Jamiyat | 16:44 / 19.11.2019
14617
2 daqiqa o‘qiladi

SSV kolbasa mahsulotlari kuydirgi kasalligi keltirib chiqarishi haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent shahrida qassobchilik bilan shug‘ullangan fuqaroning kuydirgi kasalligidan o‘lganligi va ushbu kasallik bilan zararlangan go‘sht Toshkent shahridagi kolbasa ishlab chiqarish sexlariga tarqatilgani, shu bois kolbasa va sosiska mahsulotlarini iste'mol qilmaslik lozimligi haqidagi asoslanmagan audio murojaat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan atroflicha o‘rganilib, quyidagilarni ma'lum qiladi.

Ma'lum bo‘lishicha, oxirgi oylarda vazirlik tasarrufidagi shifoxonalarga kuydirgi kasalligi alomatlari bilan aholi tomonidan hech qanday murojaatlar bo‘lmagan va o‘lim holati umuman qayd etilmagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatovning qayd etishicha, kuydirgi kasalligini tashqi muhitda (tuproqda) o‘ta chidamli bo‘lgan bakteriya qo‘zg‘atadi. Ushbu kasallik, asosan, terida ochiq yaralari bo‘lgan inson tomonidan kasallangan chorva mollarini so‘yish jarayonida yuqishi mumkin. Kasallik odamlarda asosan terida yara shaklida, hayvonlarda esa septik shaklda uchraydi. Mazkur kasallik hayvonlardan odamlarga yuqadi, kasal odamdan sog‘lom odamga yuqmaydi.

Qolaversa, yuqori darajadagi haroratda ishlov berilgan barcha oziq-ovqat mahsulotlarida kuydirgi kasalligi mikroblari nobud bo‘lib, kasallik keltirib chiqarish xususiyati yo‘qoladi. Ya'ni kolbasa va sosiska mahsulotlari tayyorlanish jarayonida kuchli termik ishlovdan o‘tkazilishi natijasida go‘sht mahsulotidagi barcha turdagi mikroblar, jumladan, kuydirgi qo‘zg‘atuvchilari ham nobud bo‘ladi. Shu bois ham kolbasa mahsulotlari kuydirgi kasalligini keltirib chiqarmaydi.

Aholidan bu kabi asoslanmagan xabarlarga, turli mish-mishlarga ishonmasliklarini, bu borada umuman xavotirga o‘rin yo‘q ekanligini ta'kidlamoqchimiz.

Mavzuga oid