O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan atom energetikasi sohasida hamkorlik qilishi mumkin
O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan atom energetikasi sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, energetika vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zatom” agentligi bosh direktori boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi yadro energetikasi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini aniqlash va atom elektr stansiyalarini qurish tajribasini o‘rganish maqsadida Janubiy Koreyadagi Korea Electric Power Corporation, Korea Hydro & Nuclear Power, Hyundai Engineering and Construction, Doosan Heavy Energy, Korean Nuclear Association kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Shuningdek, delegatsiya dunyoda faoliyat yuritayotgan eng yirik, belgilangan quvvati 7743 MVt ga (birinchi va ikkinchi fazadagi 8 ta reaktor) teng bo‘lgan Kori AES bilan tanishdi.
Kori AESning birinchi reaktori quvvati 607 MVt bo‘lib, u 1977 yilda ishga tushirilgan va 40 yil davomida samarali ishlatilganidan keyin jami 148,6 mlrd. kVt/s elektr energiyasini ishlab chiqarganidan so‘ng to‘xtatilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi AESda umumiy quvvati 2800 MVt ga teng bo‘lgan 5 va 6 energobloklarni borib ko‘rdi (ikkinchi fazadagi). Ushbu reaktorlardan tijoriy maqsadda foydalana boshlash tegishli ravishda 2023 va 2024 yillarga mo‘ljallangan.
Shuningdek, delegatsiya yangi 4-energoblokni (ikkinchi fazadagi) borib ko‘rdi. U 2019 yil 29 avgustda tijoriy foydalanishga topshirilgan edi. Ayni paytda delegatsiya turbina oroli, markaziy operatorlik zonasi, ishlatilgan yadro yoqilg‘isini saqlash zonasini borib ko‘rish orqali faoliyat yuritish va foydalanish jarayonini batafsil o‘rganib chiqdi.
Koreya Respublikasida 4 ta yirik atom elektr stansiyasi mavjud bo‘lib, ularda 25 ta reaktor amal qilmoqda (24 866 MVt), energiya ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinni, AESning belgilangan quvvati bo‘yicha 6-o‘rinni egallaydi.
Bugungi kunda har birining quvvati 1400 MVt (APR) bo‘lgan jami 4 ta reaktorda qurilish jarayoni olib borilmoqda va ular Fukusimadan keyingi xavfsizlik talablariga to‘liq javob beradi.
Eslatib o‘tamiz, Energetika vazirligi mamlakatning energetik xavfsizligini ta'minlash, elektr energiyasi ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va generatsiya sohasining haddan ziyod ko‘mirga bog‘liqligi kamaytirish uchun (2018 yilda tabiiy gaz va ko‘mir hisobidan generatsiyaning 90% ta'minlangan) Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va xalqaro maslahatchilar ko‘magida 2030 yilgacha bo‘lgan mamlakatni yoqilg‘i-energetik ta'minoti konsepsiyasini ishlab chiqdi.
Unda qayta tiklanuvchi energiyaga oid 10 000 MVt.lik yirik obektlar (quyosh, shamol va gidroelektrstansiyalar), shuningdek, 2400 MVt.lik AES qurilishi ko‘zda tutilgan.
Belgilangan loyihalarni samarali amalga oshirilishi va mavjud GESlarni modernizatsiya qilish hisobidan 2030 yilga kelib, generatsiya tarkibida qayta tiklanuvchi energetika ulushi 31 foizni, atom energetikasida 15 foizni tashkil etadi.
Mavzuga oid
19:15
KXDR Rossiya-Ukraina urushida mingdan ortiq harbiysidan ayrilgani ma’lum qilindi
18:22 / 22.12.2024
Yaponiyada AESlar yaqiniga radioaktiv zarralardan himoya qiluvchi palatkalar joylashtiriladi
16:31 / 18.12.2024
Isyonda ayblanayotgan Janubiy Koreya prezidenti politsiya so‘roqiga kelmadi
21:54 / 17.12.2024