O‘zbekiston | 13:50 / 28.10.2019
12983
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh o‘rmon xo‘jaligi xizmati bilan Zarafshon to‘qayzorlari oralab ekspeditsiya uyushtirildi

Samarqanddagi Zarafshon milliy tabiat bog‘ida dunyoning boshqa hech qayerida uchramaydigan hayvonot va o‘simlik turlari bor. Ayniqsa, Buxoro xonguli bug‘usi va Zarafshon qirg‘ovuli bog‘ning eng nodir jonzoti hisoblanadi.

Foto: KUN.UZ

Shunga qaramay, bog‘ning turizm sohasidagi ulushi nihoyatda past hisoblanadi. Holbuki, Zarafshon daryosining o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab sharqqa qarab 27 kilometr cho‘zilib ketgan bog‘ hududi 2,5 ming gektar bo‘lib, turli noyob dov-daraxtlar, hayvon-u parrandalarga boy.

Bog‘ning asosiy qismi to‘qaylardan iborat. Shuningdek, chakalak va pichanzorlar ham qamrab olgan. Ko‘plab dorivor va manzarali o‘simliklardan tashqari, 17 turdagi sutemizuvchilar, 170 dan ortiq qush turlari va turli xil sudralib yuruvchilar mavjud.

Mana shunday tabiiy muhitga ega hududda qanday qilib ekoturizm rivojlanmay qolgan?

AQSh O‘rmon xo‘jaligi xizmati vakillari bilan shu savol atrofida muhokama o‘tkazildi. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida o‘tkazilgan mazkur tadbirda Trent Maylam, Hillari Santana, Lara Piterson va Endryu Rid Qo‘shma Shtatlarda ekoturizm sohasi tajribasini so‘zlab berdi.

To‘qayzor va changalzorlar oralab o‘tkazilgan ekspeditsiyada mutaxassislar yo‘l bo‘ylab o‘rmonlarga sayohat uyushtirishni yo‘lga qo‘yishdagi kamchiliklarni ko‘rsatib bordi. Barcha ishtirokchilar bu boradagi takliflarini bildirishdi.

Lara Piterson, Amerikalik mutaxassis:

— Bunday noyob tabiiy muhitda ekoturizm rivojlanmay qolishi mumkin emas. Misol uchun, AQShda bunday bog‘larning bir qismi ma'lum qoidalarni ishlab chiqqan holda sayyohlar uchun ochib beriladi. Tushgan mablag‘ esa sohani yanada rivojlantirishga sarflanadi. Bu yerda ekoturizmni rivojlantirish uchun nimalar qilish kerak? O‘rmon ichiga sayohatdan so‘ng biz avvalo infratuzilmani yaratish bo‘yicha maslahatlarimizni beradigan bo‘ldik. O‘zbekistondagi hamkorlarimiz bilan birga bu borada investitsiyalarni jalb etishni ham o‘ylayapmiz.

Shuningdek, AQSh o‘rmon xo‘jaligi xizmati vakili Endryu Rid ham o‘z mulohazalarini bildirib, yaratish shart bo‘lgan sharoitlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, yo‘l, ko‘rsatkich belgilar, hojatxona kabilarni hal etmasdan ekoturizm haqida o‘ylash og‘ir ekanini ta'kidlab o‘tdi.

O‘zaro suhbatlarda qo‘riqlanadigan hududlar atrofida istiqomat qiladigan aholi xatti-harakatlari bilan bog‘liq bo‘lgan dolzarb muammolarning yechimlari xususida ham tajriba almashildi.

Anvar MUSTAFOYeV,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid