O‘zbekiston | 23:28 / 14.09.2019
23790
3 daqiqa o‘qiladi

Senator: bugun yana o‘sha-o‘sha bachkanalik, manmanlik, pul sochish, qator-qator mashinalarda sayr qilish holatlari avjga chiqdi 

«To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik Palatasi va Senati Kengashining qo‘shma majlisida muhokama qilindi va Senatning 22-yalpi majlisida tasdiqlandi. 

Muhokama davomida so‘zga chiqqan Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Iqbol Mirzo dabdababozlik holatlarini tanqid qildi.

Uning ta'kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan to‘ylar va kortejlar bilan bog‘liq lavhalar aqli bor odamni hushyor torttiradi. 

«Ko‘rinib turibdiki, to‘y-hasham, ortiqcha dabdaba, isrofgarchilik kabi holatlar asrlar davomida bizni taraqqiyotdan ortga tortib kelyapti. Shuning uchun 2018 yildan bu masalaga jiddiy e'tibor qaratib, tegishli qarorlar qabul qilganimizdan xabaringiz bor. 

Lekin biz mazkur hujjatlarda mas'uliyatni asosan jamoatchilik, hududlardagi komissiyalar zimmasiga yuklagandik. Afsuski, natija kutganimizdek bo‘lmadi. O‘sha paytda dabdabalar biroz pasaygan bo‘lsa-da bugun yana o‘sha-o‘sha bachkanalik, manmanlik, pul sochish, qator-qator mashinalarda sayr qilish holatlari avjga chiqdi», deya ta'kidladi senator.

Iqbol Mirzo ayrim fuqarolar dabdabali to‘y marosimlari va ularni o‘tkazishga sarflanadigan katta xarajatlar oqibatida qarzga botib, undan qutulish maqsadida chet elga ishlash uchun chiqib ketayotgani haqida ham gapirdi.

«Endi kamiga yaqinda “papka to‘yi” degan bemaza marosim ham paydo bo‘libdi. Bunday marosimlarni tashkil etayotgan shaxslarda tadbirlarni obro‘liroq joyda o‘tkazishga, moddiy mavqei bilan maqtanishga intilish kuchaymoqda», deya yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga munosabat bildirdi senator.

Yangi qat'iy qarorning qabul qilinishi bu kabi ortiqcha va dabdabali holatlarni cheklashiga umid bildirilmoqda.

Mavzuga oid