizda muammo tug‘dirishi mumkin edi. Aliboyev va Masharipov ko‘proq yakuniy qismda foydali bo‘lishadi, Ro‘ziyev esa, Qo‘qonda aynan bog‘lovchi vazifada o‘ynasa-da, terma jamoa miqyosida tajribasi kamligi ma'lum, vaziyatni qo‘lga olishga botina olmaydi yoki unda bunday ko‘rsatma ham bo‘lmagandi.

Quyidagi suratga e'tibor bering:

Bosim ostida to‘pni nazorat qila oladigan futbolchilar kamligi (faqat Odil Ahmedov) Falastinning faol pressinglarini juda samarali qurolga aylantirdi. Qarang, himoyachilarimiz hujum boshlashga urinishmoqda, lekin maydonning eng muhim qismi Falastin nazorati ostida. Ahmedov bu zonada yakkalanib qoldi, Aliboyevda esa yuqorida aytganimdek, kerakli vaziyatda orqaga qaytib, to‘p nazoratida ishtirok etish xususiyati yo‘q. Bir paytlar yarim himoya chizig‘ining barcha a'zolari – Kapadze, Haydarov, Jeparov, Ahmedov, shuningdek, Geynrix – mana shunday vaziyatlarda to‘pni oldinga olib borishda usta edilar, bu tarkibda esa, bir xil tipdagi uch futbolchi yig‘ilib qoldi, ularning kamchiligi esa jamoada uch barobar zararli bo‘ladi. Albatta, Kuper buni hisobga olishi va yuqori blokda himoyalanadigan raqiblarga qarshi o‘ziga xos variantlarga ega bo‘lishi zarur edi.

Quyidagi suratlarda ham buni ko‘rishingiz mumkin va agar ahamiyat bergan bo‘lsangiz, birinchi bo‘lim to‘lig‘icha mana shunday ko‘rinishda o‘tdi.

Bu yerda faqat Aliboyev, Masharipov va Ro‘ziyevning to‘pni bosim ostida nazorat qilish uchun individual mahoratlari pand berganini aytish bilan cheklanish noto‘g‘ri, aslo. Yuqoridagi suratlardagi kabi holatlar yuzaga kelishi va kerakli zonalarni boy berganimiz, albatta, murabbiyning xatosidir. Misol uchun, Falastin terma jamoasi murabbiyi qo‘l ostida nisbatan saviyasiz futbolchilar bo‘lsa-da buni uddaladi, shogirdlarining to‘psiz harakatlari natijasida, yetarli bosim ostida ham bir qator hujum variantlariga ega bo‘lishdi. Quyidagi suratga e'tibor bering:

Ayni yuqoridagiga o‘xshash vaziyat, farqi, bu yerda falastinlik himoyachilar jamoa hujumini boshlashmoqda. Bu yerda hech qanday yopiq zonalar haqida gap bo‘lishi mumkin emas – shunday oddiy ko‘z bilan ham hujumni boshlash va davom ettirish uchun variantlarni payqay olamiz. Shomurodov uzilib qolgan, yarim himoyamiz tomonidan boshlangan pressingni esa tartibsiz bo‘lganidan bemalol bosib o‘tish mumkin. Bu – Falastin, agar saviyaliroq jamoalar bo‘lsa, bizning bunday passivligimizni osonlik bilan va ko‘proq jazolashi mumkin edi.

Ikkinchi suratda ham shunga o‘xshash vaziyat. Futbolchilarimiz go‘yoki raqibga qarshilik ko‘rsatayotgandek ko‘rinishsa-da, xuddi to‘p O‘zbekistonda bo‘lgan paytdagi kabi ilojsizlikni ko‘rmaysiz, bemalol bir-ikki pas bilan ochiq zonaga to‘pni yetkazishlari va hujumni xavfliroq ko‘rinishga olib kelishlari mumkin.

KOMPAKT

Terma jamoamiz murabbiylari haqida gap ketganda, masalan, Mirjalol Qosimov himoyaga ko‘proq e'tibor qaratadi, Abramovni esa, hujumkor derdik. Yevropadagi tarixi va terma jamoamizda tashkil qilayotgan o‘yiniga qarab Kuper ancha pragmatik va himoyaviy murabbiy ekanini payqash qiyin bo‘lmadi, murabbiyning o‘zi ham buni bir necha bor tan oldi. Shu bilan birga, terma jamoamiz o‘z uslubiga ega ekani, shu yo‘nalishda harakatlanib, doimo bunga sodiq qolishini, faqat raqibga qarab, kichik o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini aytgandi. Umuman olganda, uslubni himoyaviy yoki hujumkor sifatida ta'riflashni istamasdim, bu haqida yaqinda Joze Mourino ham juda qiziq va muhim fikr aytgandi.

«Muhimi jamoa qanday himoyalanishida emas. Masalan, menga o‘xshab, quyi blokda himoyalanish afzal ko‘rilsa, muxlislar himoyaviy uslub deyishadi. Yoki boshqa murabbiy, yuqori chiziqda himoyalanishi mumkin – bunday o‘yinni himoyaviy emas, hujumkor deyishadi. Aslida gap bunda emas, bu yerda muhimi imkon qadar zich o‘ynashda – siz futbolchilaringizni quyi blokda joylashtirasizmi yoki raqib maydonidami, farqi yo‘q, futbolchilar bir-biriga yaqin, zich joylashishlari kerak. Ana shunda raqibda yetarli zona bo‘lmaydi va to‘pni egallab olishda ham, uni keyin saqlab qolib, qarshi hujum boshlashda ham, imkoniyatlar ko‘p bo‘ladi».

(Gvardiola to‘pni yuqori chiziqda himoyalanib, qaytarib olishni ma'qul ko‘radi, shuning uchun u tarkibiga, qisqa zonalarda ham to‘pni egallab tura oladigan texnikali futbolchilarni jalb qiladi. Mourino quyi blokni ma'qul ko‘radi, chunki unga, to‘pni egallagach, oldingi chiziqda keng ochiq zonalar bo‘lishi muhim – shuning uchun Mourino jamoalarida imkon qadar tezkor futbolchilar ko‘p bo‘ladi)

Terma jamoamiz hujum qilishda ham, himoyalanishda ham, aynan kompakt uddalay olmadi. Falastin himoyachilarining joylashuvlariga e'tibor bering:

Terma jamoamiz yana navbatdagi muvaffaqiyatsiz hujumni boshlamoqda va buning sababi, raqib himoyachilarining jamoaviy harakatlanishidir. Qarang, Falastinning barcha futbolchilari juda kichik, ammo eng muhim zonada joylashgan va bu sharoitda hujumni samarali davom ettirish uchun yo o‘ta mahorat bilan ijro etilgan uzoq masofaga pas yoki ajoyib dribling kerak bo‘ladi. Oddiy to‘p harakatlanishida esa, bu himoya bloki bemalol, birgalikda harakatlanishi va mana shu shakl buzilmasdan, himoyani nazorat qilishlari mumkin. Aynan kimdir yaxshi dribling (Ro‘ziyev) yoki juda tezkor birtepar kombinatsiya qilingandagina, Falastin darvozasida sal bo‘lsa-da, xavf paydo bo‘lganini eslash mumkin.

Xo‘sh, bunday sharoitlarda qanday g‘alaba qozonish mumkin?

Birinchisi, to‘pni o‘zida yaxshi saqlab turadigan futbolchilarning mana shu blok markazida harakatlanishlari va qisqa masofadagi paslar orqali, himoyani yorib o‘tish. Yuqorida aytganimdek, tarkibimizda bunday futbolchilar topilmadi.

Ikkinchisi, aynan shu zonalarga ko‘proq hujumchilarni kiritgan holda, raqib e'tiborini qaratish va qanotlarda bo‘sh zonalarni hosil qilish. Aslida, Kuper aynan mana shunday – keng zonalar bo‘yicha to‘p surmoqchi bo‘ldi, Masharipov va Ro‘ziyevning markazga o‘tishlari juda kam ro‘y bergani va asosan qanotlarda qolishganining sababi shu. Ammo rostan ham xavfni oshirish uchun, masalan Aliboyev yoki Hamrobekov ham, markazdagi sonimizni ko‘paytirib, raqib e'tiborini jalb qilishlari lozim edi.

IKKINChI BO‘LIM

Ikkinchi bo‘lim ancha ochiq o‘tdi va har ikki jamoada ham birinchi bo‘limdagi kabi tartibli himoyalanishni ko‘rmadik. Bu yerda falastinliklar ustozi Nuriddin Alining yana bir rejasi ish berganini alohida ta'kidlash kerak.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, Falastinning birinchi golidan biroz avvalroq raqib ancha quyi blokda himoyalanishga o‘tdi. Sababi, menimcha, Falastin murabbiyi himoya chizig‘imizdagi bo‘shliqlarni va ayrim tushunmovchiliklarni sezgan bo‘lishi mumkin. Birinchi bo‘limdagi ikki o‘ta xavfli vaziyatni ham Falastin qarshi hujumda yuzaga keltirgandi. Ya'ni, Falastin endi, o‘z jarima maydoni yaqinida himoyalana boshladi va bu bizning maydonda keng zonalar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi, qarshi hujum uyushtirish imkoniyati oshdi. Zich o‘ynab, yuqori pressingda to‘pni qaytarib olish imkonimiz esa kam edi, chunki Anzur Ismoilov ham, Yegor Krimets ham raqib hujumchilariga nisbatan ancha sekin harakatlanishganini ko‘rdik.

Aynan goldan oldingi va keyingi – umumiy 15 daqiqalar chamasi, terma jamoamiz pozitsion hujumlarni ko‘paytirdi. Falastin hisobda oldinga chiqib olgach, ya'ni o‘zi qoniqtiradigan vaziyatda, Ali yana terma jamoasini eski taktikaga – yuqori pressingga qaytardi. Endi gol kerak emas, bunday sharoitda esa, xuddi birinchi bo‘limdagidek himoyalanish samaraliroq bo‘lishini tushunib turgandi. Tabiiyki, yuqori saviyali va uzoq masofadan ham zarba bera oladigan futbolchilarga ega bo‘lgan jamoaga qarshi o‘z jarima maydoni yaqinida himoyalanish xavfliroq.

Buning ustiga, terma jamoamiz charchab qoldi. Nafaqat shu sabab bilan almashtirilgan Ro‘ziyev va Aliboyev, balki butun tarkibimizda bu alomatlar sezildi. Umuman, futbolchilarimizning jismoniy holatlari hatto Falastin terma jamoasi fonida ham juda past ko‘ringani ta'bni xira qildi.

Masalan, himoyada faqat biz xato qilib yoki qarshi hujum imkoniyati faqat Falastinda bo‘lgan, deb hisoblamaylik. Juda xavfli hujumlar uyushtirish istiqboli bizda ham bor edi, ammo negadir futbolchilarning o‘ta passiv harakat qilishgani bu salohiyatni vaziyatlarga aylantira olmadi.

Oddiy bir vaziyatga e'tiboringizni qarataman:

Birinchi suratda Ahmedov to‘pni egallab oldi va raqib futbolchisini aldab o‘tib, ikkinchi suratdagi kabi yo‘nalishda to‘p bilan harakatlandi. Endi vaziyatning davomini qarang.

Odilga raqibning ikki futbolchisi hujum qilib, ulardan ikkinchisi to‘pni olib qo‘ydi. Bu yerda ayb Odilda emas, e'tibor bering, Ahmedov jarima maydonimiz yonidan markazgacha yaxshigina masofani to‘p bilan bosib o‘tdi – ammo orqaroqqa qarang, bor kuch bilan oldinga tashlanishi va hujumda son jihatdan ustunlikni ta'minlashi kerak bo‘lgan futbolchilar hali markazga ham yetib borgani yo‘q, bormoqchi ham emasdek. Ajratib ko‘rsatilgan bo‘sh zonani to‘ldirib, Odilni quvvatlash esa hech kimning xayoliga kelmayapti. Hamdamov nega qanotda yugurishga davom etgani tushunarsiz, Shomurodov esa, himoyachilarni ergashtirib, ikkinchi temp uchun bo‘sh zonalar ochishi kerak bo‘lgan vaziyatda – bu ham mantiqsiz, chunki ikkinchi tempning o‘zi yo‘q. Futbolchilarimiz Odilning ikki futbolchini aldab o‘tib, shu bo‘sh zonaga o‘tib, nima qilishini kutib turishni afzal bilmoqdalar. Axir futbol faqat o‘ylangan kombinatsiyalarda emas, vakillarimiz Ahmedovning xayolida nima borligini bilmasliklari tabiiy, ammo to‘psiz harakatlanish orqali, unda yetarlicha variantlarni hosil qilishlari, hech bo‘lmasa, raqib himoyachilarining diqqatini tortib, ularning vazifalarini qiyinlashtirishlari kerak emasmi?

Men bir narsaga ishonaman – agar Messi bilan ikki himoyachini maydonga qo‘yib yuborsangiz, katta ehtimol bilan o‘sha himoyachilar bir tashlanishda to‘pni olib qo‘yishadi. Lekin o‘yin paytida unday bo‘lmaydi, sababi, Messining jamoadoshlari e'tiborni jalb qilish, futbolchining atrofida turli variantlarni hosil qilish bilan shug‘ullanishadi. Messi istasa to‘pni yonidagi sherigiga oshirishi, istasa raqibni aldab o‘tishi mumkin. Mana shu ikki variant himoyachini chalg‘itadi, fint emas. Har qanday dribling ham qaysidir ma'noda jamoaviy o‘yindir.

BIRINChI O‘YIN

Xullas, terma jamoamizning bugungi ahvoli mana shu. Ba'zida bu endi birinchi o‘yin ekani, jamoa keyingi o‘yinlarda yanada bir-birini tushunishi, o‘sishi mumkinligi ham aytiladi. Kuperning o‘zi ham keyingi o‘yinlarda maksimal natija ko‘rsatishga urinishini aytdi.

Lekin bunday mulohazalar asosan, qisqa muddatda bo‘lib o‘tadigan va alohida tayyorlanadigan turnirlarda mantiqli bo‘ladi. Saralash o‘yinlari esa, turli sanalarda bo‘lib o‘tadi, keyingi yig‘in paytida yana boshqatdan jamlanadi, futbolchilar yana turlicha sport formasida, turli sharoitlarda bo‘lishadi. Tarkib ham bugungidan boshqacha bo‘lishi mumkin. Murabbiy bir yildan beri terma jamoamiz bilan birga ekanini hisobga olsak, bu o‘yinga nisbatan «birinchi o‘yin» tushunchasini ishlatish noto‘g‘ridir. O‘rtadagi tanaffuslar va qisqa yig‘inlarni e'tiborga olsak, saralash o‘yinlardagi har bir o‘yin birinchi o‘yindir – bu endi bahona emas, har bir terma jamoa murabbiyi hal qilishi kerak bo‘lgan muammodir.

XULOSA

Men mulohazalarimni aynan bir o‘yin atrofida bayon etdim, xulosalar ham bir o‘yin atrofida bo‘lgani uchun, aniq va qat'iy baho bera olmayman. Biz kecha ko‘rgan o‘yin, ya'ni, saviya jihatidan ancha past bo‘lgan jamoaga qarshi total muvaffaqiyatsizlikning uch izohi bo‘lishi mumkin.

Birinchisi, murabbiy ayni damda ayni jamoani tayyorlash, ular bilan natija ko‘rsatish uchun yetarli g‘oya va rejalarga ega emas. Yoki bu g‘oyalarni amaliyotda qo‘llay olmayapti.

Ikkinchisi, futbolchilar bor kuchlarini berib o‘ynashmayapti, qaysidir ma'noda ko‘rsatmalarga sabotaj qilishyapti, murabbiy va jamoa o‘rtasidagi muloqot, munosabatga putur yetgan. Murabbiy shogirdlariga kerakli va yetarli motivatsiyani bera olmayapti.

Uchinchisi, futbolchilarimiz Falastinni mensimasdan maydonga tushishgan, o‘yin boshlangach esa, qarshilikni sindirish uchun vaziyatni o‘nglay olishmagan.

Dastlabki ikki holatda, odatda zudlik bilan iste'fo kerak bo‘ladi. Bu terma jamoa uchun ham, murabbiyning o‘zi uchun ham ma'qul qaror. Agar birinchisi to‘g‘ri bo‘lsa, har qanday yangi murabbiy vaziyatni o‘nglashi, qisqa muddat uchun natijalarni epaqaga keltirishi mumkin. Agar ikkinchi holat bo‘lsa, bilmadim, terma jamoa futbolchilari uchun klub, ya'ni ish joyi emas, bu vatan jamoasi – jamoani kim boshqarib, qanday ko‘rsatma berishidan qat'i nazar, hammasi vijdonan bajarilishi, bor imkoniyat ishga solinmaguncha, muxlisning yuziga qaray oladigan futbolchilarga faqat xayf deyish mumkin. Milliy jamoada bor kuchni berish uchun alohida sharoit, alohida ko‘rsatma shart bo‘lmasligi kerak.

Uchinchi holatda esa, vaziyatni hoziroq o‘nglash mumkin – buning uchun futbolchilarimiz dastlabki reaksiyani namoyish qilishlari, keyingi o‘yinda o‘zlarini juda yaxshi ko‘rsatib, chiroyli g‘alabaga erishishlari shart bo‘ladi.

Qahramon ASLANOV

Mavzuga oid