O‘zbekiston | 14:28 / 06.10.2019
16385
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yozdagi energiya iste'molining eng yuqori miqdori qishkisidan oshib ketdi

O‘zbekistonda yoz davomida sarf qilingan elektr energiyasi miqdorining eng yuqori nuqtasi qishki davrniki bilan taqqoslaganda ancha ko‘proqni tashkil etmoqda. Bu haqda «O‘zatom» bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov ma'lum qildi.

«Avvallari bizda yozdagi energiya iste'moli doimo qishdagisiga nisbatan kam bo‘lardi. Bu yil esa yozdagi eng yuqori elektr energiyasi sarfi miqdori qish davridagi pik-nuqtadan sezilarli darajada oshib ketdi», – dedi Mirzamahmudov «Rossiya 24»ga bergan intervyusida.

Unga ko‘ra, bunday tendensiya mamlakatda biznes va ishlab chiqarish faollashayotgani bilan bog‘liq.

«Bu – ishbilarmonlik faolligining ko‘rsatkichi. Juda ko‘plab yangi ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilmoqda. Ularning hammasiga energiya kerak», – deya izoh berdi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi bosh direktori.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yildan Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinida Markaziy Osiyodagi ilk atom elektr stansiyasi qurilishi boshlanishi kutilmoqda.

«O‘zatom» tanlangan maydondagi muhandislik tadqiqotlarini 2019 yilning oxirigacha tugallashni rejalashtirgan. AES qurilishi bo‘yicha Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan asosiy shartnoma ham joriy yil so‘ngiga qadar imzolanishi kutilyapti.

O‘zbekistondagi birinchi AES har biri 1,2 ming megavatt quvvatga ega 2ta energoblokdan iborat bo‘ladi. Birinchi energoblokni 2028 yilgacha, ikkinchisini esa 2030 yilda foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda.

Mavzuga oid