Light | 21:32 / 08.11.2019
20677
6 daqiqa o‘qiladi

«Menga XBOX olib bering!» – Farzand bilan qanday gaplashish kerak?

«Islom moliyasi+» kanalida ona va o‘g‘il dialogi taqdim etildi. Unda bolani ratsional fikrlashga o‘rgatish, muammoga yechim izlashga undash yo‘li ko‘rsatilgan.

Ruhshunos Anna Bikova muallifligidagi dialogdan bolaga moliyaviy savodxonlik asoslarini qanday tushuntirish, farzandlar bilan muloqotda qanday qilib kelishuv yo‘llarini topish borasida ham saboq olish mumkin.

O‘g‘il: Menga XBOX kerak. (XBOX – joystikda o‘ynaladigan multimediaviy o‘yin)
Ona: Nima uchun?
O‘g‘il: O‘ynayman. Bu zo‘r o‘yin.
Ona: Nega hali ham o‘z XBOX'ing yo‘q?
O‘g‘il: Chunki olib bermayapsiz!
Ona: Nima uchun olib bermayapman?
O‘g‘il: Chunki pulingiz yo‘q.
Ona: Pulim umuman yo‘qmi?
O‘g‘il: Bor, lekin uni XBOX uchun sarflamaysiz.
Ona: Nima uchun?
O‘g‘il: Chunki pulni boshqa narsalarga sarflaysiz.
Ona: Qanaqa narsalarga ekan?
O‘g‘il: Ehtimol undan muhimroq bo‘lgan narsalarga.
Ona: Vaziyatni qanday o‘zgartirish mumkin?
O‘g‘il: Pulni kamroq sarflasak-chi?
Ona: XBOX uchun sen nimalardan voz kechishga tayyorsan?
O‘g‘il: Kino va konfetdan.
Ona: Shu tarzda bir oyda qancha tejashing mumkinligini hisoblay olasanmi? 
O‘g‘il: Mingga yaqin.
Ona: Shunda XBOX olish uchun necha oy pul jamg‘arishing kerak?
O‘g‘il: Bir yarim yil.
Ona: Bir yarim yil kuta olasanmi? Bir yarim yil kino va konfetsiz yashash? 
O‘g‘il: Yo‘q.
Ona: Yana boshqa takliflar bormi?
O‘g‘il: Ishlasam-chi?
Ona: 11 yoshdagi bolani qayerga ishga olishadi? Senga kim ish haqi to‘laydi?
O‘g‘il: Hech qayerga. Bilmadim.
Ona: Qanday pul ishlab topishni bilmasang, hali o‘ylab ko‘rmagan bo‘lsang, maqsadga erishish uchun yana nimani taklif qila olasan? 
O‘g‘il: Siz ko‘proq pul ishlab topishingiz kerak.
Ona: Ajoyib. Ayta olasanmi, qanday qilib ko‘proq pul topishim mumkin?
O‘g‘il: Ko‘proq ishlashingiz kerak.
Ona: Buning uchun ortiqcha vaqtni qayerdan topaman?
O‘g‘il: Biror nimani bajarmasligingiz kerak.
Ona: Masalan? Uxlamaslik, ovqat yemaslik, dam olmaslik, ammo bunday qila olmayman. Vaqtim yana nimalarga ketyapti?
O‘g‘il: Do‘konga borasiz, ovqat pishirasiz, idishlarni yuvasiz. 
Ona: Yana-chi?
O‘g‘il: Changyutgich bilan uyni tozalaysiz.
Ona: Yana nimalarni o‘zim qilmasligim mumkin? Mening o‘rnimga bu ishlarni kim bajaradi?
O‘g‘il: Men changyutgichda uylarni tozalab, idishlarni yuva olaman.
Ona: Ajoyib! Idish yuvadigan mashina sotib olmoqchi edim. Uning narxi XBOX'niki bilan bir xil. Agar idishlarni sen yuvsang, bunday mashina menga kerak bo‘lmaydi. Agar XBOX sotib olsak, idishlarni har kuni yuvishga tayyormisan?
O‘g‘il: Albatta!
Ona: Sen idish yuvadigan mashina uchun yana pul to‘plagunimizga qadar yarim yil davomida idishlarni yuvishga tayyormisan?
O‘g‘il: Tayyorman.
Ona: Agar kelishuvni bajarmasang nima bo‘ladi? XBOX olib bersam-u, idish yuvishni istamasang-chi? U holda men qanday yo‘l tutaman?
O‘g‘il: XBOXni mendan olib qo‘sangiz adolatdan bo‘ladi.
Ona: Ikki kunda XBOX joningga tegib, idishlarni yuvmay qo‘ysang-chi? U holda men pulsiz, idish yuvadigan mashinasiz va toza idishlarsiz qolaman. Ana shunda nimani his qilaman? O‘rnimda bo‘lganingda nimani tuygan bo‘larding? 
O‘g‘il: Meni aldashganini his qilardim.
Ona: Seni aldagan odamga ishonishda davom etarmiding? 
O‘g‘il: Yo‘q.
Ona: Bundan keyin ham u bilan biror narsa haqida kelisharmiding? 
O‘g‘il: Yo‘q.
Ona: XBOX olib berganimdan keyin ham boshqa istaklaring mavjud bo‘ladimi? 
O‘g‘il: Albatta.
Ona: Ya'ni XBOXni qo‘lga kiritgach, kelishuvni buzsang, sening keyingi istaklaringni bajarishga harakat qilmasligimni tushunayapsan-a? 
O‘g‘il: Albatta.
Ona: Shartlarni bajarishga senga nima halal berishi mumkin? 
O‘g‘il: Charchab qolishim mumkin.
Ona: Muammoga qanday yechim taklif qilasan?
O‘g‘il: Yakshanba kuni mening idish yuvmaydigan dam olish kunim bo‘la qolsin. 
Ona: Yaxshi. Kelishdikmi?
O‘g‘il: Kelishdik..

Endi esa buni boshqa dialog bilan solishtirib ko‘ring:

O‘g‘il: XBOX olishni istayman.
Ona: Olib beraman, buning evaziga sen yakshanba kunidan tashqari har kuni bir yil davomida idishlarni yuvasan. Agar yuvmasang, men senga boshqa hech narsa sotib olib bermayman.

Bir qarashda kelishuv bir xilga o‘xshab ko‘rinadi. Biroq natija har xil.

Ikkinchi holatda shartlar bolaga katta odam tomonidan majburlab o‘tkazilyapti. Birinchi holatda esa bolaning o‘zi (xulosa chiqarishga yordam beruvchi savollar vositasida) kelishuvga rozi bo‘ldi. Demak, kelishuv shartlariga rioya etishda onglilik va mas'uliyat darajasi yuqori bo‘ladi. Bundan tashqari, bola hayotiy masalani hal etish borasidagi tajribaga ega bo‘ldi.

Mavzuga oid