Jamiyat | 19:33 / 16.09.2019
59197
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda tuman hokimiga tuhmat qilishda ayblangan bloger 13 sutkaga qamaldi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bloger orden bilan taqdirlangan hokimlarni tanqid qilgani uchun jazoga tortilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Kun.uz nashriga ma'lum bo‘lishicha, 2019 yil 12 sentabr kuni Shahrixon tuman ma'muriy sudi raisi S.Rasulov raisligida ushbu ish ko‘rib chiqilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzar N.J. 2019 yil sentabr oyida Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonovga nisbatan Shahrixon tumani «Qum» QFY hududida «Obod mahalla» Davlat dasturi doirasidagi ishlar sifatsiz amalga oshirilgani va pullar o‘zlashtirib yuborilganini aytib unga nisbatan tuhmatdan iborat xabarlarni tarqatgan.

Tuman prokuraturasining o‘rganishlari bo‘yicha dastur doirasidagi elektr moslamalari o‘rnatish-ta'mirlash ishlari, unga mablag‘ ajratish ishlari tuman hokimiga bog‘liq emasligini aniqlagan. Shu asosda tuman hokimi X. Dadaxonovga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etgan.

Shuningdek, 7-9 sentabr kunlari huquqbuzar tuman hokimiyati ma'muriy binosiga kelib, tuman hokimini uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgani, ishchilarning tinchini buzgani haqida ma'lumotlar keltirilgan. Blogerning harakatlari «mayda bezorilik» deya baholangan.

Bloger sudda o‘ziga qarshi aytilgan gaplarni inkor etgan va hech kimni haqorat qilmagani bo‘yicha ko‘rsatuv bergan. U prezident virtual qabulxonasiga qo‘ng‘iroq orqali murojaat qoldirgan. Murojaatda xalq manfaatini ko‘zlamagan deya Yakkabog‘ tumanidagi holatni misol qilib keltirgan.

Shuningdek, u o‘ziga qarshi ko‘rsatma berganlar xolis guvohlar emasligi, ularning barchasi hokimiyat vakillari bo‘lishgani uchun o‘ziga tuhmat qilingani haqida gapirgan.

U Facebook’dagi «Xalq nazorati» guruhida tuman hokimi tomonidan mablag‘lar o‘zlashtirilgani va viloyat hokimlari mukofotga arzimasligi haqida yozib qoldirganini tan olgan. U buni so‘z erkinligidan foydalanish, deya e'tirof etgan.

Sud jarayonida 6 nafar guvoh tinglangan, moliyaviy nazorat tashkilotlarining dalolatnomalari tekshirilgan. Huquqbuzarning ko‘rsatmalari esa javobgarlikdan qutulish maqsadida aytilgan, deya hisoblangan.

Sud qaroriga ko‘ra, bloger ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida kodeksning 40-moddasi (tuhmat), 41-modda (haqorat qilish), 183-moddasi (mayda bezorilik) kabi huquqbuzarliklarda aybli deb topilgan. Aybdorga nisbatan 13 sutka ma'muriy qamoq jazosi qo‘llangan.

Taraflarga tegishli tartibda shikoyat berish huquqi tushuntirilgan. 

 

Mavzuga oid