Jamiyat | 08:35 / 19.11.2019
23613
3 daqiqa o‘qiladi

Tergov departamenti Oltiariqdagi portlash bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlarni ma'lum qildi

Foto: Tergov departamenti

Avval xabar qilinganidek, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani H.Olimjon mahallasidagi ikki qavatli uylarning birida gaz sizib chiqishi oqibatida gaz portlashi sodir bo‘lgan edi. 

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, ushbu gaz portlashi xonadon egasi I.X.ning yashash uyida iste'moli uchun qo‘lbola usulda shlang va plastik quvur orqali olib kirilgan tabiiy gazning sizib chiqqanligi va gaz hidi kelib turganligini bilib, xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasdan elektr chirog‘ini yoqishi natijasida kelib chiqqanligi aniqlangan.

Mazkur gaz chaqnashi oqibatida, xonaning shift qismi yonib ketgan va xonadon egasi I.X. Oltiariq tumani Tibbiyot birlashmasining ShTTYoBga murojaat qilgan.

Tibbiyot birlashmasining ma'lumotnomasiga asosan fuqaro I.X.da yuz, ikkala kaft barmoqlari sohalari kuyish jarohatlari olganligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Tergov tezkor guruhi tomonidan hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida gaz trubalarini ulashda foydalanilgan qora rangli plastik shlang ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan Oltiariq tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar! Bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida, Sizlardan uydan chiqayotganingizda va uyga kelganingizda birinchi navbatda xonada yoki gaz plitangizdan gaz sizib chiqqan yoki chiqmaganligiga e'tibor berishingizni hamda elektr chiroqlarini yoqishdan avval xona havosini almashtirishingiz so‘raladi.

Shu munosabat bilan, bunday ko‘ngilsiz hodisalarni oldini olish maqsadida quyidagi yong‘in xavfsizlik talablariga rioya qilishingizni so‘raymiz:

qo‘lbola va nosoz gaz isitish moslamalaridan foydalanmang;

oshxonada o‘rnatilgan tabiiy gazda ishlovchi gaz plitalardan xonalarni isitish maqsadida foydalanmang;

isitish moslamalari yaqinida yonuvchan buyumlarni saqlamang;

gaz uskunalarini ulashni tartib qoidalariga qat'iy rioya qiling va ularga rezina shlangalar orqali ulanishga yo‘l qo‘ymang;

agarda xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan aslo foydalanmang, darhol xonani shamollating hamda gaz xizmatiga zudlik bilan xabar bering.

Ushbu qoidalarga rioya etish bilan Siz o‘zingiz va yaqinlaringizni hamda uy-joyingizni ko‘ngilsiz hodisalardan saqlagan bo‘lasiz”, - deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid