Jamiyat | 14:19 / 21.10.2019
47856
4 daqiqa o‘qiladi

«Gaz yo‘qligini aytib o‘tirmaymiz». Paxtakorlar bilan bir kun

Terimchilardan biri: «Muammoni hal qilib bergani keldinglarmi? Gaz yo‘qligini baribir aytib o‘tirmaymiz, hal bo‘lmasa kerak...»

Qishloqlarda internet yaxshi ishlamaydi. Biz lavha tayyorlash uchun borgan Oqoltin tumani paxtazorlarida ham internet yo‘q. Shunday bo‘lgandan keyin, u yerda paxta terayotgan qahramonlarimizga o‘zimizni tanishtirib o‘tirishning foydasi ham yo‘q. «Qaysi kanaldan keldinglar», deganlarga «Internet nashridanmiz», deb javob bersak, «Televizorga chiqarmasanglar, gapirmaymiz», deyishadi.

Internetdan, har kuni har yo‘sinda kechadigan virtual hayotdan xabarlari yo‘q ularning. Bilganlari, bugun yuz kilo terib, 3 litr paxta yog‘i olish. 75dan oshsa, 2 litr, 50 kiloga 1 litr.

Yoshi ellikdan oshgan xolaning aytishicha, terim boshlangandan beri 70 litr yog‘ yig‘ibdi. «Shunchasini nima qilasiz, sotsa ham bo‘ladimi?» desak, «Yo‘q, ko‘p bolali jonmiz. Qishga g‘amlayapmiz», deydi.

Terimchilardan yana biri: «Muammoni hal qilib bergani keldinglarmi?» deb to‘satdan so‘rab qoldi. Biz ham «Ha» desak, «Gaz yo‘qligini baribir aytib o‘tirmaymiz, hal bo‘lmasa kerak», deydi ishonchsizlik bilan.

Boshqa bir egatda yoshi ellikdan oshgan er-xotinning stulchada o‘tiriiib paxta terishini ko‘rsangiz...  «Bel bo‘lmaydi-da...» deyishadi yerga qarab.

Mikrofon tutgani, savol bergani uyalasiz. Nimani so‘raymiz? Paxta daromadini nimaga ishlatasiz deymizmi? 5 farzandli onalarning savolimizga beradigan javobi aniq-ku. Yoki «Terim tugagach, paxta pulidan qayerga dam olishga borasiz?» deb so‘rasak, o‘rinlimi?

Axir dam olishni xohlagan odam uyida bir piyola choy ichib o‘tirmasmidi dam olib.

Sal naridagi dalada askarlar paxta teryapti ekan. Ularga uzoqdan termulib turgan bolakaylarni gapga soldik. «Soldat bo‘lamiz», deyishadi iljayib.

Soldatlar ham paxta teryapti...

Yana bir ajoyib qizni ko‘rdik. O‘g‘iloy. O‘ziyam o‘g‘il bolalarday kuchli, butun dalaga kayfiyat berib turadigan «yovvoyi» ekan. Har qancha urinsak ham mikrofon tutolmadik. Og‘ir-og‘ir etaklarni bir qo‘lda ko‘tarib chiqa turib ham hazil qiladi. Hamma yerda, har qanaqa sharoitda ham odam o‘zi uchun xursandchilik manbayini, energiyani topa oladi, menimcha.

Bu yerda ayol kishisiz, deb avaylab o‘tirishganini ko‘rmadik. Etak ko‘targan, egilib paxta tergan, tarozida o‘lchaydiganlar safida ham ayollar.

Kun bo‘yi bizga adashib kelib qolganday qaragan, begonasiragan mana shu odamlar kechki payt biz bilan yig‘lab xayrlashdi. «Keng-keng uylarimiz bor, mehmon bo‘lib ketasiz», deyishadi qo‘yarda-qo‘ymay.

Qishloqda bir kun, bor-yo‘g‘i bir kun mehr qo‘yish uchun yetarli. Bu yerda hujjatingizni, propiskangizni ham surishtirib o‘tirishmaydi, hatto qaysi tashkilotdan kelganingizni ham bilmay, bemalol mehr berib ketaverishadi.

Ketayotganimizda bitta amaki kichkina Nokia telefonini cho‘ntagidan chiqarib, «Meni telefonimda qanday ko‘rsak bo‘ladi o‘zimizni», deydi jilmayib...

Kechiring, amaki, sizning telefoningizda, siz paxta terayotgan dalada kun bo‘yi vaqtingizni olib tayyorlaganimiz videolarni ko‘rishning iloji yo‘q.

Zilola G‘aybullayeva.
Kun.uz kundaligi uchun.

Paxta terimidan batafsil videoko‘rsatuvni tez kunda Kun.uz'da kuting.

Mavzuga oid