O‘zbekiston | 21:25 / 09.10.2019
20604
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda efirga uzatilayotgan chet el telekanallari ham qonunlarimizga rioya qilsin – MTRK rahbari

Alisher Xo‘jayev

Jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingan «Teleradiouzatish to‘g‘risida»gi qonunda xorijiy telekanallarning O‘zbekistondagi faoliyati qay tarzda amalga oshirilishi aniq belgilanishi lozim, deb hisoblaydi O‘zMTRK raisi vazifasini bajaruvchi Alisher Xo‘jayev.

«Masalan, biron xorijiy telekanal bu yerda o‘z ishini olib bormoqchi bo‘lsa, uning nomidan O‘zbekistonda ish ko‘rish istagida bo‘lgan sub'yekt emas, o‘sha telekanal rahbariyatining o‘z vakili kelib, kerakli idora bilan gaplashishi lozim. Toki O‘zbekistonda amal qilayotgan qonunlarga rioya qilish majburiyatini o‘z bo‘yniga olsin», ─ dedi Xo‘jayev 9 oktabr kungi davra suhbatida.

O‘zbekistonda teleradioeshittirish sohasining huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan tele va radiokanallar vakillari ishtirok etdi. Unda media sohasi vakillari «Teleradiouzatish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.

Jumladan, UzReport telekanali bosh direktori Ravshanxon Jo‘rayevning fikricha, «Teleradiouzatish to‘g‘risida»gi qonun mualliflik huquqi, medianing texnologik holati, yuridik asos, kontent masalasini to‘la qamrab olishi lozim.

Ravshanxon Jo‘rayev

«Hozir raqobat juda kuchaygan. Telereyting masalasini ham qonun doirasida ko‘rib chiqish lozim. Shu bilan birga, butun dunyo o‘tib borayotgan tendensiya ─ PayTV, pullik televideniye tizimi tartibi ham qonunda ko‘rsatilishi kerak», ─ deya ta'kidladi Ravshanxon Jo‘rayev.

«Oriat-dono» va «Oriat-FM» radiokanallari bosh direktori Baxtiyor Usmonov esa tele va radiokanallarni rivojlantirishning iqtisodiy tomonini ham e'tiborga olish kerak, degan fikrda. Uning so‘zlariga ko‘ra, OAV bo‘ynidagi to‘lovlarning ko‘pligi mediakontentni milliy mahsulot bilan to‘ldirishga imkon qoldirmaydi.

Baxtiyor Usmonov

«Radiokanal sifatida biz hozir yiliga qariyb 300 mln so‘m soliq to‘laymiz. Daromad solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, hammasi shuning ichida. Lisenziya to‘lovi bor. Ilgari yagona soliq asosida yiliga 150 mln so‘m to‘lanardi.

To‘lovlar oshib borayotgan bir paytda mediakanal rahbari qanday qilib milliy kontentni yaratish, sifatli kontent haqida bosh qotirishi mumkin Men jurnalist 1-1,5 soatli dastur tayyorlashi uchun kamida 300 ming so‘m berishim kerak. Lekin bu yerda shuncha to‘lov bor... Jurnalist bitta joyda yaxshi daromad olmasa, pul ilinjida boshqa joyga ham «sakrashni» boshlaydi. Natijada sifat tushib ketadi.

Shu bois tele va radiokanallarni rivojlantirishning iqtisodiy tomonini ham ko‘rib chiqish kerak. OAV to‘lashi kerak bo‘lgan to‘lovlar turlari va muddati haqida qonun loyihasida aniq ma'lumot mavjud emas», ─ deydi Usmonov.

«Men jurnalistlarga pul to‘lab, faoliyatim uchun soliq ham to‘layapman. Ma'lumotni uzatishim kerak. Mening qanday ishlashim kerakligi qonun bilan ko‘rsatilyapti. Lekin ko‘p narsa bu yoqdan ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketyapti. Blogerlar faollashgan. Ular istaganini gapiradi, ularga hech qanday to‘lov yo‘q. Internetda mana shunday erkin muhit bo‘lganligi uchun ham odamlar onlayn platformaga o‘tib ketyapti», ─ deya qo‘shimcha qildi Baxtiyor Usmonov.

Ma'lumot uchun, «Teleradiouzatish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi 6ta bob, 38ta moddadan iborat. Loyiha teleradioeshittirish sohasini davlat-jamoatchilik tomonidan tartibga solish, uni moliyalashtirish, milliy teleradioeshittirish tizimi, teleradioeshittirish masalalari kengashi, xorijiy teleradiotashkilotlar bilan bog‘liq masalalarni qamrab oladi.

Regulation.gov.uz portaliga faqat rus tilida muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihasi yuzasidan fuqarolar 18 oktyabrga qadar fikr va takliflar bildirishlari mumkin.

Mavzuga oid