Sport | 16:15 / 06.10.2019
54288
4 daqiqa o‘qiladi

Kuper Falastin va Iroq bilan o‘yinlardan keyinoq ishdan bo‘shatilgan edi – Davron Ahmedov

O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Ektor Kuper lavozimidan olingani 23 sentyabrda ma'lum qilingan bo‘lsa-da, aslida u ikki hafta oldin ishdan bo‘shatilgan edi. Bu haqda uning tarjimoni bo‘lib ishlagan Davron Ahmedov Kun.uz`ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Iste'fo qanday sodir bo‘ldi? Xafa bo‘ldi, deya olmayman. [Falastin va Iroq bilan] o‘yinlardan keyin Toshkentga yetib keldik. Biz yetib kelgan kuni kechqurun Yaman – Saudiya Arabistoni o‘yini bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv 2:2 hisobida tugadi. Mister xursand bo‘lib, menga SMS yozdi: «O‘yinni ko‘rdingmi, 2:2 bo‘ldi». Ya'ni xuddi hammasi boshidan boshlanadi, hali hech narsa yo‘qotilmadi, degandek... Misterning kayfiyati zo‘r edi, deyish mumkin.

Ertalab bizni Ravshan aka Ermatov bilan majlisga chaqirishdi. O‘sha joyda aytildi. Albatta, buni eshitgan payt odam xafa bo‘ladi, chunki aytganimdek, bir kun oldin kayfiyati yaxshi edi.

Ravshan aka ham hammasini – hozirgi holat, bosim, vaziyatni o‘zgartirish shartligini diplomatik tarzda tushuntirdi. Va mister buni to‘g‘ri tushundi. Qaysarlik qilib, o‘z pozitsiyasida turib olgani yo‘q. Muzokaralarda O‘FAga qandaydir yon berdi, desak ham bo‘ladi. Menimcha, shu holatda ikkala tomon ham bir-birini to‘g‘ri tushundi», – deydi tarjimon.

O‘FAning Kuperga imkon bermay, darhol iste'fo qaroriga kelishi borasida fikr bildirar ekan, Davron Ahmedov rahbariyatga ba'zi futbolchilar argentinalik mutaxassisdan norozi, degan ma'lumot borgan bo‘lishi mumkinligini ta'kidladi.

«Kuper Misrni Jahon chempionatiga olib chiqqanida ham saralashni mag‘lubiyat bilan boshlagan. Shu kabi unga vaqt berishsa ham bo‘lardi, lekin balki Misrdagi vaziyat boshqacharoq bo‘lgandir.

Bu qanchalik rost-yolg‘onligini bilmayman, lekin bizga ba'zi o‘yinchilar ham norozi degan xabar berildi. Albatta, mister bu narsaga ishonmadi. U o‘yinchilarni har kuni ko‘radi, ular bilan har kuni gaplashadi.

Kuper ishdan bo‘shatilgani haqida xabar chiqqanidan keyin deyarli barcha futbolchilar hayron bo‘lib qoldi. «Nega bunday bo‘ldi, biz xohlamagandik-ku, mister bilan ishlashni xohlaymiz» – deyarli barcha futbolchilar shunday reaksiya bildirdi», – dedi Ahmedov.

O‘FAdagi faoliyatini davom ettirayotgan Davron Ahmedov suhbat davomida Kuper bilan tanishuvi va unga tarjimon etib tayinlanishi qanday ro‘y bergani, murabbiy unda qanaqa taassurot qoldirgani, uning Toshkentdagi kundalik hayot tarzi, xarakteridagi ayrim jihatlar, Falastin bilan o‘yin kabi mavzularda so‘z yuritdi.

Tarjimon, shuningdek, milliy jamoa ichida bir yildan ortiqroq vaqt bosh murabbiy bilan yonma-yon ishlagan inson sifatida o‘zbekistonlik futbolchilarda vatanparvarlik tuyg‘usi yetishmasligi haqidagi e'tirozli fikrlarga ham munosabat bildirdi.

Suhbatni to‘liq shaklda Kun.uz`ning YouTube`dagi kanalida tomosha qilish mumkin.

Mavzuga oid