Qonunchilik palatasi: «Utilizatsiya yig‘imi mahsulot narxiga ta'sir ko‘rsatmaydi»
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida mamlakat ijtimoiy, iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutadigan bir qator qonun loyihalari birinchi, ikkinchi hamda uchinchi o‘qishlarga tayyorlanmoqda, deya xabar berildi Qonunchilik palatasi saytida.
Qayd etilishicha, joriy yilning 6 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma'qullangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham shular jumlasidan bo‘lib, qonun loyihasi bilan avtomobillarning to‘liq qayta ishlanishini ta'minlash (resikling) maqsadida, shu jumladan, utilizatsiya yig‘imlaridan tushgan mablag‘lar hisobiga transport vositalarini utilizatsiya qilish va qayta ishlash, shuningdek, ushbu tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha muammoli masalalarni hal etish nazarda tutilgan.
Ayni paytda mazkur qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish jarayonida deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarga oydinlik kiritib borilmoqda.
Bildirilishicha, bugungi kunda respublikada 3 millionga yaqin transport vositasi mavjud bo‘lca, shundan qariyb 1 foizi iste'molga yaroqsizdir (yo‘l transport hodisasi, foydalanish xususiyatini yo‘qotishi va boshqalar natijasida). O‘z o‘rnida, iste'molga yaroqsiz transport vositalarini qayta ishlash tizimi mamlakatda joriy etilmaganligi sababli, ushbu transport vositalarida foydalanish xususiyatini yo‘qotganidan so‘ng hosil bo‘ladigan iste'mol chiqindisi toifasiga kiruvchi mahsulotlar atrof muhitga va inson salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida quyi palataga kiritilgan ushbu qonun loyihasi bilan avtomobillarning to‘liq qayta ishlanishini ta'minlash (resikling) maqsadida, shu jumladan, utilizatsiya yig‘imlaridan tushgan mablag‘lar hisobiga transport vositalarini utilizatsiya qilish va qayta ishlash, shuningdek, ushbu tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha muammoli masalalarni hal etish nazarda tutilgan.
Qonun loyihasida utilizatsiya yig‘imi O‘zbekiston Respublikasi hududiga transport vositalarini import qiluvchilardan hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida transport vositalari ishlab chiqaruvchilaridan undirilishini belgilash masalalari aks etgan.
“Shuni alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, “O‘zavtosanoat” AJ va qator vazirlik hamda idoralar tomonidan so‘nggi yillarda respublikada avtomobilsozlik sanoatini yanada rivojlantirish maqsadida, avtomobillar tannarxini pasaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan bir qator vazifalar belgilandi hamda ular yuzasidan ishlar jadal suratda olib borilmoqda.
Yuqoridagi chora-tadbirlar tufayli qonun loyihasi bilan joriy qilinayotgan utilizatsiya yig‘imi mahsulot narxiga ta'sir ko‘rsatmaydi”, - deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, qonun loyihasida mamlakat hududidagi mavjud transport vositalariga nisbatan utilizatsiya yig‘imlarini joriy etishni ko‘zda tutuvchi normalar mavjud emasligi aytiladi.
Mavzuga oid
18:02 / 19.12.2024
Qatarda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzgan haydovchining avtomobili yo‘q qilindi
16:50 / 03.12.2024
Sudyalar Oliy kengashi tarkibi Senat tomonidan saylanishi mumkin
16:10 / 03.12.2024
Qaysi deputat qanday ovoz bergani ochiq bo‘lishi kerak - Bobur Bekmurodov
14:13 / 21.11.2024