Jamiyat | 12:30 / 03.10.2019
67030
7 daqiqa o‘qiladi

Denovda budjet tashkilotlari xodimlari paxtaga jalb etilmoqda

Ayni vaqtda respublikamizda paxta terimi mavsumi qizg‘in davom etmoqda. Mahallalarda tuzilgan otryadlar, ishsizlar, jamoatchilik asosida jalb qilinganlar va ko‘ngillilar paxtani terib olishda ishtirok etmoqda.

Ta'kidlash joizki, prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 12 avgust kuni videoselektor yig‘ilishida barcha hokimlarga bu yil paxta terimiga budjet tashkilotlari xodimlari jalb qilinmasligini eslatib o‘tgan edi.

Kun.uz tahririyatiga aynan shu masalada yo‘llanayotgan murojaatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, joylarda ayrim mas'ullar Prezidentning ushbu topshirig‘ini unutgan.

Tahririyatga aynan shu mazmundagi murojaat Surxondaryo viloyati, Denov tumanidan kelib tushdi.

«Denov tumanida hamon budjet tashkilotlari paxtaga jalb qilinishi davom etmoqda. O‘zim ham budjet tashkilotida ishlayman. Paxta terimidamiz. Bunga qachon chek qo‘yiladi? Bu prezident olib borayotgan siyosatga qarshi harakat emasmi?», – deyiladi murojaatda.

Ushbu holatni joyida o‘rganish maqsadida Denov tumanida bo‘ldik va murojaatda bildirilgan e'tirozlarga oydinlik kiritdik.

Ma'lum bo‘lishicha, terimchilar har kuni ertalab tuman markaziy stadionida yig‘ilib, so‘ngra avtobuslarda paxta dalalariga olib ketilar ekan.

30 sentabr, dushanba. Erta sahardan stadion hududiga yo‘l oldik. Borganimizda uch-to‘rt nafar terimchi endi yig‘ilgan ekan. Ular bilan suhbatlashdik. O‘zlarini obodonlashtirish boshqarmasidan ekanligini bildirgan ayollar besh-olti kundan buyon paxta terimiga chiqayotganligini ma'lum qilishdi.

Terimga jalb qilinayotganlar asta-sekin to‘plangandan so‘ng mahallalardan kelgan terimchilarni gapga tutdik. Ularning orasida o‘z ixtiyori bilan kelmaganlar ham bor edi.

«Mahallamiz raisi eshikma-eshik yurib, paxta terimiga chiqishimizni aytmoqda. Hamma ham ko‘ngilli ravishda chiqayotgani yo‘q. Shaxsan o‘zim ham. Imkonim bo‘lmasa-da, mahalla raisi qistovi bilan dalaga boryapman. Sababi, ertaga baribir ishimiz tushadi shularga. Biror ma'lumotnoma kerak bo‘ladi yoki bolalar puli yuzasidan murojaat qilamiz. Qolaversa, kam ta'minlanganman, mahalladan yordam berib turiladi. Shu yordamdan ajrab qolmaslik uchun ham chiqyapman», – deydi terimchi ayol.

Tahririyatga yo‘llangan murojaatda budjet tashkilotlari xodimlari ham stadion hududidan olib ketilayotgani ma'lum qilingan edi. Ammo ularni stadion hududida uchratmadik. Murojaatchi esa o‘zi terimda ekanligi, aynan shu kuni to‘g‘ri dalaga borish haqida topshiriq olganini bildirdi.

Shundan so‘ng, masalaga xolis baho berish maqsadida dalalarga chiqdik.

Yo‘limizda birinchi uchragan paxta terilayotgan fermer xo‘jaligida bo‘ldik. Ish boshqaruvchi (ism-familiyalari tahririyatga ma'lum) turli byujdet tashkilotlari terimga kelayotganini tasdiqladi. Jumladan, bir-ikki kun avval kelgan tuman Madaniyat ishlari bo‘limi va boshqa budjet tashkilotlarini sanab, ayni vaqtda tuman pochta va veterinariya bo‘limlari xodimlari dalada paxta terayotganini bildirdi.

Ushbu tashkilotlardan kelib paxta terayotgan ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdik.

«Paxta terimi boshlangandan buyon daladamiz. Besh-olti kundan buyon har kuni chiqyapmiz. Ishga chiqayotganimiz yo‘q», – deydi Denov veterinariya bo‘limi ishchi-xodimlari.

O‘z ishchi-xodimlarini dalada nazorat qilib turgan veterinariya bo‘limi boshlig‘i Abdujabbor Halimovdan ham holat yuzasidan izoh so‘radik.

«Ishxonada ham ishchilar bor, ish davom etyapti. Bu yerda xodimlarimizning bir qismi paxta termoqda», – deydi u.

Shundan so‘ng, paxta terayotgan Denov telekommunikatsiya bog‘lanmasi ishchi-xodimlarini suhbatga tortdik.

«Bugun oltinchi kun. Shanba-yakshanba kuni barcha ishchi-xodimlar to‘liq olib chiqildi. Bugun jamoaning bir qismi dalaga keldi», – deydi Denov telekommunikatsiya bog‘lanmasi ishchi-xodimlari.

Murojaatda barcha budjet tashkilotlardan ishchi-xodimlar paxta terimiga jalb qilinayotgani ma'lum qilingan edi. O‘rganish davomida yuqorida sanab o‘tilgan budjet tashkilotlari ishchi-xodimlari ish kunida dalada paxta terayotganiga guvoh bo‘ldik. Bu esa murojaatdagi e'tirozlar o‘rinli ekanini ko‘rsatmoqda.

Bundan ko‘rinib turibdiki, Denov tumanidagi tashkilotlar mutasaddilari prezident tomonidan budjet tashkilotlari paxtaga jalb qilinmasligi haqidagi qat'iy berilgan topshiriqni unutgan.

Bu holat yuzasidan Denov tumani hokimi, paxta terimi shtabi boshlig‘i Baxtiyor Ibatovdan izoh olish uchun tuman hokimligiga borganimizda qiziq holatga duch keldik.

Panjaralar bilan o‘ralgan tuman hokimligi binosini qo‘riqlayotgan xodimlar bizni kelganimizni hokimga ma'lum qilgach, ichkaridagilar nima masalada kelganimiz bilan qiziqishdi. Biz faqat tuman hokimiga savollarimiz borligini ma'lum qildik.

So‘ngra tuman hokimligining murojaatlar va shikoyatlar bo‘yicha mutaxassisi Umid Shomurodov biz bilan uchrashib, yana hokim bilan bog‘landi hamda hokim nima masalalarda kelganimizni so‘rayotganini takrorladi.

Qiziq, tuman hokimi bilan uchrashish uchun masalalarni avval qorovulga, keyin boshqa xodimlarga birma-bir aytib chiqish shartmi?

Shundan so‘ng, Umid Shomurodov tuman hokimi bizni qabul qilmasligini aytganini ma'lum qildi va telefon raqamimizni qoldirishimizni so‘radi.

Ochiqlik va oshkoralik siyosati ketayotgan bir davrda panjaralar bilan ihotalangan hokimlik binosiga kirish nasib etmay ortga qaytishga majbur bo‘ldik.

Oshkoralik va ochiqlikdan uzoq, ommaviy axborot vositalari uchun yopiq bo‘lgan davlat organida muammolar ko‘paysa ko‘payadiki, aslo kamaymaydi.

Tahririyat Denov tumanidagi budjet tashkilotlari ishchi-xodimlarini paxtaga jalb qilib, davlat rahbari topshirig‘iga panja orasidan qarayotgan mutasaddilarning harakatlarini tegishli vazirlik va idoralarlar jiddiy o‘rganishi lozim deb hisoblaydi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid