Jamiyat | 12:10 / 17.11.2019
157076
7 daqiqa o‘qiladi

Qonunlar mansabdorlar foydasi uchun ishlashini ko‘rsatuvchi 6ta fakt

Vahobov va muxbir ishi bo‘yicha yana bir shingil...

Xalqimizda «Boy jinoyat qilsa — sho‘xlik, kambag‘al sho‘xlik qilsa — jinoyat», degan naql bor. Bu so‘zlar bejiz yaralmagani-yu avlodlar osha bugungi zamonamizga qadar o‘tib kelayotganiga so‘nggi kunlardagi bo‘lib o‘tgan voqealar davomida yana bir bor amin bo‘ldik.

Xabaringiz bor, Toshkent shahar prokuraturasi Olmazor hokimining sobiq o‘rinbosari va Kun.uz muxbiri o‘rtasida kechgan mojaroda neytral qolishni ma'qul topdi. A.Vahobovning muxbirga nisbatan ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat qilgani faktini yetarli darajada tasdiqlovchi video va audio dalillarga ko‘z yumildi.

Shu o‘rinda, e'tiboringizga qonunlarning ko‘proq mansabdor shaxslar manfaatlari uchun ishlashini (aniqrog‘i foydalanilishi) tasdiqlovchi, birgina 2019 yilning o‘zida sodir bo‘lgan olti faktni havola etmoqni lozim topdim. Bu orqali hokimiyat vakillari yoki boshqa organlar faoliyatiga nisbatan ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirgan shaxslarga qanday choralar qo‘llangani va qo‘llanmaganini yodga olamiz.

1-fakt. 2019 yil sentabr. Jabrlanuvchi: hokim

Bloger Nodirbek Hojimatov 2019 yil sentabr oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonovga nisbatan Shahrixon tumani «Qum» QFY hududida «Obod mahalla» Davlat dasturi doirasidagi ishlar sifatsiz amalga oshirilgani va pullar o‘zlashtirib yuborilganini aytib unga nisbatan tuhmatdan iborat xabarlarni tarqatgan.

2019 yil 12 sentabr kuni Shahrixon tuman ma'muriy sudi qarori bilan bloger hokimga nisbatan tuhmat (MJtK 40-moddasi) qilgan deb topildi va unga 13 sutka ma'muriy qamoq jazosi qo‘llandi.

2-fakt. 2019 yil oktabr. Jabrlanuvchilar: hokimlik va ichki ishlar idoralari

Bloger Mavlonbek Abbosov ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifasi orqali ichki ishlar organlari va hokimlik tizimini tanqid qilgan.

«IIB xodimlarini, fermerlarga raznorabochiy qilib bo‘lib berish vaqti kelmadimi? 28 yildan beri bularni xalq tekinga boqyapti. IIB xodimlari, paxtaga olib ketishayotganidan nolib davlatdan norozi bo‘libdilar. Bular davlatga xiyonatni ochiqchasini boshladimi deyman? Bular nima qo‘zg‘olon ko‘tarmoqchimi?» — deya izoh qoldirgan edi Mavlonbek Abbosov 2 oktabr kuni Ichki ishlar organi xodimlarining paxtaga chiqmaymiz, deb tarqatgan video ostida.

Kosonsoy tuman ma'muriy sudining 2019 yil 11 oktabr kungi qarori (MJtK 40-moddasi)ga ko‘ra, M.Abbosovga 12 sutkalik ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.

3-fakt. 2019 yil iyun. Jabrlanuvchi: hokim

Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumanida faoliyat yurituvchi «Olimboy hoji» chorvachilik fermer xo‘jaligidagi mavjud muammolar haqida Kun.uz sayti orqali e'lon qilingan maqolani hokim I.Novikov o‘ziga nisbatan tuhmat deb qabul qildi va fermer ustidan ichki ishlar bo‘limiga shikoyat qildi. Vaholanki, fermerning murojaatida Yevropadan olib kelgan zotdor qoramollari hokimlik tomonidan o‘z vaqtida yer ajratib berilmagani oqibatida ochlikdan nobud bo‘layotgani bayon etilgan edi.

Oqibatda ma'muriy sud qarori bilan Abdumannob Qosimov hokimga nisbatan tuhmat (MJtK 40-moddasi) qilgan deb topildi va eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida ma'muriy jarimaga tortildi.

4-fakt. 2019 yil mart. Jabrlanuvchi: hokimlik

Fuqaro  ​Q.S.​ odnoklassniki.ru​ ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga videomurojaatini joylab, unda Xonqa tuman hokimini davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan til biriktirib, uni va akasi E.S.ni ​noqonuniy dalillar to‘platib qamatib yuborgani​ni iddao qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonqa tumani sudining hukmi bilan fuqaro Q.S.

1 yil-u 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.​ 

Ko‘rib turganingizdek, mahalliy hokimlik va boshqa davlat tashkilotlari o‘z sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini yerga urdirib qo‘ymadi, ularga qarshi so‘z aytganlarning «ta'zirini berib, burnini yaxshilab yerga ishqalab qo‘ydi».

5-fakt: 2019 yil iyun. Jabrlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri (A.Shodmonov)

Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 9 iyun kuni o‘tkazgan yig‘ilishda bir qancha mansabdorlarni ochiqchasiga haqorat qildi. Haqoratlanganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ham bor edi.

Biroq, respublikada qonunlar aniq va bir xilda ishlashini ta'minlash uchun mas'ul bo‘lgan prokuratura idoralari bu vaziyatda har doimgidek sukut saqlashni afzal bildilar. Masala suvga tushgan toshdek yo‘q bo‘lib ketti.

6-fakt. 2019 yil avgust-noyabr. Jabrlanuvchi: muxbir (jurnalist)

Olmazor tuman hokimining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobov 14 avgust kuni Kun.uz muxbirlariga tashlanib, tom ma'noda sharmanda bo‘lganidan so‘ng, oradan bir kun o‘tib, shahar hokimligi matbuot xizmati xodimiga videointervyu berdi va unda Kun.uz muxbiri Rahmatillo Isroilov undan katta miqdorda pora evaziga restoran qurish uchun 1 gektar yer ajratib berishni so‘ragani, bunga rozi bo‘lmagani uchun 14 avgust kungi voqealarni atayin uyushtirganini da'vo qildi. Vahobov gapi orasida muxbir uni va hokimni uch kunda ishdan oldirib yuborish bilan tahdid qilganini aytdi.

Kun.uz e'lon qilgan videoda (tahririyat ushbu videoni voqea yuz bergan dastlabki kunlardayoq prokuraturaga taqdim etgan) esa Vahobovning gaplari qanchalar yolg‘onligi va muxbirga nisbatan tuhmatligi to‘la o‘z aksini topdi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Biroq, Toshkent shahar prokuraturasi bunday hisoblamadi. Poytaxt prokuraturasidagi mas'ullarning fikricha, Vahobovning ishdan olinishi uning uchun yetarli jazo: muxbir Rahmatillo Isroilov mansabdor shaxs Abdurasul Vahobovga pora taklif qilmagan, lekin Vahobov unga tuhmat qilmagan... Siz biror narsa tushundingizmi?

So‘zimni maqol bilan boshlagan edim. Ruxsat bersangiz yana bir maqol bilan yakunlasam. Xalq orasida «qalovini topsang, qor ham yonadi», degan maqol bor. Kim bilsin, balki Vahobovda qorni ham yondira oladigan chaqmoq tosh bordir. Albatta, bu mening farazim, birorta guvohim yo‘q. Men o‘z fikrimda, Toshkent shahar prokuraturasi o‘z fikrida qolishi mumkin...

Shuxrat ShOKIRJONOV,

jurnalist

Mavzuga oid