Ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi
“Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi Qonun e'lon qilindi. U olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
Norma’ning yozishicha, hujjat bilan bolalar oziq-ovqat mahsulotlari va ularni ishlab chiqaruvchilarga nisbatan bir qator talablar va cheklovlar joriy etilmoqda.
Birinchidan, reklamada quyidagilarni inobatga olish lozim:
• ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanadi;
• ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar to‘g‘risidagi har qanday axborot ona sutining, shuningdek go‘dakni 6 oygacha oziqlantirishda boshqa taomdan yoki ichimlikdan, shu jumladan suvdan foydalanmasdan faqat ona suti bilan oziqlantirishning foydasi va afzalligi to‘g‘risidagi ko‘rsatmani o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak;
• bola hayotining birinchi yili mobaynida uning ratsioniga kiritilgan qo‘shimcha ovqat mahsulotlari reklamasida bunday mahsulotlar qo‘llanilishining yoshga doir cheklovlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar hamda mutaxassislarning maslahati zarurligi haqidagi ogohlantirish bo‘lishi kerak.
Ikkinchidan, go‘daklar (1 yoshgacha) va kichik yoshdagi bolalar (1 dan 3 yoshgacha) oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va tarqatuvchilarga quyidagilar taqiqlanadi:
• ko‘rsatilgan ovqatlanishga doir ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishni Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishmagan holda amalga oshirish;
• tibbiyot xodimlariga ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan bog‘liq bo‘lgan reklama tusidagi materiallar taqdim etish (bundan ilmiy axborot mustasno);
• ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning nomidan foydalangan holda tovarlarni (tibbiyot xalatlarini, futbolkalarni, bosh kiyimlarini, kanselyariya ashyolarini va boshqalarni) tekin asosda tarqatishga;
• ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar to‘g‘risidagi reklama mahsulotini onalar va ularning oila a'zolari o‘rtasida tarqatishga;
• homilador ayollarga, go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning onalariga hamda ularning oila a'zolariga ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni qo‘llashga yoki idishchalardan oziqlantirishga ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni, shuningdek buyumlar yoki ashyolar tarzidagi biror-bir sovg‘ani berishga. Istisno - ona suti bilan oziqlantirishga tibbiy jihatdan mutlaq moneliklar mavjud bo‘lgan hollar;
• tibbiyot muassasalariga (ona suti bilan oziqlantirishga mutlaq qarshi tibbiy ko‘rsatmalar mavjud bo‘lgan taqdirda ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni beruvchi bolalar uylari va davolash-profilaktika muassasalaridan tashqari) ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni, bundan bolalarni maxsus davolash bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari mustasno, berish.
Uchinchidan, bolalar uchun ishlab chiqariladigan hamda olib kiriladigan, O‘zbekistonda realizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari sertifikatlashtirilishi hamda sifat va xavfsizlik talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
To‘rtinchidan, bunday mahsulotlarga tegib turadigan o‘rov materiallarining (idishlar) qo‘llanilishiga davlat nazorati organlari tomonidan ruxsat etilishi va yaroqlilik muddati ichida har qanday tarzda ifloslanishi va buzilishi imkoniyatini istisno etishi va but saqlanishini ta'minlashi kerak. Oziq-ovqat mahsulotlarining tamg‘asiga (yorlig‘iga) va so‘rg‘ichli idishchalarga alohida talablar belgilangan. Masalan, ulardagi yozuvlar o‘zbek tilida (qo‘shimcha yorliqdan foydalanish mumkin) va zarur bo‘lgan taqdirda boshqa tillarda bo‘lishi kerak, bolaning mahsulotni iste'mol qilishiga ruxsat etiladigan yoshini ko‘rsatish lozim, go‘daklarning fotosuratlari, so‘rg‘ichli idishchalarning suratlari, agar ushbu tasvirlar mahsulotdan foydalanish yoki uni tayyorlash usullarini bevosita ifodalamasa, taqiqlanadi.
Beshinchidan, ishlab chiqarish, tashish, saqlash hamda realizatsiya qilishda albatta sanitariya normalariga, qoidalariga hamda gigiyena normativlariga rioya etiladi. Bolalar uchun mo‘ljallangan, qayta ishlangan mahsulotdan olingan xomashyoni qo‘llash mumkin emas. Bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, yo‘q qilish yoki ulardan oziq-ovqat ehtiyojlaridan boshqa ehtiyojlar uchun foydalanish usullari va shartlari ularning egalari tomonidan nazorat qiluvchi davlat organlari bilan kelishilishi lozim.
Go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun maxsus ajratilgan joylar tashkil etiladi. Ular davlat muassasalari hamda tashkilotlarida, avtovokzallar, aeroportlar va temir yo‘l vokzallarida, madaniy-ko‘ngilochar muassasalarda bo‘lishi shart, biroq boshqa tashkilotlarda ham tashkil etilishi mumkin.
Mavzuga oid
16:16 / 29.11.2024
«Temiryo‘l transporti to‘g‘risida»gi qonun imzolandi
11:50 / 20.11.2024
Prezident: 100 ta emas, 5 ta qonun qabul qilaylik, lekin xalqchil bo‘lsin, xalqimizga xizmat qilsin
17:35 / 18.11.2024
O‘zbekistonda ombudsman to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
09:59 / 13.11.2024