Jamiyat | 12:25 / 10.11.2019
92666
5 daqiqa o‘qiladi

Yusuf Estes: «O‘zbekiston ustidan uchib o‘tayotganimni bilgach, parashyut taqib samolyotdan sakrash fikri xayolimga keldi»

Foto: Saudi Press Agency

Facebook foydalanuvchisi Jahongir Bobojonov amerikalik taniqli islom targ‘ibotchisi Yusuf Estes bilan kechgan qisqa suhbati videosini o‘z sahifasiga joylashtirdi.

Suhbatda Estes hech qachon O‘zbekistonga bormagani, ammo bir marta samolyotda shu yerdan uchib o‘tgani haqida gapirib, mamlakatning islom olamida alohida o‘rin tutishini ta'kidlab o‘tgan.

«Uchuvchi biz O‘zbekiston ustidan uchib o‘tayotganimizni, poytaxti Toshkent ekanini aytdi. Shunda yodimga tushib qoldi, axir bu – eng qadimiy Qur'on qo‘lyozmalaridan biri saqlanuvchi muzey joylashgan shahar-ku! Bu – Buxoriyning yurti! Bu – musulmonlar mamlakati, Termiziyning yurti! Va boshqa ko‘p-ko‘p... O‘ylab qoldim, hoziroq parashyut taqib, samolyotdan sakrab qolishimni iloji bo‘lganidami...

U yerga borishni chindan ham xohlayman. Hozircha hech bormaganman, lekin ustidan uchib o‘tganman», – deydi Yusuf Estes.

Yusuf Estes kim o‘zi?

75 yoshli voiz 44 yoshigacha xristianlik diniga e'tiqod qilgan, so‘ng islomga kirib, Jozef ismini Yusufga o‘zgartirgan va islomning faol targ‘ibotchisiga aylangan. U 90-yillarda AQSh qamoqxonalarida mahbuslarga islomiy mavzularda ma'ruzalar o‘qigan, 2000 yili diniy yetakchilar uchun BMT tashkil etgan Jahon tinchlik konferensiyasida qatnashgan.

O‘z avtobiografiyasida yozishicha, Yusuf bolaligidan xristianlik ta'limini olgan. Yoshligidan musiqa sohasida ishlagan, musiqiy tadbirlarni tashkillashtirgan, otasi bilan disklar va musiqa asboblari sotuvchi do‘konlar ochgan, tele va radiodasturlarga asos solgan. Bir nechta shtatlardagi tijoriy faoliyati ortidan, o‘zining aytishicha, millionlab dollar mablag‘ jamg‘argan.

Estes islom haqida dasturlar efirga uzatiluvchi «Guide Us» («Bizga yo‘l ko‘rsat») telekanali asoschisi va rahbari sanaladi. Hozirda pensiyada bo‘lgan islom da'vatchisini turli tashkilotlar va o‘quv muassasalalariga amri ma'ruf uchun chaqirib turishadi.

«Islom olamining taniqli olimlarini O‘zbekistonga taklif qilish kerak»

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning ta'biricha, Yusuf Estes – amerikalik eng taniqli islomiy olim sanaladi. U Estesni O‘zbekistonga taklif qilish kerak, degan fikrda.

«O‘zbekiston turizm sohasi mutasaddilari ushbu vaziyatdan unumli foydalanishi kerak. Uni taklif qilish – O‘zbekistonga nafaqat turistlar oqimini oshiradi, balki Amerika jamoatchilik fikrida «O‘zbekiston - diniy erkinliklar borasida ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotgan davlat» sifatida ham qabul qilinishiga yordam beradi», – deb yozdi Rabbimov Facebook sahifasida.

«Har bir davlatning iqtisodiyotida kuchli tomonlari, ishlatilmayotgan imkoniyatlari bo‘ladi, – deydi Kamoliddin Rabbimov. – O‘zbekistondagi turizm – bu tarixiy, gastronomik va islomiy turizm hisoblanadi. Dunyoda musulmonlar soni 1.7 milliarddan oshmoqda. Birgina Imom Buxoriy va Termiziy nomlarini yaxshiroq tushunish va ularning tarixiy merosini ko‘rish uchun O‘zbekistonga islom dunyosidan millionlab sayyohlar kelishi mumkin».

Uning so‘zlariga ko‘ra, Malayziya va Indoneziyaning o‘zidan O‘zbekistonga islomiy-tarixiy turizm orqali yiliga millionlab sayyohlar kelishi potensiali mavjud. Buning uchun yo‘llarni ochish, biroz reklama qilish va kelgan turistlarni ijobiy taassurot bilan ketishini, boshqalarga targ‘ibot qilishini ta'minlash kerak.

«O‘zbekistonning islomiy-tarixiy turizm sektorini reklama qilish oson. Masalan, Amerikadan eng taniqli islom da'vatchisi Yusuf Estesni, Avstraliyadan Xolid Yosinni, Saudiya, Indoneziya, Malayziya, Turkiya va boshqa ko‘plab musulmon davlatlaridan eng ko‘zga ko‘ringan islom olimlarini u-bu tadbirga taklif qilishsa – ular jon-jon deb kelishadi. Bir xafta, o‘n kun ularga O‘zbekistonni ko‘rsatib, Imom Buxoriy masjidida yoki boshqa salohiyatli joyda u-bu ilmiy tadbir o‘tkazilsa va buni musulmon dunyosiga ko‘rsatsa, yaxshi reklama bo‘ladi», – deya taklif bergan siyosatshunos.

Mavzuga oid