Jamiyat | 01:24 / 05.10.2019
62693
7 daqiqa o‘qiladi

Kogondagi paxta paykalida yurgan maktab bolalari: ularni kim majburlab terimga olib chiqqan?

Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi «Tuni Iroq» mahallasida joylashgan 15-o‘rta maktabning 5-sinf va undan yuqori sinf o‘quvchilari 29 sentabr, yakshanba dam olish kuni paxtaga chiqarilgani haqida Repost.uz xabar berdi.

Foto: Repost.uz

Nashr xabarida 15-maktabning kamida 13 nafar o‘quvchilari Taytal qishlog‘i yaqinidagi «Alinoz Shergiron» va «Barno Bahrom» fermer xo‘jaligi dalalarida paxtaga olib chiqilgani, bu ishning barchasining boshida tuman hokimi Yo‘ldosh Jumayev turgani ta'kidlangan.

Keyinroq, Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati mazkur voqeaga o‘z rasmiy munosabatini bildirdi.

Unga ko‘ra, Repost.uz xabarida keltirilgan holatlar maxsus ishchi guruhi tomonidan dastlabki o‘rganilgan va xabarda tilga olingan jihatlar uydirmadan boshqa narsa emasligi ma'lum qilingan.

Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmatining rasmiy bayonotida Kogon tuman hokimligi, Kogon tumanidagi 15-maktab direktori Jamol Saidov, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Amirillo Safarov va Kogon tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Bahron Qurbonov masala yuzasidan o‘z fikrlarini bayon etib, xabar uydirma ekanligini ta'kidlab o‘tishgan.

Kun.uz muxbirlari Kogon tumanidagi «Tuni Iroq» MFYda joylashgan 15-maktabda bo‘lib masalaga oydinlik kiritishga harakat qilishdi. Biz borganimizda viloyat hokimligi matbuot kotibi O.Jo‘rayev va bir necha jurnalistlar va mas'ul rahbarlar maktab hududida ekan.

15-o‘rta maktab direktori J.Saidov 2011 yilda qurilgan yangi maktabda 670 nafar bola ikki smenada o‘qishini ta'kidlab, 5-11 sinf o‘quvchilari soni 400 nafarligini aytib o‘tdi. «Agar maktab tomonidan yoppa paxtaga chiqqanida suratlarda 4-5 ta bolakay emas, kamida yuzlab bola paxta dalasida bo‘lardi», dedi direktor. Shuningdek, direktorga ko‘ra, Repost.uz xabarida suratlari e'lon qilingan bolalarning hammasi ham ushbu maktabda o‘qimasligini aytdi.

Direktor maktabda 60 dan ziyod pedagog hamda texnik xodimlar mehnat qilayotgani, maktab jamoasi va o‘quvchilar hech qachon paxta terishga majburiy tarzda jalb qilinmagani, bu haqda buyruq berilmaganini ta'kidlab o‘tdi.

Kogon tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Bahron Qurbonov tumandagi 22 maktabdagi o‘quvchilar u yoqda tursin, o‘qituvchilar jamoasi ham paxta yig‘im-terim ishlariga jalb qilinmayotganini bizga ham ta'kidladi.

Maktabda bo‘lib turgan tuman hokimligi vakillarining aytishicha, mahalliy fermerlardan biri shu yil boshida Hukumat qaroriga ko‘ra o‘tkazilgan maqbullashtirishdan so‘ng yer maydonlaridan ajralgach, tuman hokimidan o‘ch olish maqsadida ushbu fitnani uyushtirgan. Huquq-tartibot organlari bu versiya bo‘yicha ham surishtiruv ishlarini olib borishmoqda ekan.

Viloyat prokuraturasi vakili A.Eshmurodov barcha surishtiruv ishlari yakunlangach, matbuot uchun rasmiy ma'lumot berilishini aytib o‘tdi.

Biz tanaffusga chiqqan va ikkinchi smenaga o‘qishga kelayotgan maktab o‘quvchilarini ham suhbatga tortdik. Xususan, 10-sinf o‘quvchilari o‘qiydigan sinfxonaga kirib, bolalar bilan suhbatlasha boshlaganimizda, direktor J.Saidovdan sinfni tark etishni iltimos qildik. Shundan so‘ng sinfxonaga tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri ham kirib keldi va mavjud tartibga ko‘ra voyaga yetmagan bolalar bilan suhbat faqat psixolog ishtirokida o‘tkazilishi kerakligini ta'kidlab, psixologni bizga qo‘shib qo‘ydi.

Psixolog ishtirokidagi savol javoblar chog‘ida sinfxonadagi o‘g‘il-qizlar bir ovozdan paxtaga chiqishmaganini, hech kim bu ishga majburlamaganini bir ovozdan aytishdi. Darsdan keyin ular qo‘shimcha dars va to‘garaklarga qatnashishini bildirishdi.

Biz ishonch hosil qilish uchun bolalardan kaftlarini ko‘rsatishni so‘radik. O‘g‘il bolalarning ayrimlarining barmoqlari chanoqdan shilingani ko‘rinib turardi. Lekin ular paxtaga chiqqanini tan olishmadi.

Maktabni tark eta turib, ikkinchi smenaga kelayotgan 6-sinf o‘quvchilarini ham savolga tutdik va barmoqlariga e'tibor berdik.

Garchi yosh bolalar sira bunga iqror bo‘lishmagan bo‘lsa ham, ulardan ham ayrimlari paxtaga chiqqani ayon edi — o‘zimiz ham yoshlikda paxtaga chiqqanmiz, barmoqlarda aynan paxta chanog‘i shunday iz qoldiradi.

Biz maktab joylashgan mahalladagi oddiy insonlarni ham gapga tutdik. Ular darsdan bo‘sh vaqtda bolalar kompyuter o‘ynab vaqtni behudaga sovurmasdan, onasiga yordam sifatida harna 5-10 kilo paxta terish uchun birga chiqishayotganini aytib o‘tishdi. Lekin maktab tomonidan bolalar buyruq bilan yoppasiga chiqarilmaganini aytishdi.

Shu qishloqda istiqomat qiluvchi yana bir kishining aytishicha, qishloqda ko‘pchilik maktab o‘quvchilarining otalari Rossiyada mehnat migratsiyasida. Paxta mavsumida ularning onalari paxta terimga chiqishadi. Bolalar daladagi yaqinlariga choy yoki ovqat tashishadi. O‘zlari ham onalariga, opalariga paxta terishda ko‘maklashishadi. Qaytishda fartukda mol-qo‘ylariga o‘t yulib qaytishadi. Bu — yillar davomida shakllangan an'ana.

Endi o‘ylab ko‘ring: maktab yakshanba va bayram kunlari ishlamasa, o‘qituvchilar dam olsa, o‘quvchilar ota-onalarining ixtiyorida bo‘lsa, bolalarni paxtaga chiqish-chiqmasligini ota-onasidan bo‘lak kim nazorat qila oladi? Ota-onasi paxtaga chiqishga majburlagan taqdirda ham, baloga qolgan maktab jamoasi bo‘lishi kerak emas-ku? Umuman, muammo mana shunday ko‘rinishda bo‘y ko‘rsatsa uni qanday qabul qilish va yechish kerak? Paxta terishni tashkil qilish zimmasiga tushgan mahalla sira ham bunga qarshi kurashmasa kerak. Harna-da, harna…

Paxta yig‘im-terimida bolalarning majburiy mehnatidan foydalanmaslik borasida so‘nggi yillarda katta ishlar amalga oshirildi. Jahon hamjamiyati oldida nihoyat bu illatdan qutulib, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi, deb turganimizda bunday xabarlar kishini albatta seskantiradi.

Fikrimizcha, Kogon voqeasidan barcha o‘ziga tegishli xulosalar chiqarib oladi.

Shuhrat ShOKIRJONOV, Kun.uz muxbiri.

Faxriddin HOTAMOV suratlari.

Mavzuga oid