Sport | 13:30 / 08.09.2019
16293
3 daqiqa o‘qiladi

19 yoshli tennischi qiz Serena Uilyamsni yengib, US Open chempioni bo‘ldi

AQShning Nyu-York shahrida US Open turniri finalida mazkur turnirning 6 karra g‘olibi, 23 karra «Katta dubulg‘a» turkumidagi turnirlarda g‘olib chiqqan amerikalik tajribali tennischi Serena Uilyams 19 yoshli kanadalik Byanki Andreyeskuga sensatsion ravishda mag‘lub bo‘ldi.

Bu 37 yoshli amerikalik tennischi uchun «Katta dubulg‘a» turkumidagi turnirlar finallarida qatorasiga to‘rtinchi marta mag‘lub bo‘lishidir. Uning bu mag‘lubiyatlarining barchasi 2018 yilda tug‘ruq ta'tilidan kortga qaytishidan keyin ro‘y bergan. Bunga qadar u butun faoliyati davomida «Katta dubulg‘a» turnirlarida jami 6 marta finalni boy bergandi.

Yil boshida kuchli tennischilarning 150 kishilik ro‘yxatiga ham kirmagan kanadalik tennischi 6:3, 7:5 hisoblarida g‘alaba qozonib, o‘z faoliyatida ilk marta «Katta dubulg‘a» turkumidagi turnir g‘olibi bo‘ldi. E'tiborli jihati, ushbu yosh tennischi o‘z faoliyatida ilk marta shunday darajadagi turnirni asosiy setkada boshlagandi. U o‘z faoliyatida asosiy setkada atigi 4ta o‘yin o‘tkazib, titul sohibi bo‘lgan tarixdagi ikkinchi tennischi bo‘ldi. Bungacha bunday natija «Rolan Garros»-1990 turnirida Monika Selesh tomonidan qayd etilgandi.

Bugun, 8 sentabr kuni Amerika ochiq chempionatining erkaklar o‘rtasidagi musobaqalari finali bo‘lib o‘tadi. Unda rossiyalik Daniil Medvedev ispaniyalik Rafael Nadalga qarshi kortga chiqadi.

US Open turnirining 2019 yildagi sovrin jamg‘armasi 57 million dollarni tashkil etadi.

US Open
Nyu-York, AQSh
2019 yil, 26 avgust – 8 sentabr
«Katta dubulg‘a» turniri
Sovrin jamg‘armasi – 57 000 000 dollar
Ochiq kortlar, hard
Yakkalik razryad
Final

 

Byanka Andreyesku (Kanada) – Serena Uilyams (AQSh) 
6:3|7:5

Mavzuga oid