Jamiyat | 14:40 / 18.09.2019
10295
3 daqiqa o‘qiladi

«Oila» markazi: yarashtiruv komissiyalari faoliyati talabga javob bermaydi

Foto: «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi

«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan o‘z-o‘zini boshqarish organlari huzuridagi yarashtirish komissiyalari faoliyati tahliliga bag‘ishlangan taqdimot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda ma'lum qilinishicha, o‘tkazilgan o‘rganishlar xulosasiga ko‘ra, yarashtiruv komissiyalarining faoliyati talabga javob bermaydi.

Oilalardagi nizolarni hal qilish bilan shug‘ullanuvchi yarashtirish komissiyalarining faoliyat samaradorligini baholash maqsadida «Oila» markazi mutaxassislari tomonidan aholi zich joylashgan Andijon viloyatining uchta tumanida hamda Farg‘ona viloyatining uchta tumanida ijtimoiy so‘rovlar, monitoring o‘tkazildi. Monitoring xulosalariga ko‘ra, yarashtiruv komissiyalari faoliyatida bir qator kamchiliklar mavjud.

«Oila» markazi mutaxassisi Inobat Karimovaning so‘zlariga ko‘ra, yarashtiruv komissiyalari faoliyati jamoatchilik asosida bo‘lgani uning samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Yarashtirish jarayonlarini o‘tkazish uchun hech qanday reglament belgilanmagan. Komissiya tegishli tayyorgarligi bo‘lmagan keng doiradagi shaxslarni jamoatchilik asosida yarashtirish jarayonlariga jalb etmoqda. Oilaviy nizoni o‘rganish yoki yarashtirish jarayonida komissiya a'zolarining oila bilan ishlash etika qoidalari aniq belgilanmagan.

«O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, komissiyalar ishida ishtirok etayotganlarning 68,7 foizi yarashtirish komissiyasida ishlash uchun hech qanday tayyorgarlikdan o‘tmagan. 61,9 foizi maxsus metodik qo‘llanmalarga ega emas. Komissiya a'zolarining 20 foizi oilalarni yarashtirish bo‘yicha kerakli bilim va ko‘nikmalarga ega emas. A'zolarning 23 foizi komissiyaning yarashtirish jarayonlarida faol ishtirok etmaydi, 2,2 foizi umuman qatnashmaydi. Komissiya ishida faol qatnashmaganlarning 33,3 foizi vaqti yo‘qligini ro‘kach qilgan», ─ deyiladi monitoring xulosasida.

«Yarashtirish komissiyasi a'zolari komissiya faoliyati haqidagi Nizom normalari haqida yetarlicha tushunchaga ega emas. Komissiya a'zolari o‘rtasida vazifalar aniq taqsimlanmagan. Komissiyaning yarashtirish jarayoni natijalarining tizimli monitoringi yo‘lga qo‘yilmagan», ─ deydi Inobat Karimova.

Ma'lum qilinishicha, komissiyalar faoliyatini yaxshilash, muvofiqlashtirish maqsadida «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqilgan. Xususan, yarashtirish komissiyasi haqidagi Nizomni qayta ko‘rib chiqish hamda «Mediatsiya to‘g‘risida»gi qonunga bog‘lagan holda takomillashtirish, «Oilani saqlab qolishga yoki mojaro va nizolar yechimiga yo‘naltirilgan mediatsiya» bo‘yicha metodik qo‘llanma ishlab chiqish, «Oila» markazi maxsus o‘quv kursi bazasida yarashtirish komissiyasi a'zolarining yangicha yondashuv asosida malaka oshirishini tashkil etish taklif qilinmoqda.

Mavzuga oid