O‘zbekiston | 09:31 / 08.09.2019
31656
2 daqiqa o‘qiladi

Mo‘ynoqda inspektorlarga o‘q uzgani uchun qidiruvda bo‘lgan yana ikki brakoner ushlandi

Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida noqonuniy ov qilgani uchun o‘zlarini ta'qib qilgan inspektorlarga o‘q uzgan brakonerlar guruhining yana ikki a'zosi qo‘lga olindi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Mo‘ynoqdagi holat bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim etdi.

«Mo‘ynoq tumanida noqonuniy ov bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar to‘g‘risida ma'lumot berib, ulardan 2 nafari qidirilayotganligini ma'lum qilgan edik.

Olib borilgan tezkor qidiruv natijasida qidiruvda bo‘lgan 2 nafar fuqaro ham aniqlanib, tergovga jalb qilingan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda», deyiladi xabarda.

Bundan avvalroq, Mo‘ynoq tumani hududida brakonerlar tomonidan Qoraqalpog‘iston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi inspektorlariga hujum qilingani haqida xabar berilgan edi.

Ma'lumotlarga qaraganda brakonerlarga o‘rmon xo‘jaligi xodimi ham hamrohlik qilgan va ovchilar 20 bosh kiyikni otib o‘ldirgan va qochib ketishga uringan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati ham Mo‘ynoq tumanida noqonuniy ov bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar to‘g‘risida xabar berib, ularning uch nafari ushlangani, qolgan ikki nafari esa qidirilayotganini ma'lum qilgan edi.

Mavzuga oid