O‘zbekiston | 12:53 / 21.09.2019
16999
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosida jyetonlardan foydalanilayotgani deputat tanqidiga sabab bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

Bugun O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida katta e'tibor qaratilayotgan sohalardan biri transport tarmog‘idir, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Yormamat Xoliyorov.

Aytilishicha, ko‘p yillar oldin loyihalashtirilib, ammo amalga oshirilishi orqaga surilib kelayotgan metro qurilishi bo‘yicha 3 ta yirik loyiha – “Sergeli”, “Yunusobod” hamda yerusti halqa metro yo‘lining davom ettirilayotgani, bunday metrolarni qurish uchun eng zamonaviy yerosti burg‘ilovchi qurilmalarning keltirilishi muhim voqelik bo‘ldi. 

“Eng muhimi, sohada juda katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. Ammo, barcha sohada kechayotgan yangilanishlar, zamonaviylik Toshkent metropolitenini chetlab o‘tayotgani achinarli, deb o‘ylayman.

Masalan, bugun butun dunyoda elektron to‘lovlar tizimi keng qo‘llanilyapti. Hattoki, mobil smartfonlarga o‘rnatiladigan dasturlar orqali NFC to‘lov tizimlari joriy etilmoqda. Bugungi kunda aloqasiz to‘lov tizimi London, Praga, Singapur, Kiyev va Sankt-Peterburg kabi dunyoning ko‘plab shaharlarida ishlaydi.

Toshkent metropolitenida esa, hali-hanuz jyetonlardan foydalanilayotgani bu kabi masalalarga yetarlicha e'tibor qaratilmayotgani, eskicha qarashlardan voz kecha olmayotganimizning yaqqol dalilidir.

Turizm haqida bong uramiz. Ammo sayyohlikning muhim talablaridan biri hisoblangan transport infratuzilmalarini jahon standartlari asosida tashkil qilish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish ko‘pincha xayolimizga ham kelmayapti. Buni Toshkent metropoliteni misolida ham yaqqol ko‘ryapmiz. Axir bu ham o‘zgarayotgan O‘zbekistonning imiji uchun yaxshi bir vosita bo‘lishi mumkin-ku. Yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarga, eng muhimi, xalqimizga zamonaviy xizmat ko‘rsatish, har jabhada rivojlangan davlatlardan ortda qolmaslikka harakat qilish lozim emasmi?” - deydi deputat.

Qayd etilishicha, bugun dunyoning ko‘plab davlatlari aeroportlarida qo‘llanilib kelayotgan harakatlanuvchi yo‘laklar (travolator) kabi yangiliklarni joriy etish kerak. 

Shuningdek, deputatning yozishicha, Yaponiyada yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan poyezd va platforma o‘rtasiga o‘rnatilgan “elektron harakatlanuvchi to‘siq”lar kabi yangiliklarni Toshkent metropoliteni rahbariyati ham o‘ylab ko‘rishi lozim.

“Albatta, sohadagi o‘zgarishlarga vakolatli organ sifatida Transport vazirligi tashkil etilgani bu borada yetarli darajada e'tiborni kuchaytirishni talab etadi. Nega biz rivojlangan davlatlarda qo‘llanilayotgan tajribani mamlakatimiz poytaxtidagi transport tizimiga joriy etishimiz qiyin bo‘lyapti? Axir bugun poytaxt aholisi allaqachon mobil tizimi orqali to‘lovlarni amalga oshirishga, internet do‘konlardan savdo qilishga, bir-biriga pul o‘tkazmalarni ham elektron tizimda amalga oshirishga o‘rgandi.

Lekin yo‘lovchi transporti, avtobus va metro, qolaversa, respublikamizdagi boshqa transport tizimida bunday imkoniyatlar mavjud emas. Deputatlarning joylarda aholi bilan bo‘lgan uchrashuvlar jarayonida mamlakatimizda transport sohasini isloh qilishda kuchli turtki zarurligi, eskicha qarash va qoliplardan voz kechib, yangilik tomon intilish kerakligi tez-tez takrorlanmoqda. Shu bois, aholini o‘ylantirayotgan bu kabi masalalarga vakolatli davlat organi — Transport vazirligi alohida e'tibor qaratishi, zarur bo‘lsa, bu masalani parlamentda muhokama etishimiz zarur, deb hisoblaymiz”, - deydi deputat.

Mavzuga oid