Jamiyat | 10:20 / 03.10.2019
13653
4 daqiqa o‘qiladi

Taniqli boburshunos olim Sayfiddin Jalilov vafot etdi 

Vatan tarixini o‘rganishga o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan yetuk olim, o‘z ilmiy faoliyati mobaynida ko‘plab asarlar yaratgan, Zahiriddin Muhammad Bobur va uning tavallud topgan yurti Andijon o‘tmishini yangi ma'lumotlar bilan boyitish yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilgan, haqqoniy tarixni yoritishda fidoyilik namunasi bo‘lgan inson Sayfiddin hoji Jalilov 92 yoshida vafot etdi.

Sayfiddin hoji 1927 yili Andijon shahrida  tug‘ildi. 1944-1947 yillarda pedagogika bilim yurtida o‘qigan ustoz O‘rta Osiyo Davlat universitetining Sharq fakultetiga o‘qishga kirdi. Oliygohni bitirganidan so‘ng, 1952-1955 yillarda aspiranturada o‘qidi.

1957-1959 yillarda Andijon davlat pedagogika institutida tarix fanidan dars berdi, 1959-1966 yillar davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishladi hamda 1965 yilda “Farg‘ona vodiysi sug‘orilish sistemasi tarixidan” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Bu ilmiy ish keyinchalik, 1978 yilda, “Farg‘ona vodiysi sug‘orilish tarixi” nomi bilan kitob holida ham nashr etildi.

U o‘z umri davomida yigirmadan ortiq monografik tadqiqot, 400 dan ziyod turli mavzudagi ilmiy-ommabop maqolalar yaratdi va chop ettirdi: “Andijon” (1989 y), “Saltanatni titratgan kunlar” (1998 y), “Bobur va Andijon” (1993), “Boburning Farg‘ona davlati” (1995 y), “Bobur va Yuliy Tsezar” (2001 y), “Sayohatnoma” (2002 y), “Buxoriylar qissasi” (2006 y), “Buxoro taqdiri” (2011 y),”Shahzoda Bobur” (2013y) va boshqalar.

Andijon davlat pedagogika institutining (bu institut 1992 yildan e'tiboran davlat universitetiga aylangan) dotsenti lavozimida ishlash bilan birga 1967 yildan 1995 yilga qadar Respublika tarixiy va madaniy yodgorliklarni saqlash jamiyati Andijon bo‘limi rayosatining a'zosi va sektor mudiri, 1986-1988 yillarda Andijon viloyati muzeylari ilmiy kengashining raisi, Bobur nomli xalqaro jamg‘arma rayosatining a'zosi va ko‘plab ekspeditsiyalarning ishtirokchisi bo‘lgan. 

2001 yilda AQShning ikki shtati – Indiana va Ohayo universitetlarida O‘zbekiston va Turkiston tarixi haqida qiziqarli ma'ruzalar o‘qidi, ayniqsa, Bobur haqidagi ma'ruzalari okean ortidagi talabalarnigina emas, yirik olimlarning ham e'tiboriga sazovor bo‘ldi.

Sayfiddin hoji Jalilov Andijon davlat universiteti faxriy professori, mazkur universitet muzeyining direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Olimning mehnatlari munosib taqdirlangan. Uni hukumat “Shuhrat” medali (1998), “Mustaqillikning 10 yilligi” medallari bilan mukofotlagan. 2004 yili Xalqaro Bobur mukofotining sovrindori bo‘lgan. Ustozning shogirdlari hozirgi kunda  mamlakatning turli oliy o‘quv yurtlarida, boshqaruv idoralarida, umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida xalqqa xizmat qilmoqda.

Mavzuga oid