O‘zbekiston | 16:00 / 11.09.2019
23938
3 daqiqa o‘qiladi

«Kontrakt aslida ta'lim xarajatini to‘liq qoplashi kerak. Lekin hozir 68 foizini qoplayapti xolos» ─ Vazir o‘rinbosari

10 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan «2019 yilda oliy ta'lim muassasalarida to‘lov kontrakt asosida o‘qitish qiymatining o‘rnatilishi» mavzusidagi matbuot anjumanida Oliy ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov talabalar to‘laydigan kontrakt xarajatlarni qoplashga yetmasligi haqida gapirdi.

Vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, 2019 yilning sentabr oyidan boshlab oliy ta'lim muassasalari uchun to‘lov-kontrakt miqdori 18 foizga oshirildi. Va bu qiymat kamaytirilmaydi.

«Belgilangan shartlarga ko‘ra talabalar to‘laydigan kontrakt ta'limga ketayotgan xarajatni to‘liq qoplashi kerak. Lekin hozir xarajatlarning 68 foizini qoplayapti, xolos. Qolgan qismi esa oliy ta'limda kadrlar tayyorlanishidan manfaatdor bo‘lgani uchun davlat budjetidan qoplanmoqda. Lekin davlat daromadining ham cheki bor. Agar kontrakt narxi kamaytirilsa, chegirma hisobidagi bo‘shliqni to‘ldirish ham davlat budjeti hisobiga tushadi. Lekin budjet ham xalqdan olinadigan pul hisobiga to‘ldiriladi-ku?», deya Buzrukxonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari qat'iylashtirilgan stipendiya miqdori nega aynan 400 ming so‘mligiga izoh berdi.

«O‘zbekistonda talabalarning 62 foizi 3 bahoga o‘qiydi. 3 baho uchun 374 ming so‘m stipendiya belgilangan. Uni yaxlitlab, 400 ming so‘m qilib oldik. Chunki kassir ham kamini bera olmay qolishi, u ham bir jinoyatni boshlashi mumkin. 600 ming qilib qo‘ysak, kimgadir malol kelishi mumkin», deya bu qiymatni izohladi Buzrukxonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, stipendiyaning qat'iylashtirilgan miqdorini belgilashda talabalar, rektorlar kengashi bilan muhokama qilingan, oliy ta'lim muassasalari bilan kelishilgan.

«Oliy ta'lim muassasasi rahbarlarining fikri ham jamoatchilik fikrini beradi. Biz talabalarning ham fikrini oldik», deya ta'kidlaydi Buzrukxonov. 

Mavzuga oid