Jamiyat | 20:02 / 13.09.2019
7440
5 daqiqa o‘qiladi

Tanqidga munosabat: Buloqboshidagi ko‘p qavatli uylarda kamchiliklar bartaraf etilyapti

Murojaatlar ortidan tanqidiy-tahliliy maqola yozgani joylarga chiqib, bor muammolarni to‘liq o‘rganganimizdan so‘ng maqola e'lon qilinadi.

Taajjublanarlisi,  mutasaddilarning tanqidga nisbatan munosabati ikki xil bo‘ladi.

Ba'zi rahbarlar kamchiliklarni tan olmay, xaspo‘shlab, hech qanday muammo yo‘qligini isbotlash uchun raddiya yozish yo‘lini ma'qul ko‘radi. Qani edi RADDIYa bilan masala hal bo‘lsa...

Tanqidni to‘g‘ri tushunib, sog‘lom fikrlagan mutasaddilar esa, mavjud muammoni zudlik bilan hal etish yo‘lini tanlaydilar.

10 sentabr kuni KUN.UZ saytida Andijon viloyati, Buloqboshi tuman markazidagi M. Ismoiliy MFY hududidagi ko‘p qavatli uylardagi ta'mirlash va obodonlashtirish ishlaridagi kamchiliklar to‘g‘risida «Hammayoqni rasvo qilib ketishdi. Ta'mirlash kimning manfaati uchun edi?» — Buloqboshidagi «Sirli shirkat» haqida” sarlavhasi bilan tanqidiy material e'lon qilingan edi.

Maqola keng ommaga taqdim etilgach, Buloqboshi tuman hokimligi, Andijon viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi vakillari  ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi vakillari bilan o‘sha kunning o‘zida uchrashib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga kirishishgan.

Buloqboshi tuman hokimi O‘tkirbek Ma'murov xonadon sohiblari arzlarini tinglab, tezkor ravishda obodonlashtirish ishlarini boshlagan.

Tanqidiy maqolada yonma-yon joylashgan uchta ko‘pqavatli uylarda yashovchi aholining Xalq banki krediti asosida olib borilgan ta'mirlash ishlari oxiri yetkazilmaganligi va oshiqcha narxda hisoblangani ta'kidlab o‘tilgan edi.

Andijon viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Mash'albek Tajiboyev ham aholi vakillari bilan uchrashib, mavjud muammolarni hal etishga kirishgan. Boshqarma  tomonidan ishchi guruh tuzilib, ekspertlar «Buloqboshi qurilish servis», «Omadillo savdo lyuks» jamiyatlari tomonidan olib borilgan ta'mirlash ishlarini hisob-kitob qilishni boshlashgan.

Aholi vakillarining taklifiga binoan biz yana Buloqboshiga bordik. Uch kun ichida viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi hamda Buloqboshi tuman hokimligi tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilibdi.

“KUN.UZ saytida tanqidiy maqola chiqqan kuni tuman hokimligi, kommunal soha xodimlari kelib, biz bilan suhbat o‘tkazishdi. Ertasi kunidan boshlab esa ta'mirlashdagi kamchiliklarni bartaraf etish ishlari boshlangan. Hovlimizdagi hojatxona ta'miri boshlanib, mana bugun tomini yopishmoqda. Axlatxona qurilishi ham boshlangan. Barcha ochiq turgan kanalizatsiya lyuklarini berkitishdi. Ichimlik suvi quvurlari, jo‘mraklari ta'mirlandi. Uch kun ichida hammasi tartibga keltirildi. Mutasaddilar tomonidan muammolarimiz tezkor ravishda hal qilishga kirishilganidan xursandmiz.”, deydi Murodjon ota Teshaboyev.       

Viloyat kommunal soha mutasaddilari bilan Buloqboshi tumanining chekka hududi bo‘lgan Sanoat, “Neftchilar”, “Balandchek” MFYlarida imtiyozli mablag‘lari hisobidan mukammal va joriy ta'mirlanayotgan 38 ta uyda olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdik.

 Shuni yana bir bor ta'kidlab o‘tmoqchimiz. Saytimizda berilayotgan tanqidiy ruhdagi maqolalar joylardagi kamchiliklardan mutasaddilarni xabardor qilish va masalani hal etish maqsadida yoziladi.

 Maqolalarga raddiya bilan emas, real tarzda qilingan ishlar bilan javob berilgani ma'qul. Bu borada Andijon viloyati mutasaddilarining munosabatini alohida tilga olib o‘tishimiz mumkin.

 Zero, barchamizning maqsadimiz, vazifamiz bir - xalq farovon yashashi uchun xizmat qilish.  

                                                                                              Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid