Jamiyat | 16:15 / 26.09.2019
138431
9 daqiqa o‘qiladi

Grin-karta o‘ynash uchun qizil pasport olish shartmi? AQSh konsuli batafsil izoh berdi

Foto: KUN.UZ

O‘tgan hafta grin-karta lotereyasining 2019 yilgi qoidalariga o‘zgartirish kiritilgani, xususan endilikda arizachilardan xalqaro sayohat pasporti seriyasini kiritish talab etilishi ma'lum bo‘ldi.

O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq holatda bu – joriy yildan muomalaga kiritilgan, 10 yil muddatga beriladigan, qizil rangli xorijga chiqish biometrik pasportini anglatadi.

Kun.uz muxbiri mazkur yangilik yuzasidan fuqarolarda tug‘ilayotgan qator savollarga javob olish maqsadida AQShning Toshkentdagi elchixonasi Immigratsion vizalar bo‘limi boshlig‘i Kori M Bender bilan suhbatda bo‘ldi.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, haqiqatan ham bu yil grin-karta o‘ynashni istovchi o‘zbekistonliklarga xorijga chiqish pasportlarini olishlari tavsiya etiladi.

– Dastur talablari yildan yilga qat'iylashtirib borilyapti, – deb gap boshladi Bender. – Bunga sabab – biz lotereya g‘olibi sifatida suhbat uchun keladigan fuqarolar anketani shaxsan o‘zlari to‘ldirgan bo‘lishlarini istayapmiz. Talabgorlardan yana ham batafsilroq ma'lumotlarni kiritishlarini so‘rashdan maqsad – firibgarlik holatlarining oldini olish. Demak, qo‘shimcha ma'lumotlar kiritish talabi arizachini ham himoyalashga xizmat qiladi.

Dasturning o‘zbekistonlik ishtirokchilariga ariza topshirish vaqtida shu yil amaliyotga joriy etilgan qizil rangli xorijga chiqish pasportlaridan foydalanishlarini qat'iyan tavsiya etamiz. Lotereya qoidalarida ham bu aniq belgilab qo‘yilgan – arizada ko‘rsatilgan pasport fuqaroga xorijga chiqish imkonini berishi kerak.

Texnik jihatdan, dasturda qatnashish uchun ko‘k rangli, ichki foydalanish uchun mo‘ljallangan pasportdan ham foydalanish mumkin, ammo ushbu pasportda xorijga chiqish ruxsatnomasi – OVIR stikeri bo‘lishi kerak. Mazkur holatda, ariza topshirilayotgan vaqtda pasportdagi OVIR stikerining amal qilish muddati o‘tmagan, ya'ni stiker hali ham amalda bo‘lishi zarur.

Texnik tomondan imkoniyat bo‘lsa-da, biz ro‘yxatdan o‘tish vaqtida amaldagi OVIR stikeri bor pasportlardan foydalanishni tavsiya etmaymiz. Chunki 2021 yilga kelib, ya'ni joriy yil o‘ynaladigan lotereya g‘oliblari suhbatdan o‘tadigan vaqtda hozirgi ichki foydalanishdagi yashil pasportlarning stikeri muddati tugagan bo‘ladi, eski namunadagi pasportlar muomaladan chiqqan bo‘lishi ham mumkin. Natijada ular huquqiy jihatdan yaroqli bo‘lmasligi ehtimoldan xoli emas.

Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2021 yil yanvaridan milliy ID-tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Ya'ni yangi ID-kartalar ichki foydalanishdagi yashil pasportning o‘rniga joriy etilishi kutilyapti. Shunday bo‘lib chiqqan taqdirda, yashil pasport bilan ariza topshirgan ishtirokchilar konsullikdagi suhbat vaqtida ular haqiqatan ham o‘zlariga tegishli bo‘lgan va OVIR stikeri bor bo‘lgan pasport bilan ro‘yxatdan o‘tganliklarini isbotlashga tayyor turishlari lozim.

Agar suhbat vaqtiga borib, seriya-raqami arizaga kiritilgan pasportingiz yo‘q bo‘lsa, u holda buni isbotlash juda qiyin. Isbotlay olmasangiz esa, dasturdan chetlashtirilasiz.

Shuning uchun ham talabgorlardan lotereyada qatnashishda qizil pasportdan foydalanishlarini qat'iyan tavsiya qilamiz. Agar sizda xorijga chiqish pasporti bo‘lmasa, xavotir olmang va uni olishga harakat qiling.

– Demak, OVIR stikeri bo‘lmagan yashil pasport bilan lotereyada qatnashib bo‘lmaydi, shundaymi?

– Ha, OVIR stikeri bo‘lmagan yoki muddati o‘tgan OVIR stikeri bo‘lgan yashil pasportlar ro‘yxatdan o‘tish uchun qabul qilinmaydi. Chunki dastur qoidalariga muvofiq, fuqaro arizada ko‘rsatgan pasport unga ariza topshirilayotgan vaqtda xorijga chiqish imkonini berishi shart. Faqat mamlakat ichkarisida foydalanish uchun mo‘ljallangan pasportlar DV lotereyasida qatnashish uchun qabul qilinmasligi alohida belgilab qo‘yilgan.

– Ishtirokchi turli sabablarga ko‘ra pasportini almashtirishiga to‘g‘ri kelgan hollarda qanday yo‘l tutishi lozim?

– Bu kabi holatlarda ishtirokchi nima qilishi kerakligi dasturning yangi qoidalarida belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, fuqaro konsullikdagi suhbat vaqtida vaziyatni to‘liq va ishonchli tushuntira olishi kerak. Qisqa qilib aytganda, talabgor pasportini o‘zgartirgan bo‘lsa, bu holat intervyu vaqtida muammo keltirib chiqarishi ehtimoldan uzoq emas.

– Dasturga oilaviy tarzda qatnashmoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun pasportga oid eng muhim jihatlarni sanab o‘tsangiz.

– Dasturda qatnashish uchun shaxsan o‘zi ariza topshiruvchi shaxs lotereya o‘yinidagi asosiy ishtirokchi sanaladi va u ariza to‘ldirish jarayonida eri yoki rafiqasi hamda 21 yoshga to‘lmagan barcha farzandlarini ko‘rsatishi lozim, ammo arizada faqat o‘zining pasport seriya-raqamini kiritishi talab etiladi. Asosiy ishtirokchidan uning oila a'zolari pasport seriya-raqamini ko‘rsatish so‘ralmaydi. Ya'ni er-xotindan har biri o‘z arizasida faqat o‘zining pasport ma'lumotini kiritadi.

– Bilishimizcha, janob prezident Donald Trampning grin-karta lotereyasiga munosabati salbiy. Bu esa dunyo bo‘ylab AQShda doimiy yashashni istovchilarning xavotiriga sabab bo‘lmoqda.

– Turli millatga mansub immigrantlar vizasi, ya'ni grin-karta lotereya dasturi qonun asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, bu degani unga faqat Kongress o‘zgartirish kiritishi mumkin. So‘nggi vaqtlarda tegishli qonun o‘zgartirilganicha yo‘q.

– AQSh Davlat departamentining 2018 yil bo‘yicha e'lon qilgan statistikasiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda vaqtincha yashash huquqini beradigan B1/B2 vizasi uchun ariza topshirgan o‘zbekistonliklarning 62 foiziga viza berish rad etilgan. Bu – Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi eng yuqori, sobiq ittifoq miqyosida esa ikkinchi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bu borada izoh bera olasizmi, viza talabgori bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga rad javobi berilishining eng ko‘p uchraydigan sabablari qaysilar?

– Men sizga faqatgina rasman chop etilgan statistik ma'lumotlarnigina keltirishim mumkin, bu raqamlarni siz ham ta'kidlab o‘tdingiz. Men Immigrant-vizalar bo‘limi boshlig‘i bo‘lganim bois noimmigratsiyaviy viza masalalari bo‘yicha izoh berish vakolatiga ega emasman.

Suhbat davomida Kori M Bender grin-karta lotereyasi g‘olibga faqatgina AQShda doimiy yashash vizasini olishga imkoniyat berishini ta'kidlab, hukumat vizadan boshqa AQShga yetib borish va u yerda yashash uchun hech qanday moddiy ko‘mak, ish o‘rni, ijtimoiy imtiyoz va ustunliklar bermasligini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

«Agar jarayon davomida talabgor AQSh hukumatidan shu kabi qo‘shimcha ko‘mak olishni niyat qilgani haqida bizga ma'lumot yetib kelsa, unga dastur doirasida viza berish rad etiladi», – dedi u.

Elchixona vakili, shuningdek, grin-karta dasturida qatnashuvchilar bilishi va amal qilishi kerak bo‘lgan quyidagi beshta oltin qoidani sanab o‘tdi.

1. Maxsus saytdagi arizani bevosita shaxsan o‘zingiz to‘ldirishingiz qat'iyan tavsiya etiladi.
2. Dasturda qatnashish davomida talabgordan faqat va faqat bitta holatda – AQSh konsulligiga viza uchun murojaat qilgandagina to‘lov amalga oshirish talab etiladi.
3. Fuqarolardan shaxsiy ma'lumotlarini ehtiyot qilishlarini so‘raymiz. Ko‘chada kimdir oldingizga kelib, grin-karta yutishni xohlaysizmi, deb ism-sharifingiz, tug‘ilgan sanangiz kabi ma'lumotlarni so‘rasa, juda-juda ehtiyot bo‘ling. Oqibati yaxshilikka olib kelmasligi mumkin.
4. Lotereyada bir kishi bir yil davomida faqat bir marta qatnashishi mumkin. Qayta topshirilgan arizalar dasturdan chiqarib yuboriladi.
5. Ism-sharifingiz pasportdagi bilan aynan bir xil yozilganiga e'tibor qarating. Taqdim etadigan suratingiz esa kamida oxirgi 6 oy ichida olingan bo‘lishi kerak.

AQSh elchixonasidan ma'lum qilishlaricha, grin-karta yangilangan qoidalarining o‘zbek tilidagi tarjimasi 1-2 hafta muddat ichida taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil uchun grin-karta lotereyasiga arizalar 2019 yil 2 oktyabridan 5 noyabriga qadar qabul qilinadi. Kompyuter dasturi yordamida tasodifiy tanlov bilan aniqlanadigan natijalar 2020 yil 5 mayida e'lon qilinadi. Bu galgi lotereya bilan jahon bo‘yicha 55 ming kishiga AQSh vizasi berilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid