O‘zbekiston | 11:10 / 11.09.2019
6692
2 daqiqa o‘qiladi

Atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini tartibga solish bo‘yicha alohida vakolatlarga ega bo‘lgan davlat organlari belgilandi

Foto: Shutterstock

Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risidagi qonun prezident tomonidan imzolandi. Hujjat bilan atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish bo‘yicha alohida vakolatlarga ega bo‘lgan davlat organlari belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish bo‘yicha alohida vakolatlarga ega bo‘lgan davlat organlaridir.

Qayd etilishicha, ko‘rsatilgan davlat organlari o‘z vakolatlari doirasida:

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni ishlab chiqadi hamda ularni maxsus vakolatli organ bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi;

yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini joylashtirish uchun maydonchalarni tanlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishda ishtirok etadi;

atom energiyasidan foydalanish obektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertizani tashkil qilishda ishtirok etadi;

yadroviy, radiatsiyaviy, sanoat, yong‘inga oid, sanitariya-epidemiologik va ekologik xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati hamda tekshiruvini amalga oshiradi;

atom energiyasidan foydalanish obektlarining jisman himoya qilinishi, shuningdek davlat boshqaruvi organlarining va boshqa yuridik shaxslarning avariyaga oid shayligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.

Mavzuga oid