O‘zbekiston | 17:41 / 16.11.2019
34349
11 daqiqa o‘qiladi

3ta xususiy bandlik agentligiga jinoiy ish ochilgan, 8ta litsenziya bekor qilingan – soha rasmiysi bilan suhbat

Sarvar Karimov

O‘zbekistonda 2018 yildan boshlab, xususiy bandlik agentliklari faoliyatiga ruxsat berilgan edi. Ammo joriy yilning o‘rtalariga kelib, bir nechta XBAlarga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgani fuqarolarda ularga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otmoqda.

Kun.uz muxbiri ayni mavzuda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Sarvar Karimov bilan suhbatda bo‘ldi.

– Hozirgacha nechta xususiy bandlik agentligiga litsenziya berildi? Ular viloyatlar kesimida qanday ko‘rsatkichga ega?

– 2018 yil 30 noyabrdan hozirgi kunga qadar 90ta xususiy bandlik agentliklari davlat reyestriga kiritilgan, shundan 66ta XBAga fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bilan shug‘ullanish uchun litsenziya berilgan.

Lisenziya olgan XBAlar soni viloyat kesimida quyidagicha: Toshkent shahri – 32 ta, Samarqand viloyati – 9 ta, Farg‘ona viloyati - 5 ta, Andijon viloyati – 8 ta; Navoiy, Namangan, Buxoro va Xorazm viloyatlarida bittadan.

– Lisenziya olgan XBAlardan qanchasining faoliyati tugatildi, qanchasiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi?

– O‘tgan davr davomida faoliyatini to‘g‘ri boshqara olmaganligi, o‘z tashabbusi yoki qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yganliklari uchun 8ta xususiy bandlik agentligining litsenziyasi bekor qilingan, 3ta XBA litsenziyasi vaqtinchalik to‘xtatilgan va 3ta XBAga jinoyat ishi ochilgan.

– Hozirgi kunda XBAlar tomonidan fuqarolar aynan qaysi davlatlarga ishga yuborilmoqda? Bu boradagi statistik ma'lumotlar qanday?

– Hozirgi kunda XBAlar tomonidan chet elga ishga yuborilgan fuqarolar soni 1876 nafar bo‘lib, bulardan 1005 nafari Rossiya Federatsiyasiga, 529 nafari Turkiya, 6 nafari BAA, 6 nafari Bolgariya, 6 nafari Estoniya, 5 nafari Isroil, 72 nafari Latviya, 213 nafari Litva, 25 nafari Polsha, 1 nafari Qatar, 2 nafari Qozog‘iston, 1 nafari Ummon, 5 nafari Yaponiya davlatiga to‘g‘ri keladi.

– O‘zbekiston XBAlar tashkil etilishi va ular faoliyat yuritishiga qanchalik tayyor edi?

– O‘zbekistonda XBAlar tashkil etilishiga asosiy sabablardan biri – chet elga uyushmagan mehnat migratsiyasining katta oqimi mavjudligi, 2018 yilga qadar qonuniy mehnat migratsiyasi uchun bozor mavjud emasligi va shu kunga qadar bozor monopollashtirilganligi edi.

Bozorda bepul xizmat ko‘rsatayotgan bitta vazirlik rasmiy vakilining mavjudligi barcha fuqarolarning talab va takliflarini qondira olmaydi, ish beruvchilarni ishsiz mehnat kuchi bilan ta'minlashga jismonan imkoniyat mavjud emas edi.

Monopol davlat organi xizmatlarni ko‘rsatish, yo‘nalishni diversifikatsiya qilishni va boshqalarni moslashuvchanligini ta'minlay olmas edi. Natijada Xalqaro mehnat migratsiyasi va Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari talablari bajarilmay kelayotgandi.

Alohida ta'kidlaydigan bo‘lsak, mehnat bozoriga yana bir tadbirkorlik sub'yektining kirib kelishi ta'minlanishi maqsad qilingan. 

Natijada, odamlar noqonuniy mehnat migratsiyasini tanlamasdan, tasdiqlanmagan ma'lumot manbalaridan foydalanib, boshqa davlatga sayohat qilmasdan, aniq qayerga borishlari, nima bilan shug‘ullanishlari va hokazolarni bilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ish joyida ijtimoiy va yashash sharoitlari eng minimal standartlarga ham javob bermaydigan, oqibatida mehnat muhojirlari jinoiy yoki ekstremistik guruhlar ta'siriga tushib qolishlari, mehnat huquqlarini buzilishi va sifatli tibbiy yordam yo‘qligi tufayli aziyat chekish holatlarining qisman bo‘lsa-da oldi olindi.

Bugungi kunda respublikamizda jami 58ta xususiy bandlik agentliklari litsenziya asosida faoliyat yuritib kelmoqda. Albatta, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, boshqa sohalarda mavjud kamchiliklar singari bu sohada ham muammolar va kamchiliklar yuzaga keldi. Uning oldini olish va o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rib kelinmoqda. Xususan, Qonunga yangi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida takliflar tayyorlandi va xalqning keng muhokamasiga qo‘yildi.

– XBAlar faoliyati qanday monitoring qilinadi?

– Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tuzilmasida Xususiy bandlik agentliklari va bilimni baholash markazlari faoliyatlarini litsenziyalash hamda monitoring qilish boshqarmasi mavjud. Bu boshqarma litsenziya olish uchun ariza bilan murojaat etgan yuridik shaxslarning hujjatlarini ko‘rib chiqish, qabul qilish, litsenziya berish uchun vakolatli organga xulosa tayyorlash, belgilangan taribda ulardan hisobot olish, umumlashtirish va ularning faoliyati bo‘yicha tahliliy ma'lumotlar tayyorlaydi va monitoringini yuritadi.

O‘tgan davr davomida 20dan ortiq marotaba XBAlar bilan seminar, uchrashuv va konferensiyalar o‘tkazildi. 8ta XBAning faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazildi va tegishli choralar ko‘rildi.

– Agentlikka XBAlar orqali xorijga ishga ketib, u yerdan turli muammolarga duch kelgan fuqarolardan murojaatlar ham tushadimi?

– Xususiy bandlik agentliklari tomonidan chet elga ishga yuborilgan va u yerada turli muammolarga duch kelgan fuqarolar tomonidan tashqi mehnat migratsiya agentligi va xususiy bandlik agentliklari nomiga shikoyat va arizalar kelib tushish holatlari kuzatiladi. Shikoyat va arizalarning asosiy mazmuni – yashash sharoitlari talabga javob bermasligi, belgilangan oylik maoshlari kechiktirilishi va og‘ir mehnat sharoitlaridan noroziligidan iborat.

Bunday noxush holatlarni bartaraf etish agentlik vakolatxonalari orqali yoki Tashqi ishlar vazirligi bilan birga tegishli choralar ko‘rilishini ta'minlab kelmoqdamiz.

O‘tgan davr davomida 355 ming AQSh dollaridan ortiq miqdordagi undirilmagan ish haqlari undirilishida yordam ko‘rsatdik. Og‘ir ahvolga tushib qolgan va o‘z huquqlarini bilmaganliklari oqibatida xorijiy davlatlarning Ichki ishlar idoralarining mahsus saqlash markazlaridan jami 2024 fuqarolarimizni vataniga qaytarishga erishdik.

– «Human» XBA faoliyatidagi holat internetda katta bahslarni keltirib chiqardi. Ammo tashqi mehnat migratsiyasi ommaga bu haqda biror bayonot bilan yuzlanmadi va haligacha sukutda.

– To‘g‘ri, bugungi kunda nafaqat «Human xususiy bandlik agentligi» MChJ faoliyati bo‘yicha balki, «Profelite IMP xususiy bandlik agentligi» va «Korean and migrations xususiy bandlik agentligi» MChJlar rahbarlari va xodimlari faoliyatida jinoiy alomatlar mavjud, degan xabarlar bor. Ammo qonunlarimizni bilasiz, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda surishtiruv-tergov ishlari olib borilmoqda va qonunbuzarlar jazosiz qolmaydi. Shu bilan birga, ularni jinoyatchi yoki qonunni buzgan deyish uchun sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bo‘lishi kerak. Sudning hukmisiz hech kim boshqa bir shaxsga aybdorsan deyishga haqqi yo‘q.

Bu borada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutaxassislari tergov ishlarini olib borishda so‘ralgan barcha ma'lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etib borishmoqda. Shuningdek, fuqarolarimizni ogohlikka chaqirish maqsadida joriy yilning 4 noyabrida O‘zbekiston televideniyesida tashkil etilgan «Munosabat» ko‘rsatuvida vazirlik va agentlik xodimlari ishtirok etib, o‘z fikrlarini bayon qilgan. Videoroliklar tayyorlanib, tegishli idoralarga taqdim etilgan.

– XBAlarga katta miqdordagi mablag‘ga chuv tushgan fuqarolarning mablag‘larini qaytarishda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi qanchalik ko‘maklasha oladi?

– Albatta, agentlik ushbu fuqarolarga vakolat doirasida yordam ko‘rsatishga tayyor. Ayrim jabrlangan fuqarolarning o‘z xohish, istak va irodasiga asosan ularni boshqa XBAlar orqali ko‘zlangan maqsadlariga, ya'ni xorijda ish topib berib, yuborishga bepul erishishga harakat qilmoqdamiz. Hozirgi vaqtda ana shunday 40 nafar fuqarolar bilan o‘zaro kelishuvlarni amalga oshirmoqdamiz.

Mablag‘larini qaytarishga keladigan bo‘lsak, tergov organlari jinoyat sodir etishda gumonlanganlarning mol-mulklari va hisob raqamidagi mablag‘lariga band solgan. Noqonuniy o‘tkazmalarini qaytarish choralarini ko‘rmoqda. Jami mablag‘lar fuqarolarning ko‘rgan zararlarini qoplashga yo‘naltiriladi. 

– XBAlar fuqarolar bilan tuzayotgan shartnoma qanchalik talabga javob beradi?

– Qonunga muvofiq, O‘zbekistondan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar xususiy bandlik agentligi va ish qidirayotgan shaxs o‘rtasida tuzilgan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma asosida ko‘rsatilishi belgilangan.

Unga ko‘ra, shartnoma quyidagilarni o‘z ichiga olishi lozim:

  • xizmatlarning mazmuni;
  • xizmatlar ko‘rsatish muddatlari;
  • xizmatlar ko‘rsatilganligi uchun haq to‘lash miqdori va shartlari;
  • shartnoma taraflarining huquq va majburiyatlari;
  • shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun taraflarning javobgarligi;
  • shartnomani bekor qilish tartibi va shartlari;
  • shartnoma majburiyatlari bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda pul mablag‘larini qaytarish tartibi;
  • O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilgan taqdirda, xususiy bandlik agentligida litsenziya mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar, litsenziyaning tartib (ro‘yxatdan o‘tkazish) raqami va berilgan sanasi ko‘rsatilgan holda tuzilishi belgilangan.

Ayrim XBAlarning shartnomalari ushbu modda talablariga to‘liq javob bermaydi. Shu sababli XBAlarga yuridik tomondan ko‘maklashish, noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish hamda fuqarolarning huquqlari cheklanib qolinishini oldini olish maqsadida shartnoma namunasi hukumat tomonidan tasdiqlangan. Mazkur namuna asosida shartnomalar tuzilgan bo‘lib, taraflar ixtiyoriga asosan imzolangan.

Mavzuga oid