Sport | 20:30 / 02.10.2019
13042
7 daqiqa o‘qiladi

Londonni «qizartirgan» Serj. «Arsenal» zaxirasidan «Bavariya» qahramonligigacha

Yevropa Chempionlar Ligasi guruh bosqichida ikkinchi tur o‘yinlari doirasida o‘z maydonida «Bavariya»ni qabul qilgan amaldagi finalchi «Tottenhem» 2:7 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ikkinchi bo‘limda «Bavariya» safida Serj Gnabri to‘rtta gol urdi. Bu shunchaki Chempionlar Ligasi guruh bosqichida qayd etilgan oddiy poker emasdi (aslida pokerning oddiysi bo‘lmaydi). Gnabri faoliyatidagi birgina chiziq uning «Tottenhem»ga urgan gollarining qadrini ko‘rsatadi: Serj professional faoliyatini 17 yoshida «Arsenal»da boshlagan...

2010 yilda «Arsenal» Gnabrini 100 ming funt evaziga «Shtutgart»dan sotib oladi. Keyingi yil yoshlar jamoasida o‘zini ko‘rsatgan Serj «to‘pchilar»ning asosiy jamoasiga qabul o‘tkaziladi. Yoshligida yengil atletika bilan shug‘ullangan futbolchi Vengerning xohishi bilan jamoaga olib kelingandi, ammo u «Arsenal»da asosiy tarkibga kira olmadi. Faqat yaxshi yugurishi bilan yodda qolgan Serj 2015 yilda APL o‘rtamiyonasi «Vest Bromvich»ga ijaraga beriladi. Ammo kelib chiqishi ivuarlik bo‘lgan bu futbolchi Toni Pyulisning pragmatik jamoasida ham aytarli hech narsa qila olmaydi.

2016 yilgi Rio olimpiadasi Gnabri uchun omadli keladi. Germaniya olimpiya jamoasi safida Braziliyaga yo‘l olgan futbolchi olimpiadaning futbol bahslarida 6 o‘yinda qatnashib, 6ta gol uradi. Rioda nemislarni faqat Neymar yetakchiligidagi Braziliyagina to‘xtatgandi. Olimpiadadagi muvaffaqiyatli ishtirok ham Gnabri uchun «Arsenal» asosiy tarkibining eshiklarini ocha olmaydi. U Londonga qaytganida «Arsenal» yarim himoyasida O‘zil, Sanches, Kasorla kabi futbolchilar bilan raqobatga kirishgandan ko‘ra jamoadan ketish ma'qulroq ekanini tushundi.

Arsen Vengerni faoliyatidagi muhim insonlardan biri deb hisoblaydigan Gnabri «Arsenal»dan ketish o‘zi uchun qiyin qaror bo‘lganini aytadi. 2016 yilgi mavsumni Germaniyaning «Verder» klubida o‘tkazgan Gnabri chinakamiga ochildi. Nemislar klubida porlashning eng yuqori cho‘qqisi quyidagicha baholanadi: futbolchini «Bavariya» o‘z safiga qo‘shib oldi. Myunxenda esa Gnabrining haqiqiy yulduzli onlari boshlanadi.

Gnabri «Arsenal»da O‘zil, Kasorla kabi yulduzlar soyasida qolib ketgandi, Myunxenda ham unga oson bo‘lmasligi aniq edi. Chunki «Bavariya» safida hali Riberi va Robben kabi dunyoning eng sara vingerlari qatorida kiruvchi futbolchilar bor edi. Serj ana shunday kuchli futbolchilari bor «Bavariya» safida asosiy tarkibdan o‘rin olgandi. Bu esa Gnabrining kelajagini belgilab beradi. Aynan Gnabri sabab Riberining ketishi «Bavariya» uchun og‘riqli kechmadi. O‘tgan mavsumda «Bavariya»ning eng yaxshi futbolchisi aynan Gnabri bo‘ldi.

Serjning faoliyatidagi yana bir jamoa «Hoffenhaym». U 2017/18 yilgi mavsumni «Kuchli beshlik» chempionatlari tarixidagi eng yosh murabbiy Yulian Naggelsman murabbiyligidagi «Hoffenhaym»da ijara asosida o‘tkazadi. O‘sha mavsumda kamtargina budjetga ega «Hoffenhaym» o‘z tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etib, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Gnabri esa ijaradagi jamoasida ko‘rsatgan fenomenal o‘yini sabab «Bavariya»ga qaytadi. Myunxendagi ilk mavsumidayoq «Bavariya»ning eng yaxshi futbolchisi so‘rovnomasida Levandovskini ortda qoldiradi.

«London shimoli - qizil»

«Tottenhem»ga qarshi o‘yinda Gnabri xuddi «Arsenal» libosini kiyib tushgandek harakat qildi. Natija hal bo‘lganidan keyin «Bavariya» xotirjamlikka berildi, ammo Serj to‘xtamadi. Uning har bir zarbasida «Arsenal»ning alamli chaqiriqlari bor edi go‘yo.

Shimoliy London derbisida jamoalardan qaysi biri g‘alaba qozonsa, Albion poytaxti shimoli o‘z ranglariga «bo‘yalganini» aytishadi. Gnabri hech qachon «Arsenal» safida Angliyaning eng asosiy derbilaridan birini «o‘z rangiga bo‘yay olmagandi», ammo nemis yulduzi «Tottenhem»ni boshqa jamoa safida turib taslim qildi. O‘sha kuni «Bavariya» qizil libosda maydonga tushgani esa yana bir ramziy ma'no kasb etdi. Serj o‘yindan keyin tvitterda shunday post qoldirdi: «London shimoli - qizil».

Bir vaqtdar «Arsenal» zaxirasida o‘tirgan 24 yoshli Serj bugun Chempionlar Ligasida 4ta gol urgan 12-futbolchi bo‘ldi. Bu natijaga erishgan Marko van Basten, Andrey Shevchenko, Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu kabi futbolchilar qatorida turish esa faoliyatidagi eng yaxshi damlarini o‘tkazayotgan Gnabri uchun sharaf bo‘lsa kerak.

Shu o‘rinda «Bavariya»ning holati haqida ikki og‘iz. Klub rahbariyati Kovachga ishonch bildirib to‘g‘ri ish qilgani ko‘rinmoqda. «Ayntraxt» kabi o‘rtamiyonadan dunyo elitasidagi «Bavariya»ga kelib qolgan Kovach ilk mavsumidayoq natija ko‘rsatishi qiyin edi. Birinchi mavsumida bundesligada g‘olib bo‘lgan esa-da, o‘yin borasida kamchiliklari kuzatilgan Kovach mana endi Myunxen havosiga o‘rgana boshladi.

4ta super transferga qo‘l urgan «Bavariya» kichik ta'tildan so‘ng «futbol oriylari» qatoriga qaytganini YeChL finalchisini tor-mor etib isbotladi. Endi «Bavariya» yangi davrga qadam qo‘ydi deb aytishimiz mumkin. Gnabri esa bu yangi «nemis mashinasi»ning asosiy murvati bo‘ladiganga o‘xshaydi...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid