Jamiyat | 20:10 / 06.11.2019
8510
4 daqiqa o‘qiladi

«Kontekstdan uzib olingan» - Vazirlik vazir o‘rinbosarining shifokorlar maoshi bo‘yicha savolga javobini to‘liq keltirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi OAV vakillaridan har bir jarayonga, bildirilgan munosabatga nisbatan xolis yondashishni so‘radi.

«Bugungi kunda yurtimizda demokratik islohotlarni jadallashtirish, barcha sohalarda shaffoflikni ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Bunda, shubhasiz, ommaviy axborot vositalarining tutgan o‘rni alohida. So‘nggi paytlarda ular davlat va xalq orasidagi mustahkam ko‘prikka aylanib, mavjud ko‘plab muammo va kamchiliklarning o‘z vaqtida va tezkor yechim topishida o‘zlarining munosib hissasini qo‘shib kelishmoqda.

Shu bilan birga, ayrim OAV tomonidan ba'zi hollarda mavjud jarayon yoki mas'ullar tomonidan bildirilgan fikrning noto‘g‘ri talqin etilishi natijasida odamlarda o‘sha sohaga nisbatan noto‘g‘ri munosabat shakllanib qolmoqda. Jumladan, kuni kecha Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Abduhakim Xadjibayev tomonidan bildirilgan munosabatni ayrim OAV vakillari asosiy kontekstdan uzib olib, umuman boshqa ma'noda talqin qilishgani ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab noo‘rin muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Aslida esa siyosiy partiyalar vakillari tomonidan bildirilgan tibbiyot xodimlari moddiy ta'minotini kuchaytirish xususidagi fikrlarga nisbatan bildirgan munosabat umuman boshqacha mazmunda edi. Unda bildirgan fikrni aynan keltiramiz: «Oxirgi ikki yil ichida shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida faoliyat yuritadigan 500ga yaqin vrachning 160dan ortig‘i xususiy tibbiyot muassasalariga ishga o‘tib ketdi. Asosan yuqori malakali shifokorlar shunday ish tutdi. Bu tabiiy, deb o‘ylayman.

Chunki xususiy klinikalarda oylik maosh katta va salohiyatga talab ham shunga yarasha. Ayni damda sog‘liqni saqlash sohasida 60 mingdan ziyod shifokor ishlaydi. Bir yil ichida ularning oylik maoshi 40 foizga ko‘tarildi. Menimcha, endi sog‘liqni saqlash tizimidagi barcha xodimlarning oylik maoshini birday oshirish kerak emas. Ularning malakasi, o‘sish potensialiga qarab moddiy rag‘batlantirish kerak. Buni vazirlikning o‘zi amalga oshira olmaydi. Parlament bu bo‘yicha qonunlar doirasida aniq mexanizmni ishlab chiqishga ko‘maklashsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi».

Ushbu bildirilgan mulohazaning ma'lum qismini umumiy kontekstdan uzib olib, deyarli teskari mazmunda, asossiz vahima bilan talqin etilishi aholi e'tiroziga va tabiiyki, shifokorlarning ham noroziligiga sabab bo‘ldi. Aslida esa tibbiyotda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar ijrosi yo‘lida tinim bilmay mehnat qilayotgan shifokorlarimiz har qancha qo‘llab-quvvatlashga, ehtiromga munosib. Adolat nuqtayi nazaridan aytadigan bo‘lsak, shifokorlarning mehnati, tajriba va malakasiga qarab rag‘batlantirish lozim. Bu malakali xodimlarning davlat tibbiyot muassasalarida samarali faoliyat yuritishini ta'minlaydi, o‘z ustida doimiy ravishda ishlashiga turtki bo‘ladi, shu bilan birga, yoshlarda ham shifokorlik kasbiga bo‘lgan qiziqishning oshishiga sabab bo‘ladi.

Shu o‘rinda ommaviy axborot vositalari vakillaridan har bir jarayonga yoki bildirilgan munosabatga xolis yondashgan holda, mazmun-mohiyatini aholiga to‘g‘ri va tushunarli tarzda yetkazishga harakat qilishlarini so‘rab qolamiz. Bugungi axborot zamonida to‘g‘ri yondashuv, ma'lumotlarning aniq va xolis bo‘lishi qanchalik muhim ekanini siz, hurmatli jurnalistlar, bizdan ko‘ra yaxshi anglaysizlar», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid