Yo‘llardagi sun'iy «to‘xtatgichlar» va boylar mahallasi: IIBB sun'iy notekisliklarning texnik talablariga oydinlik kiritdi
Hozirgi kunda mahallalar va ko‘pqavatli uylarda istiqomat qiluvchilar yo‘llarda o‘zboshimchalik bilan «yotiq politsiyachilar»ni tiklashadi. Ayniqsa, bunday sun'iy notekisliklarni deyarli barcha mahallalardagi ko‘chalarda uchratish mumkin. IIBB ushbu notekisliklarga doir standart talablarni ma'lum qildi.
Erinmagan ham, puli bori ham shunday sun'iy do‘ngliklarni o‘rnatishadi. Afsuski, ularga yaqinlashar ekansiz, birorta ogohlantiruvchi belgi yo‘q, qolaversa, har kim o‘z bilganicha nazoratsiz o‘rnatgani bois, ayrimlari avtomobilning o‘tishiga ham qiyinchilik tug‘diradi.
Shunday vaziyat Namangan viloyatida ham kuzatildi. Pop tumanidan To‘raqo‘rg‘on tumaniga ketaverishda yo‘l quruvchilar deyarli har bir kilometr masofada shunday sun'iy notekisliklarni, asfaltdan barpo qilishganiga guvoh bo‘lish mumkin. Bunday holat viloyatning Mingbuloq tumanida ham uchraydi. Yo‘l chetlarida esa, hech qanday ogohlantiruvchi belgilar ko‘zga tashlanmaydi.
Respublikaning boshqa viloyat, tuman va shaharlarida ham shu kabi holatga duch kelish shubhasiz. Umuman, aytish mumkinki, O‘zbekiston bo‘ylab sun'iy notekisliklarni har kim o‘z bilganicha, mustaqil ravishda o‘rnatishadi. Ularni tadbirkorlar, fermerlar, mahalliy aholi, ayrim mulozimlar, qisqasi imkoniyati va mablag‘i bor har kim amalga oshiradi.
Savol tug‘iladi: ushbu sun'iy notekisliklarni o‘rnatish tartibi, ularning balandligi va boshqa jihatlarini nazarda tutuvchi me'yorlar mavjudmi? Bor bo‘lsa, ular nimalardan iborat?
O‘zR IIV Toshkent shahar IIBB yuqoridagi savollarga oydinlik kiritdi.
Ma'lum qilinishicha, “Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti” unitar korxonasi tomonidan “Sun'iy notekisliklar. Umumiy texnik talablar. Qo‘llash tartibi” deb nomlangan O‘zbekiston Respublikasi davlat standarti ishlab chiqilgan. Ushbu standart GOST R 52605 (RF) asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, Yaponiya, AQSh, Finlyandiya, Daniya va Shvetsiya yo‘llaridagi ovoz chiqaruvchi yo‘laklardan foydalanish tajribasi ham inobatga olingan. Hujjat O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining 2019 yil 1 iyuldagi №05-1046-son qarori bilan tasdiqlangan.
Hujjatda termin va ta'riflar berilgan, sun'iy notekisliklarning turlari va ularning texnik talablari ko‘rsatilgan, shuningdek ovoz chiqaruvchi bo‘ylama yo‘lak ta'rifi, nazorat usullari, shu bilan birga sun'iy notekisliklari bo‘lgan yo‘l hududlarini yo‘l harakatini tashkil etish texnik vositalari bilan jihozlash va ularni qo‘llash qoidalari taqdim qilingan.
Hujjatga ko‘ra, sun'iy notekislik – yo‘l qismida yo‘l o‘qiga perpendikulyar tarzda joylashgan, tezlikni majburiy pasaytirish uchun mo‘ljallangan maxsus balandliklar.
Sun'iy notekisliklar (SN) transport vositalari tezligini ruxsat berilgan 40 km/s ko‘rsatkichgacha pasaytirish uchun yo‘llarning alohida joylarda o‘rnatiladi.
SNning konstruksiyasi ishlab chiqarish texnologiyasidan kelib chiqqan holda yaxlit va yig‘ma turlarga bo‘linadi. SN uzunligi yo‘lning enidan kalta bo‘lishi mumkin emas (har ikkala tomonda 0,2 metrdan ortiq bo‘lmagan cheklanish bo‘lishi joiz)
Joylarda SN o‘rnatish uchun yo‘l hududida ohova ariq tashkillashtirish zarur. Bundan tashqari, haydovchilar sun'iy notekisliklar haqida yo‘l belgilari yordamida oldindan ogohlantiriladilar.
YaXLIT KONSTRUKsIYaLARGA QO‘YILADIGAN TALABLAR
Sun'iy notekisliklarning yaxlit konstruksiyalari asfalt-betondan ishlangan bo‘lib, ikki xil – to‘lqinsimon va trapetsiyasimon bo‘lishlari mumkin:
Sun'iy notekislik turi harakat yo‘lida suvning oqib ketishi yo‘nalishidan hamda yaqin atrofda yomg‘ir to‘plovchi quduqlar borligidan kelib chiqib tanlanadi.
Bundan tashqari, sun'iy notekislik xususiyatlari (balandlik, uzunlik, og‘ishganlik darajasi) yo‘ldagi hududda maksimal mumkin bo‘lgan va yo‘l belgisida ko‘rsatilgan tezlikni inobatga olishlari zarur.
Sun'iy notekisliklarga qo‘yiladigan alohida talablar relssiz transport vositalarining muntazam harakati amalga oshiriladigan yo‘llarda taklif etiladi.
YIG‘MA KONSTRUKsIYaLAR
Sun'iy notekisliklarning yig‘ma konstruksiyasi bir qator bir qolipdagi geometrik muvofiq bo‘lgan asosiy va chekka elementlardan iborat. Ushbu turdagi sun'iy notekisliklar elementlarining o‘lchami ruxsat etilgan maksimal tezlik cheklovi talabidan kelib chiqqan holda tanlanadi. Shuningdek elastik jismdan tayyorlangan sun'iy notekislik qattiqligi ko‘rsatkichlari, SNga tungi vaqtda ko‘rinuvchanlikni ta'minlash uchun yorug‘lik qaytaruvchi elementlar yotqizilishi hamda yorug‘lik qaytaruvchi elementlar yemirilgandan so‘ng ularni o‘z vaqtida almashtirishni ta'minlash belgilangan.
Konstruksiyada yo‘l qoplamasini montaj va demontaj qilish, shuningdek uning ba'zi element va qismlarini almashtirish imkoniyati nazarda tutilgan bo‘lishi kerak.
(a – bitta asosiy va chekka elementlardan iborat sun'iy to‘siq; b - ikkita asosiy va chekka elementlardan iborat sun'iy to‘siq)
Sun'iy notekisliklarning holatini nazorat qilish ehtiyoji alohida qayd etildi. O‘yiq, yorilish va boshqa turdagi futurlar bor-yo‘qligi muntazam ravishda tekshiriladi. Kamchilik topilganda uni bartaraf qilish muddati uch kundan oshmasligi kerak.
SUN'IY NOTeKISLIKLARNI QO‘LLASh QOIDALARI
Sun'iy notekisliklarni asfaltbetonlik va sementbetonlik qoplamalarga ega yo‘llarda o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Sun'iy notekisliklarni quyidagi joylarda o‘rnatish mumkin:
- bolalar va yoshlar ta'lim-tarbiya muassasalari yonida tartibga solinmagan yer usti piyodalar yo‘lakchalaridan 10-15 metr oldinroq;
- avariyaviylik sabablari tahliliga ko‘ra yo‘llarning ma'lum qismlarida, ayniqsa bolalar va yoshlar ta'lim-tarbiya muassasalari oldidagi xavfli hududlar boshida, bolalar maydonchasi, jamoat dam olish joylarida, stadionlar, vokzallar, do‘kon va piyodalar jamlanadigan boshqa obektlar oldida;
- 3.24 “Yuqori tezlik cheklangan”, 5.38 “Turar joy dahasi” yo‘l belgilari tomonidan o‘rnatilgan 40 km/sgacha tezlik cheklovi joriy qilingan yo‘llarning xavfli joylari oldida;
- kesib o‘tiladigan yo‘l bo‘yicha yaqinlashayotgan, transport vositalar ko‘rinuvchanligi ta'minlanmagan tartibga solinmagan chorrahalar oldida, 2.5 “To‘xtamasdan harakatlanish taqiqlangan” belgisidan 30 metrdan 50 metrgacha masofada;
- 1.21 “Bolalar” belgisining amal qilish hududi bo‘ylab har 50 metr masofada.
Shuningdek sun'iy notekisliklar o‘rnatish MUMKIN BO‘LMAGAN yo‘l hududlari belgilandi. Xususan, ro‘yxat quyidagilardan iborat: xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar, yo‘laklar soni 4 va undan ortiq bo‘lgan respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan yo‘llar (aholi soni 1000 kishidan ortiq bo‘lgan qishloq va shaharlar bo‘ylab o‘tgan yo‘llardan tashqari); jamoat transporti to‘xtash maydonchalari yoki ularga qo‘shni harakat yo‘laklarida; ko‘priklar, ko‘prik yo‘llar, osma ko‘priklar, tonnellar va ko‘prik osti yo‘llarida; shaharlardagi tezlikda harakatlanish magistral yo‘llarida va umumshahar ahamiyatiga ega to‘xtovsiz harakat magistral ko‘chalarida; shifoxonalarga, tez tibbiy yordam bekatlariga, yong‘in xavfsizligi bekatlariga, avtobus va trolleybus xiyobonlariga, garaj va turargoh maydonchalariga kirish yo‘llarida.
OVOZ ChIQARUVChI BO‘YLAMA YO‘LAKLAR
Ovoz chiqaruvchi yo‘lak – bu yo‘l qoplamasi ustidagi va bo‘ylama yo‘laklar ko‘rinishidagi sun'iy notekisliklar ko‘rinishiga ega bo‘lgan (chuqur yoki balandlik) yo‘l harakatini tashkillashtirish vositasidir. Ushbu vosita haydovchini yo‘lning xavfli qismiga yaqinlashayotgani haqida ogohlantirish uchun transport vositalarining ilmoq qismlarini titratish va g‘ildiraklar aylanishi shovqinini oshirish xususiyatiga ega.
Ovoz chiqaruvchi bo‘ylama yo‘laklarni hujjat bilan belgilangan bir qator sifatlarga ega ikki yo‘lakli yo‘lning o‘qi bo‘ylab va yo‘lning chekka qismiga o‘rnatish mumkin.
Ovoz chiqaruvchi bo‘ylama yo‘laklarni ko‘priklar, ko‘prik yo‘llar va ularga chiqaruvchi yo‘llarda, yo‘llar qisqaradigan joylarda, quvib o‘tish mumkin bo‘lgan ikki yo‘lakli yo‘llar hududida, kesishma va tutashuvlarda, shuningdek chorraha chegarasidan 10 metrdan kam bo‘lgan masofada, yo‘llarning ovoz chiqarish bo‘yicha cheklovga ega bo‘lgan hududlarida o‘rnatish mumkin emas.
Ovoz chiqaruvchi bo‘ylaba yo‘laklar frezalash usuli bilan tayyorlanib, eni 0,2 dan 0,4 metrgacha bo‘lgan va uzunligi 0,1 dan 0,2 metrgacha bo‘lgan alohida birin-ketin elementlardan tashkil topgan bo‘lishi kerak. Elementlar chuqurligi 1 dan 2 smgacha bo‘lishi lozim. Qo‘shni elementlar o‘qlari orasidagi masofa ikki element uzunligidan kam va 1,2 metrdan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
Sun'iy notekisliklar va ularni hujjatga muvofiq o‘rnatish bo‘yicha tasdiqlangan davlat standarti yo‘l harakati xavfsizligini keskin oshirishga imkon yaratadi.
Mavzuga oid
16:12
Moped va skuterlarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov joriy qilindi
16:58 / 11.12.2024
Avtomobilning piyodalar yo‘lagida harakatlangani uchun javobgarlik belgilanadi
16:12 / 06.12.2024
Piyodalar xavfsizligini ta’minlash uchun yangi yo‘l belgisi joriy etiladi
20:30 / 18.07.2024