Jamiyat | 19:54 / 12.09.2019
93974
10 daqiqa o‘qiladi

«Straus House» o‘zini oqlashga urinmoqda. Aytilgan 5 mingta jo‘ja qayerda?

Kun.uz saytida xalq orasida «Straus House» nomi bilan tanilgan korxonadan millionlab pullarini ololmayotgan fuqarolarning murojaatlari yoritilgan edi.

Shundan so‘ng, joriy yilning 7 sentabr kuni «Poytaxt» biznes-markazida so‘nggi vaqtlarda ko‘plab fuqarolarning noroziliklariga sabab bo‘layotgan «STRAUS HOUSE» MChJ tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun uchrashuv tashkil qilindi. Tashkilotchilar tomonidan «brifing» deya e'lon qilingan mazkur uchrashuv tom ma'noda «STRAUS HOUSE» MChJ va uning tadbirga taklif qilinmagan mijozlari o‘rtasidagi ochiqchasiga tortishuvga aylanib ketdi.

Ko‘pchilik ushbu tadbir «Straus House» MChJdan jabr ko‘rgan fuqarolar muammolarining yechimiga qaratilgan bo‘lishini kutgandi. Uchrashuv esa jamiyat ta'sischisi Ibrohim Isroilovning mehmon sifatida taklif qilingan Kun.uz muxbiriga agressiv ruhda tashlanib, sayt orqali e'lon qilingan materiallarga nisbatan o‘z munosabatini bildirishidan boshlandi.

«Straus House» o‘z mijozlarining barchaga ma'lum bo‘lgan muammolarini hal etishning yo‘llari bilan o‘rtoqlashish o‘rniga tahririyatni asossiz maqola chiqarishda ayblashi yig‘ilish qatnashchilarining hayratiga sabab bo‘ldi.

Kun.uz tahririyati odamlarda «Straus House» MChJ faoliyatiga yoki umuman tuyaqushchilik sohasiga qarshi kayfiyatni shakllantirishni maqsad qilmagan. Ushbu maqolalar «Straus House» MChJ bilan tuyaqush uchun shartnoma tuzib, millionlab miqdorda pul to‘lab, jo‘jalarni ham, pulini ololmayotgan fuqarolarning tahririyatga yo‘llagan murojaatlari asosida tayyorlangan va e'lon qilingan. Vaholanki, maqolalarni tayyorlashda «Straus House» MChJdan izoh olishga harakat qilingan, biroq bu urinishlar zoye ketgandi.

Qolaversa, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 34-moddasiga ko‘ra, yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositasida e'lon qilingan, haqiqatga mos kelmaydigan hamda o‘zining sha'ni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlovchi ma'lumotlar uchun raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqli. Biroq, o‘tgan vaqt mobaynida saytda e'lon qilingan maqolalar yuzasidan «Straus House» MChJ tomonidan biror munosabat bildirilmadi. Shuning o‘zi ham kompaniya olib borayotgan faoliyatning to‘g‘ri va shaffofligiga bo‘lgan shubhalarni yanada oshiradi.

Kichik bahsli holatdan so‘ng, kompaniya ta'sischisi ayni vaqtda muammolarga duch kelayotgan mijozlar bo‘yicha tushuntirish berib o‘tdi.

«Shu vaqtgacha bizda muammolar vujudga kelmagan edi. Faqat shu yil orada 3 oy to‘xtalish bo‘ldi. Buning sababi Janubiy Afrikada qish mavsumi ularda sovuqroq kelgani bilan bog‘liq. Bizda yoz juda issiq kelganidek, ularda ham qish mavsumi juda sovuq kelgan. Bizga Janubiy Afrikadan xat keldi. Buni o‘zbekchaga tarjima qildik. Biz shu orqali hamda o‘zimning intervyularim bilan murojaat etdik. Shuningdek, masala yuzasidan bir necha saytlarda ham e'lonlar berdik. Biz hech qayoqqa qochib ketganimiz yo‘q. Avgust oyidan jo‘ja yetkazib berishni boshladik. Jo‘jalarni olishmoqda», – deydi kompaniya ta'sischisi Ibrohim Isroilov.

Ibroxim Isroilov

U so‘zlarini tugatar-tugatmas yig‘ilishga yetib kelgan mijozlar o‘z e'tirozlarini bildira boshlashdi.

Bahodir Umrzoqov: - «Muammo yuzasidan xalq jabr ko‘ryapti. Kredit olgan fuqarolar bor. Bizga o‘xshaganlar bor. Ularga hech narsa qilib berilgani yo‘q-ku? Ariza yozildi, lekin natija bo‘lgani yo‘q. Men o‘zim 29 yanvar kuni 10ta jo‘ja uchun 50 foiz pulini to‘laganman. Shuncha vaqt o‘tsa ham natija bo‘lmadi. Hammasi zo‘r aytilgan gaplar, lekin amalda qani?! Amalda hech narsa bo‘lmayapti».

Bahodir Umrzoqov

Bahodir Jo‘rayev: - «Juda kuchli notiq ekansiz. Vijdonim qiynalsa ham chidab, gaplaringizni eshitib turdim. Endi siz ham chidab eshitib o‘tirasiz. 1 iyun kuni jo‘jalar berilishi kerak edi. Telefon qilganimda 4 iyun kuniga keling, deyishdi. Xo‘p deb kutdik. Bu muhlat yana 15 iyunga ko‘chdi, keyin esa 30 iyunga kechiktirildi. Iyul oyi o‘rtalarida shartnomani bekor qilishga majbur bo‘ldim. Shuncha vaqt va'dangizga ishonib kelgandim. Men sizdan o‘sha pulimni talab qilyapman, xolos. Qachon mening pulim va shartnoma bo‘yicha hisoblangan kompensatsiya pullarimni to‘lab berasiz?».

Bahodir Jo‘rayev

Mijozlarning fikriga ko‘ra, kompaniya ta'sischisi I.Isroilov «Straus House» kompaniyasi yuritayotgan biznes shaffofligi va unda yolg‘on yo‘qligini ochiq muloqotga chiqish yo‘li bilan isbotlashi hamda ularning haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotgan savollariga javob berishi lozim bo‘ladi.

Buning uchun «Straus House» vakillariga quyidagi savollarga ishonarli tarzda, dalillari bilan javob tayyorlab, ommaga havola etishni taklif qilamiz:

1.     Brifingda, hozir karantin zonasida 5000 (besh ming) dona tuyaqush jo‘jasi saqlanayotgani aytildi. Tahririyat vakilining birgalikda borib ko‘rish haqidagi taklifi esa, «jo‘jalar kasal bo‘lib qolishi mumkin» degan vaj bilan rad etildi. So‘z isboti tariqasida «Straus House» mijozlariga 5000 dona jo‘ja videotasvirga olib ko‘rsatilishi, videoni veterinar qo‘ygan talablar bo‘yicha viruslardan zararsizlantirilgan, xolis KUN.UZ operatori tasvirga olishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

2.     «Straus House» MChJ ta'sischisi I.Isroilov o‘z chiqishlaridan birida 40 ming dona tuyaqush jo‘jasi sotilganini va bu bilan limit to‘lganini aytgan. Bu raqamni dalillash uchun mijozlarga respublika hududiga olib kirilgan jo‘jalarning hisobini O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasidan olingan rasmiy ma'lumot bilan isbotlash talab etiladi. Shuningdek, agar belgilangan limit to‘lgan bo‘lsa, nega hali-hanuz joylarda kompaniya reklamalari davom etmoqda?

3.     Tahririyat qo‘lga kiritgan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Yunusobod filialida «Straus House»dan norozi bo‘lgan 30 nafarga yaqin fuqarolarning murojaatlari o‘rganilmoqda. Ular «Straus House»ga to‘laganiga 6 oydan oshiq vaqt o‘tgan mablag‘ miqdori esa qariyb 1 milliard so‘mni tashkil qiladi. «Straus House» vakillari aytishganidek, «mijozlarning huquqlari kompaniya uchun birinchi o‘rinda turishi» rost bo‘lsa, ushbu mablag‘lar o‘z egalariga qaytarilishi lozim. Chunki, xuddi Afrikada qish mavsumida jo‘ja ochib chiqmagani kabi, O‘zbekiston sharoitida ham qishda jo‘jani boqib bo‘lmasligi sababli mijozlar endi jo‘jalarni emas, aynan pullarini qaytarib olishni istashmoqda.

4.     Bir necha kun muqaddam ommaviy axborot vositalari orqali berilgan intervyuda «Straus House»ning hududlarda 18 nafar oliy toifali veterinar-shifokorlari borligi aytilgandi. Biroq, kompaniya mijozlarida ular haqiqatda mavjudligiga shubha bor. Kompaniya hududlardagi veterinar-shifokorlarning ro‘yxati va ular bilan tuzilgan mehnat (yoki boshqa shakldagi) shartnomalarini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

5.     Yuqoridagi intervyuda shuningdek, kompaniyada 100 nafarga yaqin odam faoliyat yuritishi aytilgan, biroq brifingda avval 50 nafar, ishdan bo‘shashlardan so‘ng 31 nafar xodim faoliyat yuritishi ma'lum qilindi. Ayni vaqtda ushbu holatga asosli tarzda oydinlik kiritish zarur.

Shuni unutmaslik va doimiy yodda tutish lozimki, bu aslo KUN.UZ va «Straus House» MChJ o‘rtasidagi bahs emas. Bu aynan «Straus House»dan jabr chekkan fuqarolarning dardi va hasratlariga jamoatchilikning, ayniqsa «Straus House»ning e'tiborini qaratish orqali ularning muammolariga yechim topishga qaratilgan harakat, xolos. Tahririyat shu kunga qadar fuqarolar, yuridik shaxslar, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan yo‘llangan murojaatlar asosida jamiyatdagi o‘tkir muammolarni yoritib bormoqda. Fuqarolarning huquqlarini ta'minlash, tadbirkorlik rivoji uchun vakolat doirasida ko‘mak berishga doim tayyormiz.

Mavzuga oid