Namangan va Andijon viloyatlarida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotgan bir nechta shaxs DXX tomonidan qo‘lga olindi
DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir necha shaxs faoliyatiga chek qo‘yildi.
DXX matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, Namangan shahrida yashovchi E.M., M.L. va B.T. giyohvandlik moddasini xarid qilish maqsadida Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod viloyati Axsi tumaniga borishadi. U yerda «Elnur» ismli shaxsdan 2 kg 942 g «gashish»ni 15 ming AQSh dollariga xarid qilishga kelishib, pulni olib kelgunga qadar garov tariqasida M.L.ning fuqarolik pasportini hamda B.T.ning o‘zini Qirg‘iziston hududida qoldirishadi. Shundan so‘ng E.M. O‘zbekistonga qaytib keladi, M.L. esa giyohvand moddani aylanma yo‘llar orqali mamlakatimizga olib kiradi. Lekin, og‘uni E.M.ga berayotgan vaqtda ularning ikkalasi ham qo‘lga olinadi.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, B.T. ham qo‘shni mamlakatdan olib kelinadi. Tekshiruvlar davomida uning uyidan 158 g «gashish» moddasi topiladi.
Shuningdek, DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan boshqa bir tezkor tadbir davomida 1973 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, M.R. viloyat markazidagi «Sarbon» tantanalar majmuasi oldida Qirg‘iziston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 7 kg 667 g «gashish» moddasini olib ketayotgan vaqtida ushlangan.
Bu kabi holatlar Andijon viloyatida ham qayd etilgan.
Chunonchi, 1987 yil Andijon shahrida tug‘ilgan O‘.X.ga qirg‘izistonlik «Dilbar» ismli ayol «o‘zbek-qirg‘iz» davlat chegarasini ajratib turuvchi Shahrixonsoy kanaliga qo‘shni davlat hududida turib, «gashish» giyohvandlik moddasi joylangan 5 dona yelim idishlarni oqizib yuboradi. O‘.X. esa kelishilgan vaqtda ushbu yelim idishlarni kanalning Qo‘rg‘ontepa tumani «Ma'murobod» MFY hududidan oqib o‘tgan qismidan qabul qilib oladi. Shundan so‘ng O‘.X. hamtovog‘i J.X. boshqaruvidagi «Cobalt» avtomobilida giyohvandlik moddasini Andijon shahriga olib ketayotgan vaqtda DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Tekshiruv davomida ularning yonida 1 kg 982 g «gashish» moddasi borligi ma'lum bo‘lgan.
Bundan tashqari, Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasuv shahrida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan L.L. ham qirg‘izistonlik «Abdulaziz» ismli shaxs tomonidan Shahrixonsoy kanali orqali oqizib yuborilgan 2 kg 810 g «gashish» moddasini qabul qilib olib, kelgusida sotish uchun o‘z yashash xonadoniga yashirib qo‘yishgan. DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu giyohvand modda ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida og‘ufurushlardan jami 15 kg 559 g «gashish» giyohvand moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
16:18 / 10.12.2024
Suriyadagi urushda qatnashib, vaziyatni yoritayotgan o‘zbekistonlik shaxs qidiruvda ekani ma’lum qilindi
12:38 / 25.11.2024
Bosh vazir yordamchisi va uning DXX Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan akasi ishdan olindi
15:44 / 24.11.2024
Abdusalom Azizov DXX raisligidan haydalgani tasdiqlandi
19:25 / 23.11.2024