O‘zbekiston | 19:33 / 09.11.2019
97605
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi tashkil etilgan MMA assotsiatsiyasi rahbarligiga Otabek Umarov saylandi

O‘zbekistonda yangi aralash jang san'ati federatsiyasi tashkil qilindi. Unga Otabek Umarov prezident etib tayinlandi. Ushbu assotsiatsiya tashkil etilganligini tasdiqlovchi hujjat joriy yilning 23 oktyabrida taqdim etilgandi.

8 noyabr kuni Otabek Umarov aralash jang san'atlari assotsiatsiyasi prezidenti sifatida sportchilarning mashg‘ulotlarida qatnashdi. U MMA qoidalariga muvofiq bo‘lib o‘tadigan 20-GFC musobaqasida qatnashadigan polvonlar bilan suhbatlashish uchun Buka GYM sport markaziga tashrif buyurdi. Ushbu musobaqa Toshkentda bo‘lib o‘tadi va u mamlakatimiz tarixida aralash jang san'atlari bo‘yicha birinchi turnir hisoblanadi.

Otabek Umarov sportchilarga murojaatida O‘zbekistonda aralash jang san'atlari assotsiatsiyasi endigina tashkil etilgani va uning zimmasiga katta mas'uliyat yuklanganini ta'kidladi.

MMA dunyodagi eng mashhur sport turlaridan biri. Ushbu sport turi bo‘yicha o‘zbekistonlik ko‘plab sportchilar allaqachon jahon maydonlarida shuhrat qozongan. Aralash jang san'atlari assotsiatsiyasi tashkil etilishi bilan kurashchilar malakali murabbiylar rahbarligida mashq qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, sportchilarning sog‘lig‘i ustidan qattiq tibbiy nazorat o‘rnatiladi, shuningdek, xorijiy musobaqalarda ishtirok etish uchun zarur hujjatlarni olishda yordam ko‘rsatiladi.

Mavzuga oid