Robert Kennedining o‘g‘li otasining haqiqiy qotili kimligini aytdi
Amerikalik siyosatchi Robert Kennedining o‘g‘li fojiadan deyarli 50 yil o‘tganidan so‘ng, otasining «haqiqiy qotili» kim ekanini aytdi.
Kenja Robert Kennedi gumondorning vafotidan so‘ng, uning ismini oshkor qildi. Biroq, shuncha yillar davomida nega buni yashirgani jumboqligicha qolyapti.
Kenja Robert Kennedi instagram sahifasida otasining haqiqiy qotili terrorchi Sirhan Bashir Sirhan emas, balki uning yonida bo‘lgan odam ekanini yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, otasining o‘limiga mehmonxona qo‘riqchisi Teyn Sezar tomonidan uzilgan o‘qlar sabab bo‘lgan. U 2019 yil sentabr oyida Filippinda vafot etgan.
Robert Kennedi 1968 yili «Ambassador» mehmonxonasida otib o‘ldirilgan edi. U matbuot anjumanida ishtirok etish uchun tansoqchilari bilan oshxona orqali zalga yo‘l olgan. Ammo uning ko‘plab ixlosmandlari baribir oshxonaga yorib kirishga muvaffaq bo‘lishgan. Ularning orasida bo‘lgan Sirhan unga qarab to‘pponchadan o‘q uzgan. Kennedi 4 joyidan o‘q yegan, ulardan biri boshiga tekkan. Siyosatchi 26 soat o‘tgach shifoxonada vafot etgan edi.
Ammo kenja Robert Kennedining ta'kidlashicha, Sirhan uning otasiga qarab o‘q uzgan bo‘lsa-da, og‘ir jarohat yetkaza olmagandi.
«Rad qilib bo‘lmas dalillar otamning Teyn Sezar tomonidan o‘ldirilganini ko‘rsatmoqda. U otamni oshxona yonidagi xonada poylab turgan. So‘ngra tirsagidan ushlab, unga hamrohlik qilgan. Sirhan otamga qarata ikki marta o‘q uzishga ulgurgan, so‘ngra uni qo‘lga olishgan. Polda yotganida yana bir necha marta o‘q uzgan bo‘lsa-da, faqat atrofdagi odamlarga jarohat yetkazgan», - deb yozdi kenja Kennedi.
Siyosatchining o‘g‘li Sezar otasining orqasida bo‘lganini va to‘pponchasi bilan uning tirsagiga tiralib turganini aytmoqda. Keyinchalik sud tibbiy eksperti Robertning barcha 4ta jarohati «kontakt» o‘q uzishlaridan so‘ng – juda yaqin masofadan yoki tiralgan holda otilgan o‘qlardan kelib chiqqanini aytgan.
Kenja Kennedi so‘zlariga ko‘ra, Sezar politsiyaga to‘pponchasini qotillikdan oldin yo‘qotib qo‘yganini aytgan. Amalda esa bir necha haftadan keyin do‘stiga sotib yuborgan.
«Sezar otamning ashaddiy dushmani, fanatik edi. U otamdan qoratanlilarning huquqini himoya qilgani uchun nafratlanardi. Men Teyn Sezar bilan Filippinda uchrashmoqchi bo‘lgandim. Ammo u oldindan 25 ming dollar to‘lashni talab qildi», - deb yozdi kenja Kennedi.
Kenja Robert Kennedi politsiya Sezarning otasi o‘limidagi ishtirokiga hech qachon ahamiyat bermaganiga ishonchi komil. Sirhan esa 1969 yili o‘limga mahkum qilindi. Ammo Kaliforniya shtati o‘lim jazosini bekor qilgach, umrbod qamoq jazosiga almashtirildi. Hozir u 75 yoshida qamoq jazosini o‘tamoqda.
Robert Kennedi akasi Jon Kennedi o‘limidan 5 yil o‘tgach, Martin Lyuter King o‘limidan 6 oy keyin qotillik qurboni bo‘lgandi.
Mavzuga oid
20:21 / 10.12.2024
Nobel laureatlari kichik Robert Kennedining AQSh SSV rahbari etib tayinlanishiga qarshi chiqdi
16:22 / 21.09.2024
Robert Kennediga qarshi tergov boshlandi, u 30 yil avval kitning boshini uzganlikda gumonlanmoqda
08:31 / 24.08.2024
Robert Kennedi Tramp foydasiga prezidentlik poygasidan chiqdi
14:59 / 22.10.2023