Sport | 17:55 / 20.10.2019
6635
2 daqiqa o‘qiladi

Olga Zabelinskaya velotrekda yana Osiyo chempioni bo‘ldi

Janubiy Koreyaning Chinchxon shahrida velotrek bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda.

Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 20 oktabr kuni ayollar o‘rtasida ochkolar bo‘yicha guruh poygasi yo‘nalishida ishtirok etgan Olga Zabelinskaya eng yuqori natija (32 ochko) qayd etib, Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.

Kumush medal mezbon jamoa vakiliga (28) nasib etgan bo‘lsa, hongkonglik sportchi (26) bronza medali bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, Zabelinskaya aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan veloshosse bo‘yicha Osiyo chempionatida ham oltin medalga sazovor bo‘lib, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. U avgust oyida Germaniyada bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada omnium yo‘nalishida 1-o‘rinni egallagandi.

Olga, shuningdek, joriy yil boshida velotrek bo‘yicha Jakartada o‘tgan Osiyo chempionatida ham g‘olib chiqib, Belgiyadagi xalqaro musobaqada ham oltin medal olgandi.

Mavzuga oid