O‘zbekiston | 15:26 / 27.09.2019
23895
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bir yilda o‘rtacha qancha suv ishlatilishi ma'lum bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

2019 yilning 27 sentabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini keng qo‘llashdagi muammolar va ularning yechimi” mavzusida ochiq dars o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, tadbir Senat Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan Suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda  irrigatsiya sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish maqsadida tashkil etildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatda foydalaniladigan suvning qariyb 20 foizi respublika hududida shakllanib, qolgan 80 foizi transchegaraviy daryolar – Amudaryo va Sirdaryodan olinadi. Mamlakatda bir yilda o‘rtacha 44-48 milliard kub metr suv ishlatilib, suv resurslarining asosiy qismi yoki 85 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligida sug‘orish maqsadlariga sarflanadi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, hozirgi vaqtda 3 million 200 ming gektar yerga 46 milliard kub metr suv sarflanib, uning 60 foizi ekinlarga yetib boryapti. Jami 180 ming kilometr sug‘orish tarmoqlarining 23 foizi beton qoplamali bo‘lib, ular ham 30-35 yildan buyon deyarli yangilanmagan. Bu esa suvdan samarali foydalanish, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, ayniqsa, tomchilatib, yomg‘irlatib, tuproq ostidan, egatlarga plyonka to‘shab va ko‘chma egiluvchan plastik quvurlar yordamida sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanishni talab etadi.

Shu maqsadda mamlakatda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda tejamkor texnologiyalarni joriy qilgan dehqon va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Xususan, prezidentning “Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi   va “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Uzumchilikni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi   qarorlariga asosan ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun har bir gektariga 8 million so‘m miqdoridagi subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 367-moddasiga binoan yer uchastkasining tomchilatib sug‘orishdan foydalanilayotgan qismida 5 yil muddatga yagona yer solig‘i to‘lashdan ozod etilishi belgilangan. Shu va boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi mazkur sohani rivojlantirishda asosiy omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Biroq suv resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish, ularni boshqarish va muhofaza qilish hamda dehqon va fermer xo‘jaliklariga suvni yetkazib berish xizmati davlat hisobidan amalga oshirilayotganligi sababli, fermer xo‘jaliklarining suv tejashga bo‘lgan mas'uliyati yetarli darajada emas. Xususan, bugungi kunda mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning 328 ming gektar yoki umumiy ekin maydonining bor yo‘g‘i 7 foizida tejamkor sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan. Vaholanki, qishloq xo‘jaligida tejamkor texnologiyalardan eng maqbuli tomchilatib sug‘orish texnologiyasidir. Uning afzalligi shundaki, an'anaviy usulda ishlatadigan suv miqdorining 40-50 foizi tejaladi, mehnat va resurs sarfi 30 foizga kamayadi. Qolaversa, bu usul o‘g‘itni 37 foizga qisqartirish va hosildorlikni 15-20 sentnerga oshirish, tuproq eroziyasi, yer osti suvi sathi ko‘tarilishi va sho‘rlanishini kamaytirish imkonini beradi.

Shu jihatdan tadbir davomida ilg‘or texnologiyalarni agrar sohaga joriy etish masalalari atroflicha muhokama etilib, ulardan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Mavzuga oid