O‘zbekiston | 22:17 / 14.11.2019
7833
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Xalqaro Yevroosiyo arxitektura-qurilish va dizayn maktablari festivali boshlandi

14 noyabr kuni Toshkentda IX Xalqaro Yevroosiyo arxitektura-qurilish va dizayn maktablari festivali boshlandi. 

Festival ilk bor tashkil etilgandan buyon uning geografiyasi, ishtirok etuvchi mamlakatlar soni yil sayin ortib bormoqda. Dastlabki festivalda 7 mamlakatdan 18 ta oliy ta'lim muassasasi ishtirok etgan bo‘lsa, 2018 yilda Yevroosiyo mintaqasidan 18 davlatning 56 universiteti talabalari qatnashdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Turkiya Respublikasi Atrof-muhit va shaharsozlik vazirligi, Toshkent arxitektura-qurilish instituti hamda Qozog‘iston arxitektura-qurilish Bosh akademiyasi va boshqa tegishli idoralar bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur anjumanda Rossiya, Gruziya, Moldova, Vengriya, Bolgariya, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Litva, Italiya, Xitoy davlatlari arxitektura-qurilish va dizaynerlik maktablarining professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari ishtirok etib, o‘zaro fikr, tajriba almashdilar. 

Tadbir ishtirokchilari dastlab Toshkent arxitektura-qurilish instituti faoliyati bilan tanishib, u yerda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga guvoh bo‘lishdi. Jumladan, mehmonlarga bu yerda yoshlarning olgan ilmiy, nazariy bilimlarini amaliy jihatdan yanada takomillashtirishlari uchun berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar xususida atroflicha ma'lumotlar taqdim etildi. 

Festivalning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonning shahar va qishloqlari aholi punktlarining zamonaviy arxitektura qiyofasini shakllantirish, uy-joy va ijtimoiy-maishiy-qurilish ishlarini jadal rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rekonstruksiya qilish hamda yangilash borasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar xususida qatnashchilarga so‘zlab berdilar.

Arxitektura, dizayn, qurilish, shuningdek, qurilish materiallari, mahsulot va konstruksiyalarni ishlab chiqarish, geodeziya va kartografiya, yer qurilishi va kadastr kabi yo‘nalishlarda Yevroosiyo mamlakatlaridan tashrif buyurgan talaba-yoshlar o‘z taqdimotlarini o‘tkazdilar, olgan bilim va malakalarini hakamlar hay'ati oldida namoyish qildilar. 

O‘zbekistonlik talaba-yoshlar o‘z chiqishlarida ma'muriy va maishiy binolarni loyihalashda zamonaviy arxitektura ishlanmalari, binolar maketi, plakat va videolavhalarni namoyish etdilar. 

IX Xalqaro Yevroosiyo arxitektura-qurilish va dizayn maktablari festivali talaba yoshlar uchun tajriba va fikr almashish maydoniga aylandi. Ishtirokchilar qurilish sohasini rivojlantirish bo‘yicha innovatsion tadqiqotlar, arxitektura, dizayn, shaharsozlik, landshaft yo‘nalishlarini takomillashtirish, bino va inshootlarni loyihalashda zamonaviy qurilish materiallari hamda konstruksiyalarni tatbiq qilish borasida atroflicha fikr almashdilar, tajriba orttirdilar. Mutaxassislarning energiya tejamkor binolarni loyihalash, qurish, geodeziya, kartografiya va kadastr sohalarini rivojlantirish, me'morchilik an'analarini keng qo‘llagan holda bino va inshootlarni barpo etish borasidagi taklif va tavsiyalariga, ma'lumotlariga ega bo‘lib, yangi zamonaviy, innovatsion texnologiyalar asosidagi ishlanmalariga guvoh bo‘ldilar. 

Festival doirasida Turkiya Respublikasi atrof-muhit va shaharsozlik vaziri o‘rinbosari Mujahid Demirtash boshchiligidagi delegatsiya vakillari uchun poytaxtimiz markazida qad rostlayotgan «Tashkent Sity» majmuasiga ekskursiya tashkil etildi.

Festival ishtirokchilari uchun Samarqand va Buxoroga sayohat uyushtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular bu shaharlarning bebaho arxitektura yodgorliklari bilan yaqindan tanishtiriladi. 

Mavzuga oid