O‘zbekiston | 18:25 / 19.09.2019
18867
9 daqiqa o‘qiladi

Investitsiya va tashqi savdo vazirligi: 8 oyda jalb qilingan xorijiy investitsiyalar 8,3 mlrd dollardan ortdi

Bugun, 19 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2019 yil 28 yanvarda imzolangan farmoni yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Berilgan ma'lumotlarga qaraganda, investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlari, Tashqi savdo vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashkil etildi va uning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Bu vazirlik investitsiya va savdo faoliyatiga yoki siyosatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan muammolarni o‘rganish va ularni hal etishda yetakchi bo‘g‘in hisoblanadi. 

Vazirlik mutasaddilari savollarga quyidagicha javob berishdi:

– Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekistonning investitsiyalar jalb qilishdagi o‘rni qanday? Qo‘shni davlatlar bilan solishtirganda biz qanday darajalarga erishyapmiz?

– Shubhasiz, so‘nggi yillarda mamlakat investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, byurokratik to‘siqlarni bekor qilish, valutani erkinlashtirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar investitsiyalarni, ayniqsa xorijiy investitsiyalar jalb qilishni keskin oshirishda muhim o‘rin egalladi.

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning o‘sish sur'atlari bo‘yicha bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. 

Xususan, joriy yilning o‘tgan 8 oyida jalb qilingan xorijiy investitsiyalar 8,3 mlrd. dollardan ortib, o‘tgan 2018 yilning mos davriga nisbatan 3 barobar o‘sdi.

Alohida e'tibor xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda tarmoqlar diversifikatsiyasiga qaratilmoqda. Jahon iqtisodiyotiga, shu jumladan markaziy Osiyo davlatlariga jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar tarkibi tahlil qilinganda, ular asosan xom-ashyo resurslarini qazib olishga, xususan, neft-gaz tarmog‘iga qaratilganligini kuzatish mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda xorijiy investitsiyalar tarkib jihatdan ham tubdan o‘zgarmoqda va boshqa tarmoqlar o‘rtasidagi diversifikatsiyaga e'tibor qilinmoqda. Jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning faol o‘sishi sur'atlari metallurgiya (2,4 barobar), tekstil sanoati (2,7 barobar), farmatsevtika sanoati (6,3 barobar), oziq-ovqat sanoatida (3,1 barobar) kuzatish mumkin.
 
Xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning keskin o‘sish sur'atlarini hududiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarda ham kuzatish mumkin. Jumladan, ushbu investitsiyalarning o‘sish hajmi 2018 yilning mos davriga nisbatan 10 barobarni tashkil etdi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yilda xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish ishlari yanada faollashtirilib, uning keskin o‘sish sur'atlari energetika sohasi (53 barobar), kimyo sanoati (3 barobar), elektrotexnika tarmog‘i (6,3 barobar), IT-texnologiyasi (4,2 barobar), qishloq xo‘jaligi (3 barobar) va qurilish materiallarini ishlab chiqarish tarmog‘ida (1,5 barobar) kuzatiladi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki BMTning savdo va rivojlanish bo‘yicha konferensiyasi (YuNKTAD), shuningdek Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OESR) hisobotiga ko‘ra jahon mamlakatlari iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish sur'atlari so‘nggi 3 yi ichida kamayish tendensiyasiga ega bo‘lib, 2018 yilda bu ko‘rsatkich o‘rta hisobda 19% kamaygan bir sharoitda, Osiyo davlatlarida o‘rta hisobda 5% o‘sish sur'atlari kuzatilgan. Shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlarida o‘sish sur'atlari o‘rtacha 8-10% tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida o‘sish sur'atlari 3 barobarni tashkil etgan. 

– O‘tgan 8 oy vaqt davomida farmonga muvofiq qanday ishlar amalga oshirildi?

Investitsiya yo‘nalishi bo‘yicha.

Joriy yilning 1 sentabr holatiga o‘zlashtirilgan investitsiyalar quyidagilarni tashkil etdi:

Davlat ahamiyatiga ega ijtimoiy (maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari, musiqa va sport maktablari) va infratuzilma (ichimlik suvi va kanalizatsiya, avtomobil yo‘llari qurilishi) obektlari uchun budjet mablag‘lari hisobidan 11,1 trln so‘m yoki 2019 yilga ajratilgan mablag‘larning 73%i;

Hukumat kafolati ostida jalb qilingan xorijiy investitsiyalar 2,5 mlrd. dollarni yoki yillik rejaning 88%i;

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan – 698 mln. dollar yoki yillik rejaning 78%i;

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar – 5,8 mlrd. dollarni yoki yillik rejaning 76% o‘zlashtirilishi ta'minlandi. 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi asosida joriy yilda 7 mlrd. dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb qilish kutilmoqda (ya'ni 2018 yilga nisbatan 3 barobar o‘sishni tashkil etadi).

Shu bilan birga o‘tgan davr mobaynida qiymati 536,6 mln. dollar bo‘lgan 93 ta ishlab chiqarish obektlari ishga tushirilib, 4727 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Eksport yo‘nalishi bo‘yicha.

Joriy yilning 1 sentabr holatiga 8,4 mlrd. dollarlik mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirilib, yillik reja ko‘rsatkichlari 66 foizga bajarilgan bo‘lsa, hisobot davri uchun belgilangan reja ko‘rsatkichlari 104 foizga bajarilgan hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 122 foizga o‘sishi ta'minlangan. 

Hisobot davrida 1786 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etilib, ular tomonidan 600 mln. dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi, 63 ta yangi turdagi mahsulotlar eksporti o‘zlashtirilib, mahsulotlar eksport geografiyasi 42 ta davlatlarga kengaytirildi. 

Eksporter korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, eksport jarayonidagi mavjud muammolarni aniqlab ularni tezkorlik bilan hal etish maqsadida Hukumat qarori bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri boshchiligida Respublika komissiyasi tashkil etilgan bo‘lib, so‘nggi 3 oy mobaynida ushbu komissiya hamda vazirlikning tumanlarga biriktirilgan xodimlari respublika hududlariga tashrif buyurgan holda har bir eksporter korxonalar faoliyati bilan tanishib chiqdi, ularning faoliyatidagi mavjud muammolar o‘rgandi va ularni joyida hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirdi.

Shuningdek, eksport faoliyatidagi tizimli muammolarni hal etish yuzasidan Prezident Administratsiyasiga tegishli takliflar kiritilib, bir qator tizimli muammolar hal etildi.

– O‘zbekiston Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a'zo bo‘lishi haqida qanday yangiliklar bor?

O‘zbekiston Respublikasining JSTga a'zo bo‘lish jarayonini samarali tashkil etish va muntazam ravishda monitoring qilish yuzasidan Chora-tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) tasdiqlangan.

Bugungi kunda ushbu chora-tadbirlar ijrosi bo‘yicha Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri boshchiligida JST bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiyaning tarkibi tasdiqlangan.

Joriy yilning 16 mart va 16 iyul kunlarida ushbu Komissiyaning yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish natijalariga binoan, O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo rejimi to‘g‘risidagi Memorandumning yangilangan nashri JST Kotibiyatiga yuborildi.

Bugungi kunda JSTga a'zo bo‘lish bilan bog‘liq bir qator hujjatlar loyihalarini tayyorlash ishlari yakuniga yetkazildi: bojxona baholashi to‘g‘risidagi ma'lumotlar, importni litsenziyalash, savdodagi texnik to‘siqlar, sanitariya va fitosanitariya choralari va boshqa hujjatlar shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, tovarlar va xizmatlar bozoriga kirish uchun dastlabki takliflar hamda intellektual mulk, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi hujjatlar loyihalarini tayyorlash ishlari davom etmoqda.

Bu borada tegishli vazirlik va idoralarning mas'ul vakillaridan tashkil topgan tovar va xizmatlar, intellektual mulk, qishloq xo‘jaligi, sanitariya va fitosanitariya chora-tadbirlari, savdodagi texnik to‘siqlar va boshqa masalalar bo‘yicha 9 ta idoralararo ishchi guruhlari tuzildi.

Joriy yil yakuniga qadar O‘zbekiston Respublikasining ushbu tashkilotga a'zo bo‘lishi yuzasidan JST ishchi guruhining 4-chi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. (Ma'lumot uchun: Ushbu Ishchi guruhning 3-chi yig‘ilishi 2005 yilda o‘tkazilgan).

Hozirda O‘zbekiston Respublikaning JSTga a'zo bo‘lishi jarayonida BMT, Jahon banki, Yevropa Ittifoqi, USAID, Koreya Respublikasi, Xitoy va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining moliyaviy-texnik ko‘maklarini jalb qilish yuzasidan faol ishlar amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid