Jahon | 20:51 / 08.10.2019
18452
2 daqiqa o‘qiladi

Saturn sayyorasi yo‘ldoshlari soni bo‘yicha rekordchiga aylandi

Yupiter sayyorasi fanga ma'lum tabiiy yo‘ldoshlari soni bo‘yicha yetakchilikni Saturnga boy berdi. Avvalroq Yupiterda 79 ta, Saturnda esa 62 ta yo‘ldosh borligi ma'lum edi. 

7 oktyabrda AQShning Karnegi institutidan Skott Sheppard boshchiligidagi astronomlar Saturn atrofida yana 20 ta yo‘ldosh aniqlashgani ma'lum bo‘ldi. Shu tariqa, Saturn yo‘ldoshlari soni 82 taga yetgan va gaz giganti yo‘ldoshlari soni bo‘yicha rekordchiga aylandi. Yangi yo‘ldoshlar Gavayi orolidagi Maun-Kea vulqonida joylashgan “Subaru” teleskopi yordamida kashf qilingan. 

Barcha kashf qilingan yo‘ldoshlarning diametri 5 kmga yaqin. Ulardan 17 tasi orbita bo‘ylab Saturnning o‘z o‘qi atrofidagi aylanishiga qarama-qarshi yo‘nalishda, qolgan 3 tasi u bilan bir xil yo‘nalishda harakatlanadi.

Karnegi instituti yangi yo‘ldoshlar uchun nomlar tanlash tanlovini e'lon qilgan va u 6 dekabrgacha davom etadi.   

Bugungi kunda Uranda 27 ta, Neptunda 14 ta, mitti Plutonda esa 5 ta yo‘ldosh borligi ma'lum. Shuningdek, Quyosh tizimidagi o‘nlab jismlarda 2 tadan, yuzdan ko‘proq jismlarda esa bittadan yo‘ldosh mavjud.

Mavzuga oid