O‘zbekiston | 14:36 / 16.10.2019
9684
2 daqiqa o‘qiladi

Prokuror: «Amaldorlar tomonidan korrupsiyaga oid jinoyatlar 30 foizga kamaygan»

Bugun, 16 oktabr kuni Toshkent shahridagi «Radisson» mehmonxonasida korrupsiyaga qarshi kurash va korrupsiyaga oid aktivlarni qaytarish bo‘yicha Istanbul harakatlar rejasining natijalari bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bosh prokuraturaning Korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish boshqarmasi katta prokurori Karimjon Musashayxov OAV vakillariga bergan intervyusida korrupsiyaga bog‘liq jinoyatlar kamaygani haqida ma'lumot berdi.

Karimjon Musashayxov

«O‘tgan yilning shu davriga nisbatan korrupsiyaga oid mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 30 foizga kamayganini amalga oshirilgan islohotlar samarasi deb aytish mumkin. O‘z navbatida mazkur yo‘nalishdagi xorijiy tajribani o‘rganish, xalqaro tashkilotlarning hamkorligini amalga oshirish maqsadida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyoti tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurash tarmog‘i doirasida a'zo davlatlar Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining 10-sonli uchrashuvining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bundan asosiy maqsad o‘zaro tajriba almashish hisoblanadi», – deya Karimjon Musashayxovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Erkaboy Tadjiyev, YeHXT koordinatori Xans-Ulrix Im, AQShning O‘zbekistondagi missiyasi rahbari Alan Meltser va boshqa bir qator xalqaro ekspertlar ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.

Erkaboy Tadjiyev

Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari korrupsiyaga qarshi kurashda ustuvor vazifalar sifatida 2019-2020 yillarda sudyalar mustaqilligini yanada mustahkamlash, davlat xizmatlarida yangi tizim joriy etish, ko‘rilayotgan choralarning monitoringi uchun fuqarolik jamiyati va OAV ishtirokini jalb etish muhim ekanligini ta'kidladi.

Mavzuga oid