Jahon | 22:19 / 11.09.2019
68658
2 daqiqa o‘qiladi

Iordaniya qiroli o‘z singlisi - Dubay amirining qochib ketgan rafiqasi taqdiriga aralashdi

Dubay amiri Muhammad bin Rashid Ol Maktumning BAAdan qochib ketgan rafiqasi voqeasida yangi burilish yuz berdi. Bu haqda 1news.az nashri xabar bermoqda. 

Malika Hayya bint al-Husayn turmush o‘rtog‘idan 40 mln dollarga yaqin pul va 2 qizi bilan birga qochib ketgan. Malika Londondagi Kensington saroyi yaqinidagi uydan qo‘nim topib, ajrashishga ariza bergan. Bu haqida iyun oxirida ma'lum qilingandi.

Malika farzandlariga vasiylik qilish huquqini olish uchun London oliy sudiga ariza bergan. U qizining majburan nikoh qurishdan himoyalashni va maxsus qo‘riqlash orderlari berishni so‘ragan. Uning turmush o‘rtog‘i – Dubay amiri malika va farzandlarining Dubayga qaytarilishini talab qilmoqda. Biroq oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, bu yuz bermasligi mumkin.

Arabian Royal Agency ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu voqeaga malikaning akasi – Iordaniya qiroli Abdulloh II’ aralashib, singlisini Iordaniyaning Britaniyadagi elchisi o‘rinbosari etib tayinlagan va shu tariqa malikani va farzandlarini majburiy qaytarilishdan asrab qolgan.

Endilikda malika va uning farzandlari diplomatik daxlsizlikka ega bo‘ladilar va Britaniya ularni BAAga va turmush o‘rtog‘iga topshira olmaydi.

Biroq, ta'kidlanishicha, malikaning diplomatik lavozimga tayinlanishi Britaniya hukumati tomonidan ma'qullanishi kerak, u esa bu tayinlovni qabul qilishi yoki rad etishi ham mumkin. 

Mavzuga oid