O‘zbekiston | 18:11 / 11.09.2019
10461
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat bojxona qo‘mitasi: «Rishton-So‘x» yo‘li ochilishi bizga bog‘liq emas»

Bugun, 11 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat bojxona qo‘mitasi mutasaddi vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda jurnalistlar «Rishton-So‘x» yo‘li ochilishi nega e'lon qilingani holda kechiktirilayotgani, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona Qo‘mitasi qanday pozitsiyada ekanligi bilan qiziqishdi.

Bu masala yuzasidan qo‘mita Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qobulov javob berdi.

«Rishton-So‘x» yo‘lining ochilishini juda ko‘pchilik kutayotgani shubhasiz, chunki aholiga katta qulaylik tug‘diradi. Rasman ta'kidlayman – bu masala yechimi ayni paytda biz tomonga bog‘liq emas. Sababi, biz o‘zimizga bog‘liq barcha ishlarni bajarganmiz, yo‘l ochilishiga tayyormiz va buni kutyapmiz. Qirg‘izistonlik hamkasblarimiz bu yo‘lning ochilishini ortga surish bilan birgalikda biror sababni ham ko‘rsatishmayapti. Holbuki, yo‘l ochilgani tantanali ravishda e'lon qilingan, hokim va gubernatorlar uchrashgan, bir-birlarini qutlagan edilar. Lekin bu borada ishlar, muzokaralar davom etmoqda», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid